Audiobayonot
2025-09-03 14:00:00 / Yangiliklar

Bugungi audiobayonotda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan “Dolzarb 90 kun” tadbirlari doirasida 2025 yil iyun – avgust oylari davomida amalga oshirilgan ishlar haqida ma’lumot berib o‘tamiz.
Xabaringiz bor, Davlatimiz rahbari boshchiligida joriy yilning 15 may kuni bo‘lib o‘tgan sohaga oid videoselektor yig‘ilishida yozgi ta’til davrida o‘quvchilarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish bo‘yicha “Dolzarb 90 kun” tadbirlarini yuqori darajada o‘tkazish yuzasidan aniq vazifalar belgilab berilgan edi.
Mazkur topshiriq ijrosi yuzasidan, “Dolzarb 90 kun” loyihasi doirasida 1 iyundan 30 avgustgacha yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish, ularni sog‘lomlashtirish va har tomonlama rivojlantirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar olib borildi.
Xususan, joriy yilning iyun-avgust oylari davomida jami 200 mingdan ortiq tadbirlar tashkil etilib, mazkur tadbirlarga 7 million nafardan ortiq o‘quvchi va yoshlar jalb etildi.
Jumladan, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi va uning hududiy boshqarmalari tomonidan 1 251 ta umumta’lim maktablarda kunduzgi oromgohlar tashkil etilib, ularda 173 ming nafar o‘quvchilar ishtirok etdi.
Maktablarda “Yoz – 2025” loyihasi doirasida 14 988 ta sport musobaqalari o‘tkazilib, ularda 306 ming nafar o‘quvchilar qatnashdi.
Respublikamiz bo‘ylab 219 ta “Barkamol avlod” bolalar maktablaridagi 79 ta to‘garaklarda 300 ming nafardan ortiq o‘quvchi-yoshlar o‘z yo‘nalishlarida yangi ko‘nikmalarni egallashdi.
545 ta maktablarda tashkil etilgan qo‘shimcha darslarda esa 125 ming nafar o‘quvchilar qamrab olindi. 13 885 ta repetitorlik va ijodiy to‘garak kurslariga jami 2 mln nafardan ortiq yoshlar bilim olishdi.
Bundan tashqari, joylarda “Barkamol avlod bolalari”, “Kitobxonlar” festivallari, “Turon” maktab teatri va “Iqtidor” maktab ansambli konsert dasturlari doirasida 6 338 ta tadbirlar tashkil etilib,ularga 294 ming nafar o‘quvchi-yoshlar jalb etildi.
Bundan tashqari, “Turon” maktab teatri va “Iqtidor” maktab ansambili” jamolari tomonidan O‘zbekiston Mustaqilligining
34 yilligi munsabati bilan “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun” shiori ostida joriy yilning 26-28 avgust kunlari tuman (shahar) makrazlarida teatr namoyishlari tashkil etildi. Ushbu tadbirlarda 360 ming nafardan ortiq o‘quvchi-yoshlar ishtirok etishdi.
Shuningdek, 9 505 ta ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarda 243 ming nafar o‘quvchilar qamrab olindi.
E’tiborli jihati, bu yil ilk bora 100 nafar sportchi yoshlar uchun “Lochin” dam olish maskanida o‘quv yig‘in mashg‘ulotlari o‘tkazildi. Oromgohda o‘quvchilar o‘rtasida turli musobaqalar tashkil etish orqali ularning orasidan eng iqtidorli o‘quvchilar saralab olinib, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining Milliy terma jamoasi shakllantirildi.
Shuningdek, joriy yilda “Dolzarb 90 kun” davomida 54 nafar iqtidorli o‘quvchilar Rossiya, Belarus va Xitoy davlatlarga sog‘lomlashtirish oromgohlariga yuborildi.
Qayd etish joizki, mazkur tadbirlar OAV da ham keng yoritildi va ko‘rsatuv, radioeshittirish hamda videolavhalar tayyorlandi.
Sizlarga yetkazmoqchi bo‘lgan ma’lumotlarimiz shulardan iborat edi.
E’tiboringiz uchun rahmat, salomat bo‘ling.
