“RAQAMLI AVLOD-2025” INKLYUZIV OROMGOHI
2025-08-28 13:40:00 / Yangiliklar

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan “Digital Generation Uzbekistan” NNM bilan hamkorlikda joriy yilning
25-30-avgust kunlari “Raqamli avlod-2025” inklyuziv AT oromgohi tadbiri tashkil etilmoqda.
Ushbu tadbir Toshkent viloyati, Bo‘stonliq tumanida joylashgan “Renessans” bolalar oromgohida bo‘lib o‘tadi.
Mazkur loyihadan ko‘zlangan maqsad axborot texnologiyalar sohasiga qiziquvchi yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularni zamonaviy kasblarga yo‘naltirish hamda ishlab chiqilgan g‘oya va loyihalarini rag‘batlantirishdan iborat.
Bu yilgi “Raqamli avlod” AT tadbirida o‘quv mashg‘ulotlari mahoratli mentorlar ishtirokida sun’iy intellekt, veb dizayn, Digital art (komikslar va milliy kontent), DevOps, Dot net, Flutter, Vue js kabi yo‘nalishlarda bo‘lib o‘tadi.
Mashg‘ulotlarda onlayn va offlayn formatda 4 ming nafardan ortiq sohaga qiziquvchi yoshlar qatnashishmoqda. Ular orasida umumta’lim maktablari, Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi maktablar, Al Beruniy nomidagi xalqaro maktab (bu yil ilk bora qabul imtihonlari o‘tkazildi) hamda Respublikamiz bo‘ylab eshitish imkoniyati zaif bolalar maktab internatlari o‘quvchilari bor.
Joriy yilgi mavsum davomida Robototexnika bo‘yicha Respublika musobaqasi ham tashkil etilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, Erkin Vohidovning "O‘zbegim" she’ri asosida komikslar ishlab chiqiladi.
Mashg‘ulotlar musobaqalar tarzida tashkil etiladi. Shuningdek, tadbir davomida davra suhbatlari ham o‘tkaziladi.
Ma’lumot o‘rnida: “Raqamli avlod” loyihasi 2019 yildan buyon muntazam tarzda o‘tkazib kelinadi va mazkur loyiha 21-asrdagi eng talabgir sohalardan biri bo‘lgan IT sohasini o‘rganmoqchi bo‘lgan yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan. Hozirga qadar ushbu loyiha doirasida 30 mingdan ortiq yoshlar qamrab olingan.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi
Axborot xizmati
