Vazir soati: yakuniy davlat imtihonlari hamda o‘quvchilarning yozgi ta’tilda maroqli dam olishlarini tashkil etish, yangi o‘quv yili uchun qabul jarayonlariga tayyorgarlik
2026-05-26 13:00:00 / Yangiliklar

Bugun Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri E’zoza Karimova rahbarligida umumta’lim maktablarida yakuniy davlat imtihonlarini tashkil etish, yangi o‘quv yiliga qabul jarayonlariga tayyorgarlik, yoz mavsumida oromgohlar faoliyatini yo‘lga qo‘yish masalalariga bag‘ishlangan “Vazir soati” bo‘lib o‘tdi.
Ta’kidlanganidek, joriy o‘quv yiliga doir yakuniy davlat imtihonlari 1-15 iyun kunlari o‘tkazilishi belgilangan bo‘lib, jismoniy tarbiya fanidan imtihonlar 1-6 may kunlari o‘tkazildi. Kasbiy ta’lim fani bo‘yicha imtihonlar 17-20 iyun kunlari o‘tkazilishi belgilangan.
Ushbu jarayonlarning shaffofligini ta’minlash maqsadida imtihon variantlari har bir sinov kunidan bir kun oldin qur’a tashlash yo‘li bilan tanlanib, vazirlikning rasmiy veb-saytida e’lon qilib borilmoqda.
Shuningdek, fanlar bo‘yicha imtihon spesifikatsiyalari va baholash mezonlari ishlab chiqilib, barcha ta’lim tillariga tarjima qilingan holda rasmiy manbalarga joylashtirilgan.
Mas’ullarga mazkur jarayonlarni belgilangan grafik va tartib asosida sifatli hamda shaffof tashkil etish, imtihon o‘tkaziladigan maktablarda zarur tashkiliy, texnik va metodik sharoitlarni to‘liq ta’minlash bo‘yicha zarur vazifalar belgilab berildi.
Yig‘ilishda 2026-2027-o‘quv yiliga qabul uchun olib borilayotgan ishlar ham atroflicha ko‘rib chiqildi. Tahlillarga ko‘ra, yangi o‘quv yilida 795 ming nafardan ortiq bolalar maktablarning 1-sinfiga qabul qilinishi rejalashtirilgan.
Joriy yilda bolalarni umumta’lim maktablariga onlayn qabul qilish qamrovi oshirildi hamda bu turdagi tuman (shahar)lar soni 64 tadan 135 taga, maktablar soni esa 1 950 tadan 5 690 taga ko‘paydi (Toshkent shahri va Buxoro viloyatidagi maktablar to‘liq onlayn qabul shakliga o‘tkazildi).
Ixtisoslashtirilgan, Prezident, ijod, sport maktablari, Al-Beruniy xalqaro maktab-internati hamda Milliy dasturga qabul jarayonlari onlayn tarzda olib borilmoqda va bugungi kunga qadar ushbu maktablarga kirish uchun 150 mingdan ziyod ariza kelib tushgan.
Mazkur maktablarga kirish imtihonlari respublika bo‘ylab 15 iyundan 31 iyulga qadar o‘tkaziladi. Bu yilgi tartib bo‘yicha Prezident maktablarining birinchi bosqich imtihonlari bir smenada o‘tkazilishi belgilangan.
Prezident maktablariga hujjat topshirishi kutilayotgan 55 ming nafarga yaqin talabgorlarga imtihon jarayonlari bir vaqtda respublika bo‘ylab 121 ta katta sig‘imli binolarda o‘tkazilishi belgilangan.
“Jasorat maktablari”ga kirish uchun hozirga qadar respublika miqyosida 14 826 ta ariza kelib tushgan bo‘lib, bu boradagi eng yuqori ko‘rsatkich Namangan, Farg‘ona va Andijon viloyatlariga tegishlidir.
Hududiy mas’ullar va vazirlikning tegishli mutasaddi xodimlariga mazkur belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida amalga oshirish, maktablarning qabul quvvatlari, ta’lim maskanlaridagi o‘quvchilar o‘rni, pedagoglar soni va ta’lim tili bo‘yicha tahlillarni qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha zarur tavsiyalar aytib o‘tildi.
Yig‘ilishda navbatdagi masala sifatida o‘quvchilarni yozgi dam olish kunlari hamda oromgohlar faoliyatini yuqori saviyada tashkil etish masalalari muhokama qilindi.
Qayd qilinganidek, bu boradagi mavjud vaziyatni tahlil qilib borish hamda zarur choralarni ko‘rish maqsadida vazirlik markaziy apparati hamda vazirlikning hududiy bo‘linmalarida “Yoz — 2026” shtablari tashkil etilgan.
Muloqot davomida umumta’lim maktablar qoshida tashkil etilgan 1 242 ta sog‘lomlashtirish maydonchasida 156 ming nafardan ortiq bolalarga sifatli dam olish sharoitini yaratish uchun hududiy mas’ullar va vazirlikning tuman (shahar) bo‘limi boshliqlariga mahalliy hokimliklar bilan hamkorlikda zarur choralarni ko‘rish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Ma’lumot o‘rnida aytish lozimki, joriy yilda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tarkibidagi 179 ta stasionar oromgohda 158 ming nafar, vazirlik tizimidagi 21 ta sog‘lomlashtirish oromgohiga 7 060 nafar bolalarni qamrab olinishi rejalashtirilgan bo‘lib, bunda o‘quvchilar maxsus ishlab chiqilgan 12 kunlik namunaviy dastur asosida hordiq chiqarishadi.
Tadbir so‘nggida vazirlik mas’ullari va hududiy boshqarma boshliqlarining kun tartibidagi mavzularga oid hisobotlari tinglandi.
