Brifing
2025-02-19 15:50:00 / Matbuot anjumanlari va brifinglar

Assalomu alaykum,
Keyingi yillarda mamlakat hayotining barcha jabhalarida xotin-qizlar faolligini oshirish, ularning taʼlim va kasbiy koʻnikmalar olishi hamda bandligini taʼminlashga koʻmaklashish, tadbirkorlik tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash borasida keng qamrovli davlat siyosati amalga oshirilmoqda.
Ayollarning boshqaruv sohalaridagi ulushi 35 foizga, tadbirkorlik sohasida 37 foizga, siyosiy partiyalarda 49 foizga, oliy taʼlimda 50 foizga yetdi.
Xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash borasida fevral oyida 2 ta normativ-huquqiy hujjat ijroga qaratildi. Xususan:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 07-fevraldagi 34-son Farmoni bilan “Zulfiya nomidagi Davlat mukofotini taʼsis etish boʻyicha takliflarni qoʻllab-quvvatlash toʻgʻrisida”gi Farmonga tegishli oʻzgartirishlar kiritildi. Jumladan,
Axborot texnologiyalari yoʻnalishida yutuqlarga erishgan xotin-qizlar ham Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlanadigan boʻldi.
Shuningdek, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti komissiyasi Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi huzurida jamoatchilik asosida faoliyat koʻrsatishi hamda unga Bosh vazir oʻrinbosari – Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi raisi rahbarlik qilishi belgilandi.
Bundan tashqari, mukofotni olish uchun talabgorning soʻnggi 3 yil mobaynidagi ibratli faoliyati, taʼlim, fan, adabiyot, madaniyat, sanʼat, sport, axborot texnologiyalari sohalari va jamoatchilik faoliyatidagi alohida yutuqlariga oid hujjatlar taqdim etilishi belgilandi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 12-fevraldagi 85-son qarori mamlakatimizda gender tenglikni taʼminlash boʻyicha yana bir muhim qadam boʻldi.
Avval ayollar faqatgina yoʻlovchilar soni 14 kishidan oshmaydigan avtobusni boshqarishi mumkin boʻlib, katta sigʻimli avtobuslarni (elektrobus) boshqarishda ayollarni jalb etish imkonini bermasdi.
Endilikda ayollarga yuk koʻtarishi 2,5 tonnadan ortiq boʻlgan yuk avtomobillarini hamda yoʻlovchilar soni 14 kishidan ortiq boʻlgan avtobuslarni boshqarish boʻyicha mehnat faoliyatini olib borish uchun huquqiy asos yaratildi.
Oʻzbekistonda xotin-qizlarning jamiyatning barcha jabhalari kabi ilm-fan va taʼlim tizimida ham faol ishtirok etishiga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Ayniqsa, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oila va xotin-qizlarni tizimli qoʻllab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-87-sonli Farmoniga muvofiq, davlat ilmiy tashkilotlari yoki oliy taʼlim muassasalari doktoranturasiga xotin-qizlar uchun har yili kamida 300 tadan maqsadli kvota ajratib borilayotgani ushbu yoʻnalishdagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqdi.
BMT Bosh Assambleyasining 2015-yil 22-dekabrdagi rezolyutsiyasi bilan 11-fevral “Ilm-fan sohasidagi ayollar va qizlar xalqaro kuni” sifatida eʼlon qilingan.
Har yilgidek, joriy yilda ham ushbu sana mamlakatimizda keng nishonlandi. Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 19-yanvardagi 1-son bayoniga muvofiq, 12-17-fevral kunlari mamlakatimizning 208 ta tuman va shaharlaridagi taʼlim muassasalari hamda mahallalarda “Ilmli ayol – jamiyat koʻzgusi” mavzusida haftalik tashkil qilindi.
Qator vazirlik va idoralar, ayniqsa, Oliy taʼlim fan va innovatsiyalar hamda Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirliklari bilan faol hamkorlikda 5 ta xalqaro forum, 24 ta respublika darajasida anjuman va forumlar, 60 dan ziyod seminarlar, 9 mingdan ortiq uchrashuv, davra suhbatlari va tanlovlar oʻtkazildi.
Haftalik doirasida 1 182 nafar nafaqadagi olima ayollar holidan xabar olindi. 265 nafar olimalarning mavjud muammolari hal etildi. 70 yoshga toʻlgan 236 nafar professor ayollarga bayram tabriklari tashkil etildi. 1 931 nafar olima ayollar hamda turli tanlov va olimpiadalarda gʻolib boʻlgan xotin-qizlar, innovatsion loyiha yaratgan nogironligi bor iqtidorli qizlar munosib ragʻbatlantirildi.
Haftalik doirasidagi tadbirlar bugun ham davom etmoqda.