«Maktabgacha va maktab ta’limi: natijalar va rejalar» mavzusiga bag‘ishlangan matbuot anjumani
2026-04-21 14:00:00 / E’lonlar

PRESS RELIZ
2026-yil 21-aprel kuni Abdulla Avloniy nomidagi Pedagogik mahorat milliy instituti «Maktabgacha va maktab ta’limi: natijalar va rejalar» mavzusiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Unda Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri E’zoza Karimova, vazir o‘rinbosarlari hamda vazirlik mas’ul xodimlari ishtirok etdi.
Ta’kidlanganidek, bugungi kunda davlatimiz tomonidan ta’lim sohasiga berilayotgan katta e’tibor va rag‘bat natijasida ushbu tizim davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilandi hamda bu borada yo‘lga qo‘yilgan keng ko‘lamli islohotlar doimiy amalga oshirib kelinmoqda.
Mazkur harakat va islohotlar natijasida 2016-yildan hozirga qadar mamlakatimizda 304 ta yangi maktab qurildi, 3 598 ta maktab rekonstruksiya qilindi, 1 955 ta maktab mukammal ta’mirdan chiqarildi.
Shuningdek, bu vaqt davomida 625 ta yangi davlat maktabgacha ta’lim muassasasi qurildi, 2 522 ta davlat maktabgacha ta’lim muassasasi rekonstruksiya qilindi, 759 ta davlat maktabgacha ta’lim muassasasi mukammal ta’mirdan chiqarildi.
O‘tgan vaqt davomida maktabgacha ta’lim sohasidagi islohotlar o‘zining katta natijasini berdi. Misol uchun, 2017-yilda maktabgacha ta’lim tashkilotlari soni 5 ming 200 tani tashkil etgan bo‘lsa, bugungi kunda ularning soni 7,5 barobarga ortib, 39 ming 200 taga yetkazildi.
Buning natijasida maktabgacha ta’lim bilan qamrov darajasi bugungi kunga kelib 78 foiz (2016 yilda 27,7 foiz)ga, 6 yoshli bolalarni maktabga tayyorlov qamrovi 98 foizga yetkazildi.
“Aqlvoy” loyihasi doirasida maktabgacha ta’lim tashkilotlari mavjud bo‘lmagan olis va chekka hududlardagi 216 ta mahallada 648 ta ko‘chma mobil guruhlari tashkil etildi hamda 10 ming nafardan ortiq bolalar maktabgacha ta’limga qamrab olindi.
Maktabgacha ta’lim sohasidagi pedagoglar soni va ularning malaka darajasi ham yildan yilga ortib bormoqda. Misol uchun, 2017-yilda maktabgacha ta’lim tashkilotlaridagi jami pedagoglar soni 58,4 ming nafarni (21,6 foizi oliy ma’lumotli) tashkil etgan bo‘lsa, bugungi kunda ularning soni 179,5 ming nafar (38,9 foizi oliy ma’lumotli)ga yetdi.
2026-2027-o‘quv yilidan davlat va nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarining o‘rta maxsus ma’lumotli pedagog kadrlari uchun tegishli oliy ta’lim tashkilotlarida dual ta’lim (5+1 shaklida) shakli yo‘lga qiylishi rejalashtirildi va bunda maktabgacha ta’lim yo‘nalishida to‘lov-shartnoma asosida bakalavrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yilishi belgilandi.
Sohada nodavlat ta’lim muassasalar soni sezilarli oshib borishi natijasida ayni vaqtda yurtimizdagi nodavlat hamda DXSH asosida faoliyat yuritib kelayotgan maktabgacha ta’lim muassasalari soni 3 169 ta, xususiy maktablar soni 750 tani tashkil etmoqda.
2016-2026-yillarda maktablar soni 513 taga ko‘paydi hamda 750 mingta o‘quvchi o‘rni yaratildi (2025-yilda 30 ta yangi maktab qurilib, 120 mingta o‘quvchi o‘rni yaratildi).
2016-yilda maktablar soni 9 680 ta, o‘quvchi o‘rni 4 798 059 tani tashkil etgan bo‘lsa, 2026 yilda maktablar soni 10 193 ta, o‘quvchi o‘rni 5 547 714 tani tashkil etmoqda.
