NASA Space Apps Challenge 2025
2025-10-06 12:25:00 / Yangiliklar

Har yili oktabr oyining dastlabki 10 kunligida butun dunyoda kosmos mavzusiga bag‘ishlangan yirik tadbirlar tashkil etiladi. Nega deysizmi, chunki 1957-yil 4-oktabrda Sobiq Ittifoq eng birinchilardan bo‘lib o‘zining sun’iy yo‘ldoshini koinotga uchirgan.
1967-yil 10-oktabrda esa AQSH, Buyuk Britaniya va Sobiq Ittifoq o‘rtasida ayni yo‘nalishda maxsus shartnoma imzolangan. Shundan kelib chiqqan holda 1999-yilda BMT Bosh Assambleyasi “Butunjahon kosmos haftaligi”ni nishonlash to‘g‘risidagi rezolyutsiyani imzolagan.
Qariyb 26-yildan buyon mazkur sana va u bilan bog‘liq tadbirlar dunyoning har bir davlatida keng nishonlanadi. Mamlakatda kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar bilan shug‘ullanib kelayotgan “O‘zbekkosmos” agentligi tashabbusi bilan bu yil O‘zbekistonda ham mazkur sana keng miqyosida nishonlanmoqda. Xususan, “Butunjahon kosmos haftaligi” doirasida 4-5 oktabr kunlari Toshkent shahridagi Turin politexnika universitetida “O‘zbekkosmos” va “NASA” agentliklari hamkorligida “NASA Space Apps Challenge 2025” Hakaton tadbiri bo‘lib o‘tmoqda.
Unda kosmonavtika va astronomiya kabi yo‘nalishlarga qiziqqan 200 nafardan ziyod yoshlar 50 dan ortiq jamoalarga bo‘lingan holda ishtirok etishdi. Ular ma’lumotlarni qayta ishlash, kosmik texnologiyalar va STEM kabi yo‘nalishlarda 20 ta mavzu bo‘yicha o‘zlarining yechim va kreativ loyihalarini ishlab chiqishdi. Bu esa ular uchun “NASA” agentligining eng dolzarb muammolari ustida ishlash orqali o‘z iste’dodini namoyon etish, ijodiy fikrlashni rivojlantirish, noyob g‘oyalarni ishlab chiqish va yangi tashabbuslarni ilgari surishga yordam beradi.
Tanlov yakuni bo’yicha 3 ta jamoa g‘olib deb topildi. Bular “Eclipsar”, “Yggdrosil” va “Triplesaj”, shuningdek, qo‘shimcha nominatsiyalarda yana 3 ta jamoa taqdirlandi. “Galaxy elite”, “Wtwins” va “Futurista”.
Qayd etish lozim, “NASA Space Apps Challenge 2025” tanlovida har yili dunyoning 160 dan ortiq davlatlaridan 180 mingdan ziyod yoshlar qatnashishadi. Mamlakatimiz esa mazkur hakatonda 4 yildan buyon muvaffaqiyatli ishtirok etib kelmoqda. Hozir qadar mazkur hakatonda ishtirok etgan o‘zbek yoshlaridan tarkib topgan jamoalar jahonning TOP-50 eng yaxshi jamoalari qatoriga kirgan.
Bir so‘z bilan aytganda, mazkur xalqaro hakatonning asosiy maqsadi iqtidorli va tashabbuskor o‘g‘il – qizlarni saralab olish, ularni qo‘llab – quvvatlash, global mavzularga nisbatan to‘g‘ri va keng fikrlashlariga imkon yaratish, jahon maydoniga o‘zbek yoshlarining yangi loyihalarini olib chiqishdan iboratdir.
“O‘zbekkosmos” agentligi Axborot xizmati.









