Oʻzbekistonda innovatsiya va bilimlarga asoslangan Sunʼiy intellekt xabi tashkil qilinmoqda
2026-05-05 10:30:00 / Yangiliklar

Xabaringiz bor, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev kuni kecha Samarqand shahrida oʻtkazilgan Osiyo taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashining yillik yigʻilishida nutq soʻzladi.
Davlatimiz rahbari yurtimizda raqamli texnologiya va sunʼiy intellekt imkoniyatlaridan samarali foydalanish va bu borada amalga oshirilayotgan ishlar haqida soʻz yuritar ekan, jumladan shunday dedi:
“Bugun raqamli texnologiya va sunʼiy intellekt deyarli barcha sohalarni mutlaqo yangi formatga olib chiqmoqda.
Jahon savdo tashkiloti prognozlariga koʻra, 2040-yilga borib, sunʼiy intellekt hisobiga xalqaro savdo aylanmasi qoʻshimcha 40 foizga oshadi.
Biz axborot texnologiyalarini rivojlantirishga jiddiy kirishganmiz. Oʻzbekistonda innovatsiya va bilimlarga asoslangan Sunʼiy intellekt xabini tashkil qilishni boshladik. Iqtisodiyot tarmoqlarida 200 dan ortiq sunʼiy intellekt loyihalari ustida ishlayapmiz.
Hududlarda data markazlar, super kompyuterlar va sunʼiy intellekt laboratoriyalarini koʻpaytirish, “Besh million sunʼiy intellekt yetakchilari”ni tayyorlash boʻyicha dasturlarni amalga oshiryapmiz.
Bu yoʻnalishlarda Osiyo taraqqiyot banki hamda AQSH, Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari, Yaponiya, Koreya va Xitoydagi hamkorlarimiz bizga yaqindan yordam berayotganini alohida taʼkidlab oʻtmoqchiman.
Albatta, taʼlim, tibbiyot, suv xoʻjaligi, ekologiya, oziq-ovqat xavfsizligi kabi aholining birlamchi ehtiyoji uchun eng zarur boʻlgan yoʻnalishlarda ham ochiq sunʼiy intellekt modellaridan foydalanish talab etilmoqda.
Buning uchun Osiyo taraqqiyot banki shafeligida Rivojlanayotgan mamlakatlarda sunʼiy intellekt koʻlamini oshirish boʻyicha alohida dastur ishlab chiqishni taklif etamiz”.
