Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tizimidagi jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlarini koʻrib chiqish boʻyicha olib borilayotgan ishlar
2026-06-05 18:10:00 / Yangiliklar
Davlatimiz rahbari boshchiligida joriy yilning 13-mart kuni aholi murojaatlari bilan ishlash tizimini samarali tashkil etish yuzasidan oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida berilgan topshiriqlar ijrosini taʼminlash maqsadida Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri rahbarligida vazirlik shtabi hamda vazirlikning hududiy boshqarmalari va tuman (shahar) boʻlimlarida tegishli shtablar faoliyati yoʻlga qoʻyildi.
Ushbu shtablarda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari doimiy ravishda oʻrganib boriladi hamda tahlil qilinadi.
Joriy yilning 1-iyun kuniga qadar Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tizimiga jami 19 948 ta murojaat kelib tushgan boʻlib, mazkur murojaatlarning:
• 3 116 tasi vazirlik markaziy apparati tomonidan;
• 16 832 tasi hududiy boshqarmalar hamda tizim tashkilotlari tomonidan koʻrib chiqilgan.
Shuningdek, 2026-yilning oʻtgan davri mobaynida vazirlik “Fuqarolar qabulxonasi”ga 3 157 nafar fuqaro ogʻzaki murojaat bilan kelgan.
Umumiy tahlillar asosida aytish lozimki, mazkur murojaatlarning aksari taʼlim sohasi xodimlari xatti-harakatlari, bolalarni maktabgacha taʼlim tashkiloti yoki umumtaʼlim maktablariga joylashtirish, maktablar faoliyati, xodimning ishga kirishi yoki oʻz ish oʻrniga tiklanishi, ish haqi, ustama va qoʻshimcha toʻlovlarni hisoblashdagi kamchiliklarga doir masalalardir.
Hududlar kesimida tahlil qilinganda:
• Qoraqapogʻiston Respublikasidan — 986 ta;
• Andijon viloyatidan — 1 351 ta;
• Buxoro viloyatidan — 946 ta;
• Jizzax viloyatidan — 794 ta;
• Qashqadaryo viloyatidan — 2 285 ta;
• Namangan viloyatidan — 1 056 ta;
• Navoiy viloyatidan — 969 ta;
• Samarqand viloyatidan — 1 826 ta;
• Surxondaryo viloyatidan — 2 207 ta;
• Sirdaryo viloyatidan — 611 ta;
• Toshkent viloyatidan — 1 841 ta;
• Fargʻona viloyatidan — 1 495 ta;
• Xorazm viloyatidan — 805 ta;
• Toshkent shahridan — 2 776 ta murojaat kelib tushgan.
Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri va vazir oʻrinbosarlari tomonidan oʻtgan davr mobaynida hududlarda 10 ta sayyor qabul tashkil etilgan boʻlib, ularda 319 nafar fuqaroning murojaatlari yuzma yuz qabul qilindi.
Xususan, Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri tomonidan Fargʻona, Xorazm, Qashqadaryo, Surxondaryo va Buxoro viloyatlarida aholi uchun sayyor qabullar oʻtkazilgan.
Qabullar davomida kelib tushgan murojaatlardan 139 tasi joyida ijobiy hal etilgan, qolgan 180 tasi boʻyicha fuqarolarga huquqiy tushuntirish va tavsiyalar berilgan.
Shuningdek, vazirlik tomonidan tadbirkorlar bilan ochiq muloqotlar oʻtkazib kelinmoqda hamda ularning soha boʻyicha qilingan murojaatlari shu yerning oʻzida koʻrib chiqilib, berilgan savollarga javob berib kelinmoqda.
Hozirgi vaqtda fuqarolarning murojaatlarini qabul qilish va ularning savollariga tezkorlik bilan javob berish maqsadida vazirlikning Ishonch telefoni (71-202-09-09) faoliyati yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, unga 5 nafar operator biriktirilgan.
2026-yilning oʻtgan davrida vazirlik “Call markaz”i tomonidan fuqarolarning 29 392 ta telefon qoʻngʻirogʻiga javob berilgan.
Xulosa qilib aytilganda, vazirlik tizimidagi barcha masʼul rahbar va mutaxassis xodimlar tomonidan aholining har bir murojaatiga alohida eʼtibor qaratilib, ulardagi masalalarni tezkor va manzilli hal qilish boʻyicha zarur ishlar olib borilmoqda.
