Taʼlim darajasi yuqori boʻlmagan maktabga ishga kirish tartibi, talablari va imtiyozlari nimalardan iborat?
2026-06-03 18:25:00 / Yangiliklar

Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 15-oktabrdagi tegishli qarori bilan tasdiqlangan Nizom talablariga koʻra:
taʼlim darajasi yuqori boʻlmagan maktabda dars berish istagini bildirgan oʻqituvchi-pedagoglar joriy yilning 15-mayidan boshlab pedagog.uzedu.uz elektron platformasiga joylangan shu toifadagi maktablar haqidagi tegishli maʼlumotlar bilan tanishib chiqishi lozim.
Shundan soʻng, 25-iyulga qadar oʻziga maʼqul boʻlgan taʼlim darajasi yuqori boʻlmagan maktab direktoriga toʻgʻridan-toʻgʻri murojaat qiladi hamda quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
mutaxassisligi, dars beradigan fanini koʻrsatgan holda direktor nomiga ariza;
doimiy yashash manzili, telefon raqami koʻrsatilgan maʼlumotnoma — obyektivka;
oliy yoki birinchi malaka toifasiga ega ekanligini tasdiqlovchi sertifikat nusxasi.
Bunda nomzod pedagoglar:
tegishli fan yoʻnalishi boʻyicha oliy maʼlumot, dars berayotgan fani boʻyicha birinchi yoki oliy malaka toifasiga ega boʻlishi;
boshqa hududda kamida bir yil pedagogik faoliyat yuritgan boʻlishi;
hamda amalda faoliyat yuritayotgan maktab taʼlim darajasi yuqori boʻlmagan maktablar roʻyxatida mavjud boʻlmasligi talab etiladi.
Belgilangan talablarga mos kelgan hamda vakant soatlar boʻyicha bir oʻringa ikki va undan ortiq nomzodlar boʻlgan taqdirda, ular tegishli Ishchi guruh tomonidan kasbiy bilim va koʻnikmalar, pedagogik mahorat hamda psixologik qobiliyat yoʻnalishlari boʻyicha suhbatdan oʻtkaziladi.
Saralashdan muvaffaqiyatli oʻtgan pedagoglar yangi oʻquv yilining birinchi kunidan boshlab oʻrnatilgan tartibda ishga qabul qilinadi.
Taʼlim darajasi yuqori boʻlmagan maktablarda dars berish uchun boshqa hududlardan jalb qilingan pedagoglarning bazaviy tarif stavkalariga maxsus ustamalar belgilanadi. Xususan:
bir maʼmuriy-hududiy birlik doirasida boshqa tuman va shaharlardan kelib faoliyat yuritayotgan pedagoglarning bazaviy tarif stavkalariga — 50 foiz miqdorida;
boshqa maʼmuriy-hududiy birlikdan — boshqa viloyatlar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Toshkent shahridan kelib faoliyat yuritayotgan pedagoglarning bazaviy tarif stavkalariga — 100 foiz miqdorida maxsus ustamalar toʻlanadi.
Shuningdek, Nizomda mazkur turdagi maktablarga jalb etilgan pedagoglar mahalliy hokimliklar tomonidan 2 yildan ortiq boʻlmagan muddat davomida xizmat uy-joylari yoki bazaviy hisoblash miqdorining 2 baravari miqdorida har oylik pul kompensatsiyasi bilan taʼminlanishi koʻzda tutilgan.
Maʼlumot uchun: 2026-2027-oʻquv yili uchun taʼlim darajasi yuqori boʻlmagan maktablar roʻyxati
