Korrupsiyaga yo‘l qo‘yish – islohotlarimizga xiyonat
2026-01-12 14:00:00 / Yangiliklar

Munosabat
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan navbatdagi Murojaatnomasi mamlakatimiz taraqqiyotining yangi bosqichini belgilab berdi. Ushbu Murojaatnomada ayniqsa mamlakat rivojiga to‘siq bo‘ladigan korrupsiya illatiga qarshi kurashish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan.
Albatta, Davlatimiz rahbari tomonidan bildirilgan har bir tashabbus avvalo inson qadri, jamiyat barqarorligi va davlat kelajagini ta’minlashga qaratilgani bilan muhim ahamiyatga ega.Prezidentimiz «Mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha 2026-yilda «favqulodda holat» e’lon qilamiz: Barcha idoralarda korrupsiyaga qarshi yangi nazorat tizimi joriy etiladi. Takrorlab aytaman. Korrupsiya – davlat taraqqiyotiga to‘siq bo‘ladigan, adolat va qonun ustuvorligini izdan chiqaradigan, jamiyatda ishonch muhitini zaiflashtiradigan eng og‘ir xavf. Korrupsiyaga yo‘l qo‘yish esa – islohotlarimizga xiyonat hisoblanadi, deb ta’kidladi.
Unda davlat idoralaridagi korrupsiya va qonunbuzilishlarni bartaraf etish maqsadida Komplayens xizmati faoliyatiga katta e’tibor qaratilib, Prezident Administratsiyasining Komplayens xizmati ushbu tizimni 1-yanvardan boshlab barcha davlat organlari va tashkilotlarida ishga tushirib, jilovni mahkam qo‘lga olishi topshirildi.
Komplayens xizmati faoliyatiga to‘sqinlik qilganlar – korrupsiyaga sherik, deb baholanadi. Lavozimidan qat’i nazar, poraxo‘rlik va tamagirlik bo‘yicha har bir holat yuzasidan Prezident Administratsiyasi Komplayens xizmati shaxsan Prezidentimizga axborot kiritib boradi.Yana bir muhim yangilik, barcha idoralarda komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazoratga mas’ul o‘rinbosar lavozimi joriy etiladi hamda Hisob palatasining vakili faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Ularga tizimdagi nopok shaxslarni aniqlash, shuningdek, byudjet mablag‘lari talon-toroj qilinishi va lavozimidan foydalanish holatlarining oldini olish bo‘yicha ta’sirchan nazorat o‘rnatish hamda Prezident oldida hisobot berish vazifasi qo‘yildi.Murojaatnomada ta’kidlanganidek, davlatning har bir so‘m mablag‘i, resursi bo‘yicha shaxsiy javobgarlik kuchaytiriladi. «Lavozimim, unvonim bor, menga hech kim tegmaydi», deganlar adashadi. Qonun oldida hamma teng! Ichki ishlar, prokuratura, soliq, bojxona, moliya, bank, yirik davlat kompaniyalari, vazirlik va hokimliklar, bir so‘z bilan aytganda, bironta idora va tashkilot nazoratdan chetda qolmaydi.
Korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasidagi davlat siyosatini izchil davom ettirish, mamlakatimizning xalqaro reyting va indekslardagi o‘rnini yanada yaxshilash hamda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi faoliyatini yangi bosqichga ko‘tarish maqsadida Prezidentimizning 2025-yil 30-dekabrdagi «O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida»gi farmoni qabul qilinishi mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashishni ortga qaytmaydigan yangi bosqichga olib chiqadi, desak, haqiqatni aytgan bo‘lamiz.
Farmonda korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasidagi davlat siyosatini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarishning 2030-yilgacha bo‘lgan ustuvor yo‘nalishlari ko‘rsatilgan.Xususan, davlat organlari va tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi kurashishning professional va samarali tizimini tashkil etish, korrupsiyaning oqibatlari bilan kurashishdan korrupsiyaviy omillarni erta aniqlash va preventiv mexanizmlarni joriy etish orqali tizimli korrupsiyaviy holatlarning oldini olish, raqamli texnologiyalar, shu jumladan, sun’iy intellektni joriy etish va ulardan samarali foydalanishni kengaytirish, davlat organlari va tashkilotlari faoliyatida ochiqlik siyosatini izchil davom ettirish va doimiy takomillashtirib borish vazifalari ko‘rsatilgan.
Ta’kidlash joizki, farmon bilan «Korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasidagi davlat siyosatini amalga oshirishni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarishga qaratilgan chora-tadbirlar rejasi» tasdiqlandi.
Korrupsiya omillarini aniqlash va bartaraf etish samaradorligini oshirish maqsadida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida preventiv mexanizmlarni joriy etishga qaratilgan bir qator qo‘shimcha vazifalar ham yuklatildi.Xususan, korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha davlat organlari va tashkilotlarida yagona huquqni qo‘llash amaliyotini shakllantirish va uslubiy yordam ko‘rsatib borish, korrupsiyaga qarshi Milliy sertifikatlashtirish menejment tizimini joriy etish, amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarni korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazish va ulardagi korrupsiya xavf-xatarlarini bartaraf etish, «E-qaror» tizimida qabul qilinadigan hujjatlarni e’lon qilishda shaffoflikka oid qonunchilikka rioya etilishini nazorat qilish, xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlari mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan loyihalar bo‘yicha qarorlar qabul qilishda korrupsiyaviy omillar, shu jumladan, manfaatlar to‘qnashuvini aniqlash va oldini olish va boshqa vazifalar belgilangan.
