Yangi oʻquv yiliga tayyorgarlik hamda 1-sinf oʻquvchilariga beriladigan "Prezident sovgʻalari"ni hududlarga yetkazish jarayonlariga bagʻishlangan press-tur
2026-08-05 13:00:00 / Yangiliklar

PRESS-RELIZ
2026-yil 5-avgust kuni Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tomonidan yangi oʻquv yiliga tayyorgarlik hamda 1-sinf oʻquvchilariga beriladigan "Prezident sovgʻalari"ni hududlarga yetkazish jarayonlariga bagʻishlangan press-tur tashkil etildi.
Tadbir avvalida OAV vakillari ishtirokida vazirlik huzuridagi “Taʼminot va logistika xizmati” korxonasi tomonidan 1-sinf oʻquvchilar uchun 12 nomdagi oʻquv qurollaridan iborat “Prezident sovgʻasi” karvonini hududlarga yuborish jarayoni boʻlib oʻtdi.
Shundan soʻng, Toshkent shahri, Chilonzor tumanidagi 202-umumtaʼlim maktabi misolida yangi oʻquv yiliga tayyorgarlik hamda
1-sinfga oʻquvchilarni qabul qilish jarayonlari xususida atroflicha maʼlumot berib oʻtildi.
Taʼkidlanganidek, 2026-2027-oʻquv yilida mamlakatimizdagi mavjud
10 225 ta umumtaʼlim maktablarida 550 mingdan ortiq oʻqituvchilar
6,7 mln. nafardan ortiq oʻquvchilarga taʼlim-tarbiya berishi kutilmoqda.
Yangi oʻquv yilida 795 mingdan ortiq bolalar 1-sinfga qabul qilinishi rejalashtirilgan boʻlib, joriy yil 5-avgustga qadar 680 ming nafar (rejaga nisbatan 85 %) oʻquvchilar qabul qilingan.
1-sinfga qabul qilinayotgan bolajonlar uchun quyidagi 12 nomdagi oʻquv qurollari Prezident sovgʻasi sifatida tayyorlandi:
1 ta oʻquv sumkasi, 12 ta oʻn ikki varaqli daftar, 1 ta ruchka, 2 ta oddiy qalam, 1 ta oʻn ikki rangdagi qalamlar toʻplami, 1 ta rangli qogʻoz toʻplami, 1 ta plastilin, 1 ta rasm daftari, 2 ta oʻchirgʻich, 1 ta oʻn ikki rangdagi akvarel buyogʻi, 1 ta yelim (kley), 1 ta qalamdon.
Ayni vaqtda ushbu oʻquv qurollarini vazirlik tomonidan joylardagi maktablarga yetkazish jarayoni boshlandi.
Mazkur oʻquv qurollari joriy yil 15-avgustga qadar mamlakatimizdagi barcha hududlarga, 25-avgustga qadar esa qabul qilingan oʻquvchilar soniga mos ravishda barcha maktablarga toʻliq yetkaziladi.
Prezident sovgʻasi sifatida tayyorlangan ushbu oʻquv qurollari “Birinchi qoʻngʻiroq” tadbirlaridan soʻng bolajonlarga tantanali ravishda topshiriladi. Shuningdek, oʻquv qurollari nodavlat maktablar, boshqa vazirlik va idoralar tasarrufidagi taʼlim tashkilotlari bolalariga ham beriladi.
Aytish lozimki, 1-sinfga qabul qilinayotgan har bir bolani “Prezident sovgʻasi” bilan oʻz vaqtida taʼminlash maqsadida vazirlikning adm.maktab.uz elektron platformasi orqali maktablar kesimida bolalarning roʻyxati nomma-nom shakllantirildi (bunda nodavlat maktablar va boshqa vazirlik tasarrufidagi maktab oʻquvchilari ham inobatga olingan).
Press-tur tadbir davomida 1-sinf oʻquvchilari uchun beriladigan darslik majmualarining taqdimoti ham tashkil etildi. Unda mutaxassislar tomonidan yangi darsliklarning oʻziga xos jihatlari hamda mavzuga doir muhim maʼlumotlarga atroflicha toʻxtalib oʻtildi.
Prees-tur tadbiri tashkil etilgan Chilonzor tumanidagi 202-umumtaʼlim maktabida yangi oʻquv yilida 1260 nafardan ortiq oʻquvchi taʼlim olishi, 175 nafar bola 1-sinfga qabul qilinishi rejalashtirilgan.
Maktabda alohida taʼlim ehtiyojlari mavjud boʻlgan bolalarni taʼlimga jalb etish uchun inklyuziv sinflar tashkil etilgan va ular uchun barcha qulay sharoitlarga ega “toʻsiqsiz muhit” yaratilgan.
Hozirda maktabda 13 nafar bola (shundan 2 nafari bu yil 1-sinfga qabul qilingan) inklyuziv sinflarda taʼlim olmoqda.
