«Birinchi qo‘ng‘iroq» tadbiri
2025-09-02 10:10:00 / Yangiliklar
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan joriy yilning 2 sentyabr kuni yurtimiz bo‘ylab barcha maktablarda "Birinchi qo‘ng‘iroq" tadbirlari bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tadbirlar "Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” shiori ostida tashkil etildi.
Toshkent shahri, Yunusobod tumanida joylashgag 273-maktabda ham bayram tadbiri yuqori saviyada tashkil qilindi.
Tadbir avvalida bugungi kunda ta’lim sohasida amalga oshilayotgan islohotlar va ijobiy o‘zgarishlar, yangi o‘quv yilidan boshlab joriy etilayotgan yangiliklar haqida so‘z yuritildi.
Hozirda ushbu maktabda 1489 ta o‘quvchiga 65 nafar fidoyi ustozlar ta’lim-tarbiya berib kelmoqda.
Pedagoglarning qariyb 90 foiz, ya’ni 57 nafari malaka toifasiga ega. Maktabda 22 nafar o‘qituvchi milliy va xalqaro sertifikatni qo‘lga kiritgan.
Ma’lumot o‘rnida: ayni damda Respublikamiz bo‘ylab 10 193 maktab mavjud bo‘lib, unda 6 754 813 nafar bolajonlar ta’lim-tarbiya oladi.
Shuni alohida ta’kidlash kerak: 2025 yilning o‘zida jami 440 ta maktabda va 226 ta maktabgacha ta’lim tashkilotida qurilish-ta’mirlash ishlari olib borilmoqda.
Natijada maktablarga qo‘shimcha 115 dan ortiq yangi o‘rinlar yaratiladi, mavjud 100 mingdan ortiq o‘rinlar zamonaviy qiyofaga keltiriladi.
MTTlarda esa 8 mingdan ortiq yangi o‘rinlar yaratilib, 25 mingdan ortiq o‘rinlar zamonaviy ko‘rinishga keltiriladi.
Joriy yilda 720 ming nafardan ortiq o‘quvchilar 1-sinfga qadam qo‘yishmoqda va ularga 12 nomdagi o‘quv qurollaridan iborat “Prezident sovg‘asi” tantanali tarzda topshiriladi.
Yangi o‘quv yilidan qator yangiliklar ham rejalashtirilgan:
➖ Barcha ta’lim tashkilotlarida haftaning har dushanba kuni “Kelajak soati” darslari tashkil etilib, zarur qo‘llanmalar milliytarbiya.uzplatformasi orqali yetkaziladi.
➖ Yangi o‘quv yilidan “bog‘cha –maktab – oliy ta’lim” tizimida yagona g‘oyaviy tarbiya tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
➖Shuningdek, Prezidentning tegishli Farmoniga muvofiq, 2025 yil 1 sentyabrdan boshlab:
umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari direktori lavozimining bazaviy tarif stavkasi 20 foizga;
umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari direktori o‘rinbosari lavozimining bazaviy tarif stavkasi 15 foizga oshiriladi;
I va II guruhga kiruvchi maktabgacha ta’lim tashkiloti direktorlari lavozimlarining bazaviy tarif stavkalari tegishlicha III va IV guruhdagi umumiy o‘rta ta’lim tashkiloti direktori o‘rinbosari lavozimining bazaviy tarif stavkalariga tenglashtiriladi.
