O‘zbekiston sudlariga murojaat qilishda ochiqlik va shaffoflik
2026-02-05 17:00:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston sudlariga murojaat qilishda ochiqlik va shaffoflik
Bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasida sud-huquq tizimini isloh qilish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib, unda fuzarolarni sudlarga murojaat qilishda ochiqlik, shaffoflik va adolat prinsiplarini ta’minlash muhim ahamiyat kasb etadi. Bu yo‘nalish nafaqat fuqarolarning huquq va erkinliklarini kafolatlash, balki jamiyatda sud tizimiga bo‘lgan ishonchni mustahkamlashga xizmat qiladi.
O‘zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi “Sudlar to‘g‘risida”gi Qonunida sudlar faoliyatida shaffoflik bilan fuqarolarning sudlarda ko‘rilayotgan ishlar to‘g‘risida ommaviy axborotga ega bo‘lishi kafolatlangan. Xususan, qonun darajasida sud jarayonlarida ochiq eshituvlar tamoyili belgilangan bo‘lib, bu sud qarorlari jamoatchilik uchun ochiq holatda qabul qilinishini ta’minlaydi, shuningdek fuqarolarning sud qarorlariga murojaat qilish va ularni bilish huquqi himoyalanadi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 3 sentyabrdagi “Sud hokimiyati organlari faoliyatini raqamlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori sudlar faoliyatini elektronlashtirishni yo‘lga qo‘ygan hujjat sifatida muhim o‘rin tutadi. Ushbu qaror “Raqamli sud” konsepsiyasini joriy etish orqali sud jarayonlarini raqamli platformalarda yuritishni ta’minlab, fuqarolarga o‘z ishlarini elektron tarzda kuzatish, sud eshituvlarida ishtirok etish, sud qarorlarini onlayn olish imkonini yaratadi.
Amaliyotda bu shaffoflik mexanizmlari quyidagicha amalga oshirilmoqda:
E-SUD elektron sud tizimi joriy etilib, sud ishlarini tezkor va ochiq yuritish imkoniyati yaratildi. Bu tizim orqali fuqarolar o‘z ishlarini onlayn kuzatishi, hujjatlarni yuborishi va sud qarorlaridan xabardor bo‘lishi mumkin.
Sud qarorlarini muntazam e’lon qilish tartibi joriy etildi — Oliy sud hamda boshqa instansiyalardagi sud qarorlari internet tarmog‘ida ommaga taqdim etiladi, bu orqali jamoatchilik sud amaliyotini kuzatib boradi.
Videokonferensaloqa orqali eshituvlar yo‘lga qo‘yilib, fuqaro o‘zi uchun qulay joydan sud jarayonida ishtirok etishi mumkin. Bu ayniqsa chekka hududlarda yoshlar va faol fuqarolar uchun qulaylik yaratadi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan sud tizimining ochiqligi va shaffofligiga oid konseptual islohotlar ham davom etmoqda. Xususan, 2025-yil 26 dekabr kuni Murojaatnomada sud tizimini raqamlashtirish va fuqarolarga huquqni amalga oshirishda to‘liq imkoniyat yaratish davlat islohotlarining ustuvor yo‘nalishi deb e’tirof etildi.
Yuqoridagilardan kelib chiqadiki, ochiqlik va shaffoflik fuqarolarning sud tizimiga murojaat qilish huquqlarini kengaytiradi, sud jarayonlari to‘g‘risida ommaviy axborot olishni kafolatlaydi va raqamli vositalar orqali sud egalari uchun adolatli, tezkor va ishonchli xizmatlar ko‘rsatadi.
