“Askar ota-onalarini sharaflaymiz” mavzusida anjuman o‘tkazildi
2025-01-10 12:55:00 / Yangiliklar
Anjumanda Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Mukarram Nurmatova va boshqa masʼul rahbarlar so‘zga chiqib, bugungi kunda amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar samarasida milliy armiyamiz saflarida xizmat qilish, yurtimiz tinchligi, xalqimiz osoyishtaligini taʼminlashga hissa qo‘shish har bir yigit uchun yuksak shon-sharaf ishiga aylanganini alohida taʼkidlashdi.
Askarlikdagi farzandining bir yil davomida kuchga to‘lib, haqiqiy mard o‘g‘longa aylanganini ko‘rgan onalarning ko‘zlarida sevinch yoshlari qalqidi. Otalar ko‘ksi g‘ururga to‘ldi. Vatanimizga sodiq, mard va yurtparvar yigitlarni voyaga yetkazgani uchun onalarga minnatdorlik bildirildi.
Ota-onalar farzandlarining er-yigitlar qatorida xalqimiz va yurtimiz tinchligini himoya qilayotganliklaridan cheksiz faxr va iftixor tuyg‘usini his etayotganligini eʼtirof etishdi.
Mudofaa vazirligi masʼullari tomonidan bugungi kunda milliy armiyamizda yurt o‘g‘lonlari uchun yaratilgan sharoitlar, imkoniyatlar va imtiyozlar haqida mehmonlarga batafsil maʼlumotlar berdi.
Tadbirning badiiy qismida vatanni madh etuvchi kuy-qo‘shiqlar va chiqishlar barchani xushnud etdi.
Tadbir so‘ngida harbiy qism komandiri tomonidan Vatanimizga sodiq, mard va sadoqatli yigitlarni voyaga yetkazgani uchun ota-onalarga minnatdorchilik bildirilib, tashakkurnomalar topshirildi.
Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi Axborot xizmati