Ta’kidlash joizki, korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmalari xodimlariga ularning vazifa va funksiyalari bilan bog‘liq bo‘lmagan topshiriqlar yuklatilishiga yo‘l qo‘yilmaydi, shuningdek, mazkur ichki nazorat bo‘linmalari xodimlarini intizomiy javobgarlikka tortish Agentlik bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi hamda ichki nazorat bo‘linmalari xodimlari davlat organlari va tashkilotlarining o‘z mablag‘lari hisobidan reja-jadvalga asosan maxsus o‘quv kurslarida o‘qitiladi.
Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmalarining mas’ul lavozimlariga yurisprudensiya, iqtisodiyot, moliya, soliq, audit, tizimli tahlil, menejment yoki axborot texnologiyalari mutaxassisliklari bo‘yicha oliy ma’lumotga ega mutaxassislar qabul qilinadi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha yaxlit tizimni tashkil etish maqsadida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlari, ilmiy muassasalar, korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmalari va fuqarolik jamiyati institutlarining doimiy hamkorligiga asoslangan Korrupsiyaning oldini olishning yaxlit tizimi, ya’ni Korrupsiyaning oldini olish klasteri joriy etiladi.
Korrupsiyaning oldini olish klasteri doirasida huquqni muhofaza qiluvchi organlar Agentlikni korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar bo‘yicha tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv va dastlabki tergov jarayonida aniqlangan korrupsiyaviy omillar va yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xavf-xatarlar yuzasidan tahliliy va statistik ma’lumotlar bilan ta’minlaydi.
Hisob palatasi, Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi tomonidan moliyaviy nazorat va auditni amalga oshirishda davlat xaridlari, manfaatlar to‘qnashuvi, moliyaviy xatarlar bo‘yicha o‘tkazilgan tahlillar va o‘rganish natijalari bilan axborot tizimi orqali tanishish imkoniyati yaratiladi. Ilmiy muassasalar esa korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida ilmiy tahlillarni amalga oshirib, ilmiy asoslangan yechimlarni ishlab chiqadi va malaka oshirish dasturlarini tashkil etadi.
Davlat boshqaruvi sohalari faoliyatini raqamlashtirish orqali korrupsiyaviy xavf-xatarlarni minimallashtirish bo‘yicha «Raqamli komplayens» axborot dasturiy kompleksi 2026-yil 1-iyul sanasidan boshlab sinov rejimida ishga tushiriladi.
Davlat organlari va tashkilotlarining axborot tizimlarini Dasturiy majmua bilan integratsiya qilish orqali Agentlik faoliyatini axborot bilan ta’minlash imkoniyati yaratiladi. Dasturiy kompleksning «E-Komplaens» modulini ishga tushirish orqali korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmalari faoliyati to‘liq raqamlashtiriladi.
Ta’kidlash joizki, respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan qabul qilingan hujjatlarni «E-qaror» elektron tizimida asossiz ravishda e’lon qilmaslik, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish hisoblanadi va javobgarlikka tortiladi.
Yana bir muhim yangilik, Agentlikda korrupsiyaviy xavf-xatar darajasi yuqori bo‘lgan ma’muriy tartib-taomillarni raqamlashtirish, shu jumladan, davlat xaridlari sohasida korrupsiyaga qarshi avtomatlashtirilgan nazorat tizimini joriy etishga mas’ul bo‘lgan «Xavf-xatar tahlili markazi» tashkil etiladi.
Agentlik va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmalari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash choralarini takomillashtirish bo‘yicha agentlikka yuklatilgan vazifalarni to‘liq, sifatli va samarali amalga oshirishga doir ma’lumotlarni to‘liq yoki qisman taqdim etmaslik yoxud noto‘g‘ri ma’lumotlarni taqdim etish, zarur axborot tizimlarini integratsiya qilishga asossiz qarshilik ko‘rsatish Agentlikning qonuniy faoliyatiga to‘sqinlik qilish deb baholanadi.
Davlat organlari va tashkilotlari markaziy apparatining korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmalariga tizim tashkilotlariga qonun buzilishi holatlarining oldini olish bo‘yicha ko‘rib chiqilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatma va ularni bartaraf etish bo‘yicha takliflar kiritish huquqi beriladi.
Korrupsiyaviy huquqbuzarliklar to‘g‘risida xabar bergan shaxslarni mehnat faoliyatida tazyiq va zo‘ravonlik holatlaridan himoya qilish maqsadida, Agentlik tomonidan himoya orderini taqdim etish amaliyoti joriy etiladi.Ta’kidlash joizki, korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashishga munosib hissa qo‘shgan davlat organlari va tashkilotlari xodimlari, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari hamda faol fuqarolarni rag‘batlantirish maqsadida «Korrupsiyaga qarshi kurashishga qo‘shgan hissasi uchun» ko‘krak nishoni ta’sis etiladi hamda 9-dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni arafasida mukofotlash amalga oshiriladi.
Korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan muhim hujjatning qabul qilinishi mamlakatimizda hurmatli Prezidentimiz rahbarligida 2017-yilda boshlangan korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi davlat siyosatining izchil davomi bo‘ldi.
Ushbu siyosat davlat organlari va tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi kurashishning professional va samarali tizimini tashkil etish, korrupsiyaga murosasiz munosabatni shakllantirish, manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik, korrupsiyaviy omillarni erta aniqlash va preventiv mexanizmlarni joriy etish, raqamli texnologiyalar, sun’iy intellektni joriy etish hamda ochiqlik siyosatini izchil davom ettirishda muhim ahamiyatga ega.
B.Matmuratov,
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘limi boshlig‘i.
