Vazir soati: taʼlim tashkilotlarida favqulodda vaziyatlarni oldini olish, yangi baholash tizimini yanada takomillashtirish, “Turon” maktab teatri hamda “Iqtidor maktab ansambli” tanlovlarini oʻtkazish, yoz mavsumida oromgohlar faoliyatini namunali tashkil
2026-04-22 15:40:00 / Yangiliklar

Bugun Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri Eʼzoza Karimova boshchiligida navbatdagi “Vazir soati” boʻlib oʻtdi. Unda vazir oʻrinbosarlari, vazirlik va tizim tashkilotlari masʼul xodimlari ishtirok etdi.
Yigʻilish avvalida vazirlik tizimidagi taʼlim tashkilotlarida favqulodda vaziyatlarni oldini olish, bunday holatlarda xodimlar va oʻquvchilarning toʻgʻri harakatlanishlari hamda xavfsizlik qoidalariga amal qilish borasidagi koʻnikmalarini oshirish boʻyicha olib borilayotgan ishlar tahlil qilindi.
Aniqlangan kamchiliklarni tez fursatda bartaraf etish hamda taʼlim muassasalarida mavzuga doir targʻibot ishlarini olib borish boʻyicha tegishli masʼul xodimlarga zarur topshiriqlar berildi.
Shundan soʻng yangi baholash tizimi joriy etilgan maktablarda taʼlim sifatini oshirish, oʻquvchilar bilimini baholash boʻyicha qilinayotgan ishlar tilga olindi.
Qayd etilganidek, mazkur tizim ayni vaqtda yurtimizdagi 3 434 ta, xususan Qoraqalpogʻiston Respublikasida 234 ta, Andijon viloyatida 209 ta, Buxoro viloyatida 300 ta, Jizzax viloyatida 164 ta, Qashqadaryo viloyatida 188 ta, Navoiy viloyatida 150 ta, Namangan viloyatida 230 ta, Samarqand viloyatida 200 ta, Surxondaryo viloyatida 236 ta, Sirdaryo viloyatida 310 ta, Toshkent viloyatida 327 ta, Fargʻona viloyatida 210 ta, Xorazm viloyatida 350 ta va Toshkent shahrida 326 ta maktabda joriy etilgan.
Ushbu oʻquv yilining uchinchi chorak yakuni boʻyicha oʻquvchilarning summativ baholash sinovlaridagi oʻzlashtirish koʻrsatkichi 79,4 foizni tashkil etmoqda (ikkinchi chorakda 76,9 foiz).
Kelgusi oʻquv yiliga qadar yangi baholash tizimi joriy etilgan maktablar soni 4 500 taga yetkazish rejalashtirilgan.
Masʼullarga mazkur maktablarda baholash jarayonlarini sifatli tashkil etish, joylarda seminarlar oʻtkazish, fanlar kesimida savollar sonini oshirib, sifatli baholash materiallarini ishlab chiqish boʻyicha tegishli vazifalar belgilab berildi.
Yigʻilishda “Turon” maktab teatri hamda “Iqtidor maktab ansambli” tanlovining yangi mavsumini yuqori saviyada tashkil etish boʻyicha navbatdagi vazifalar belgilab olindi.
Aytilganidek, joriy yilgi “Turon” maktab teatri tanlov jarayonlarida 85 100 ta jamoa (680 800 nafar oʻquvchi) ishtirok etayotgan boʻlib, jamoalar soni 2024-yilga nisbatan 6,7 barobarga oshdi.
Tanlovning hududiy bosqichi joriy yilning 10-aprel kuni yakunlandi hamda unda ishtirok etgan 208 ta jamoaning 14 tasi shu yilning iyun oyida Toshkent shahrida oʻtkaziladigan respublika bosqichiga yoʻllanmani qoʻlga kiritdi.
“Iqtidor” maktab ansambli respublika tanlovining tuman bosqichi ayni kunlarda boʻlib oʻtmoqda va 25-aprelga qadar davom etadi.
“Turon” maktab teatri hamda “Iqtidor” maktab ansambli respublika tanlovlarining respublika bosqichlarini yuqori saviyada tashkil etish, baholash jarayonlarini tizimli yoʻlga qoʻyish boʻyicha yigʻilish ishtirokchilariga muhim tavsiyalar berib oʻtildi.
Yigʻilishda qayd etilganidek, kelayotgan yoz mavsumida oromgohlar faoliyatini yoʻlga qoʻyish hamda ularda bolalarning maroqli dam olishlarini namunali tashkil etish maqsadida zarur ishlar yoʻlga qoʻyilmoqda.
Tahlillarga koʻra, joriy yilda 1 452 ta oromgohda 7-14 yoshli 330 ming nafar, jumladan 201 ta statsionar oromgohda 158 480 nafar, 1 251 ta sogʻlomlashtirish maydonchalarida 171 574 nafar bolalarni qamrab olish koʻzda tutilgan.
Shuningdek, Ijtimoiy himoya milliy agentligi va Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi bilan hamkorlikda kambagʻal oilalarning 5 ming nafar iqtidorli va “aʼlo” baholarga oʻqigan farzandlari uchun oromgohlarga bepul yoʻllanma berish tizimi yoʻlga qoʻyiladi.
Stansionar oromgohlarga jalb etilmagan bolalar uchun joylarda sogʻlomlashtirish maydonchalari bepul tashkil etiladi va ularda 171 ming nafardan ortiq bolalarni qamrab olish rejalashtirilgan.
Tegishli masʼul xodimlarga keltirib oʻtilgan mazkur vazifalarni belgilangan vazirlik va tashkilotlar bilan hamkorlikda oʻz vaqtida bajarish boʻyicha muhim topshiriqlar berildi.
Yigʻilishda qayd etilganidek, ayni vaqtda Islom taraqqiyot banki, Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Osiyo infratuzilma investitsiyalar banki kabi xalqaro moliya institutlari bilan jami 1 mlrd dollar miqdorida yirik investitsiya va grant loyihalari amalga oshirilmoqda.
Mazkur loyihalar doirasida 2029-yil yakuniga qadar 140 ta yangi maktab qurilishi, 150 ta maktab rekonstruksiya qilinishi, 200 ta maktabda zamonaviy STEM laboratoriyalari tashkil etilishi, 500 mingdan ortiq pedagoglarning malakasini oshirish rejalashtirilgan.
Yigʻilish davomida mazkur vazifalar boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar tahlil qilindi va kelgusi vazifalar belgilab olindi.
Tadbir soʻnggida vazirlik masʼullari va hududiy boshqarma boshliqlarining kun tartibidagi mavzularga oid hisobotlari tinglandi.
