Oliy Majlis Qonunchilik palatasida navbatdagi “Hukumat soati” bo‘lib o‘tdi
2026-05-20 19:00:00 / Yangiliklar

“Hukumat soati”da dastlab maktab ta’limi sifati, inklyuziv muhitni rivojlantirish va pedagoglarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash masalalari muhokama qilindi.
Kun tartibidagi masala yuzasidan Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri E’zoza Karimova deputatlarning savollariga javob berdi.
Vazir o‘tgan olti yilda mamlakatda ta’lim tizimining “lokomotiv” muassasalari sifatida 14 ta Prezident, 9 ta ijod hamda 203 ta ixtisoslashtirilgan maktablar tashkil etilganini, shu bilan birga, bugungi kunda yangi baholash tizimi 3 434 ta maktabni qamrab olgan bo‘lib, kelgusi o‘quv yilidan boshlab ushbu ko‘rsatkichni 4500 taga yetkazish rejalashtirilganini ta’kidladi.
Mazkur maktablarda o‘quvchilarning o‘zlashtirish ko‘rsatkichlari 53 foizdan 72 foizgacha oshgan. Yangi baholash tizimi joriy qilingan maktablar orasida yuqori natijalarga erishgan 275 ta maktabning butun pedagog jamoalariga 40 foizgacha ustama to‘lanmoqda. Yangi o‘quv yilidan boshlab ustama oluvchi maktablar sonini 2 barobarga oshirish rejalashtirilmoqda.
Bundan tashqari, xorijiy til sertifikatiga ega o‘quvchilar soni esa 40 ming nafardan oshgan. Shuningdek, ta’lim tizimiga AQSH, Buyuk Britaniya, Fransiya, Germaniya, Janubiy Koreya va Xitoydan 1 456 nafar xorijlik mutaxassis jalb qilingan. Hozirgi kunda 310 ming nafar pedagog malaka toifasiga ega.
Muhokamalar chog‘ida xalqaro baholash dasturlari — Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotining PISA, Ta’limdagi yutuqlarni baholash xalqaro assotsiatsiyasining PIRLS va TIMSS tadqiqotlarida O‘zbekiston ishtirokining ahamiyatiga ham alohida to‘xtalib o‘tildi. Ma’lumot uchun, O‘zbekiston 2022-yildan PISA tadqiqotida ishtirok etib kelmoqda.
“Hukumat soati”da inklyuziv ta’limni rivojlantirish masalasi ham asosiy mavzulardan biri bo‘ldi.
Ayni paytda mamlakatdagi 2 365 ta maktabda inklyuziv sinflar tashkil etilgan. 651 ta maktabda “to‘siqsiz muhit” yaratilgan, 1 404 ta binoga maxsus panduslar o‘rnatilgan, 115 ta maktabda brayl alifbosidagi tugmali liftlar joriy qilingan. So‘nggi besh yilda 7 mingdan ortiq pedagog inklyuziv ta’lim bo‘yicha malaka oshirgan. 2026-yildan boshlab pedagoglarning bilim va malaka oshirish kurslarining o‘quv reja va dasturlariga alohida ta’lim ehtiyoji bo‘lgan bolalar bilan ishlashga oid “Ta’limda inklyuziya va ehtiyojlarga asoslangan differensial yondashuv” moduli ham majburiy dasturlarga kiritildi.
Muhokamalarda ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlarini qo‘llab-quvvatlash choralari haqida ham axborot berildi. Xususan, ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarning 387 ming nafar farzandi maktabgacha ta’lim bilan qamrab olingan. Kambag‘al oilalar farzandlarining nodavlat bog‘chalar uchun to‘lovlarining 40 foizi davlat tomonidan qoplab berilmoqda. Bugungi kunda 125 ming nafardan ziyod o‘quvchilar IT, xorijiy tillar va kasb-hunar to‘garaklariga jalb qilingan bo‘lib, ular xarajatlarining 80 foizi davlat budjeti hisobidan moliyalashtirilmoqda.
Muhokama yakunida deputatlar ta’lim sifatini yanada oshirish, pedagoglarni rag‘batlantirish va inklyuziv muhitni rivojlantirishga doir qator taklif va tavsiyalarni ilgari surdilar.
“Hukumat soati” yakunida ta’lim sifati va pedagoglarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga oid qonunchilikni yanada takomillashtirish, shuningdek, mazkur sohada samarali parlament nazoratini ta’minlashga kelishib olindi