2019-yildan boshlab har yili iqtidorli maktab bitiruvchilarini qo‘llab-quvvatlash hamda ularni rag‘batlantirish maqsadida oltin va kumush medallar bilan taqdirlash tizimi joriy etildi.
Shuningdek, o‘quvchilarga yanada qulaylik yaratish maqsadida 2022-2023-o‘quv yilidan boshlab maktab bitiruvchilariga elektron shahodatnoma berish tartibi joriy etildi (joriy yilda 1 093 647 nafar 9-11-sinf bitiruvchilariga elektron shahodatnoma beriladi).
O‘tgan vaqt davomida o‘qituvchi va tarbiyachilar uchun besh yilda bir marotaba ishdan ajralgan malaka oshirish kurslari joriy qilindi. Pedagoglarni uzluksiz kasbiy rivojlantirish uchun “Kasbiy rivojlantirish kuni va soati”, bog‘cha tarbiyachilari uchun esa “Metodik mahorat kuni va soati” tadbirlari yo‘lga qo‘yildi.
Pyedagoglarni xorijda malaka oshirish va stajirovkadan o‘tkazish amaliyoti samarali ishlab kelmoqda. Birgina 2025-yilda 183 nafar pedagog Singapur, Malayziya, Koreya, Ozarbayjon, Fransiya, Germaniya, Buyuk Britaniya va Turkiya davlatlarida malaka oshirdi.
Oliy ma’lumotli pedagog kadrlarni tayyorlashni yagona konseptual yondashuv asosida amalga oshirish maqsadida 13 ta pedagogika oliy ta’lim tashkilotlari Maktabgacha va maktab ta’lim vazirligi tizimiga o‘tkazildi. Bugungi kunda pedagogika oliy ta’lim tashkilotlarida 145 ming nafardan ortiq talabalar tahsil olmoqda.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan o‘qituvchilarning oylik maoshi bosqichma – bosqich oshirib borilmoqda. Bundan 10 yil avval maktab o‘qituvchisining oylik ish haqi 1,5 million so‘mgacha bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunga kelib bu miqdor deyarli 3 barobarga oshdi hamda pedagoglarning bazaviy ta’rif stavkasi 5 143 717 million so‘mni tashkil etmoqda.
Bundan tashqari, o‘qituvchining toifasi, stavkasi, staji, mehnat samaradorligi va ilmiy faoliyatiga qarab ish haqiga qo‘shimcha va ustamalarni qo‘shish tizimi joriy etildi. 2026 yilda mazkur tartib asosida 24 289 nafar pedagog
10 milliondan 20 million so‘mgacha miqdorda ish haqi olib kelmoqda.
Bugungi kunda ta’lim transformasiyasi mehnat bozori bilan tobora yaqin integratsiyalashmoqda. Mamlakatimizdagi 400 ta maktabda kasb-hunarga o‘qitish joriy etilib, bitiruvchilarga o‘qigan kasb-hunarlari bo‘yicha imtihon asosida ishlash huquqini beruvchi sertifikat berish yo‘lga qo‘yildi.
Raqamli iqtisodiyot sharoitida zamonaviy axborot texnologiyalaridan mukammal foydalana olish zamon talabiga aylanib, kelajak kasblarining asosiy qismi raqamli va texnologik kompetensiyalarga bog‘liq bo‘lib bormoqda. O‘quvchilarimiz bu yo‘nalishda ham o‘z tashabbuslarini ko‘rsatib, yuqori natijalarni qayd etib kelmoqda.
Xususan, “Bir million o‘zbek dasturchilari” loyihasi bo‘yicha 1 007 062 nafar o‘quvchi xalqaro bitiruvchi sertifikatiga ega bo‘ldi. “Besh million sun’iy intellekt yetakchilari” loyihasi doirasida 59 242 nafar o‘quvchi sertifikatga ega bo‘ldi.
So‘nggi 6 yilda 70 tadan ortiq nufuzli, xalqaro va mintaqaviy olimpiadalarda ishtirok etgan o‘quvchilarimiz tomonidan 276 ta (44 ta oltin, 80 ta kumush, 152 ta bronza) medal qo‘lga kiritildi.
Xususan, 2022-yilda yurtimizda o‘tkazilgan 56-Xalqaro Mendeleyev kimyo olimpiadasida o‘zbekistonlik o‘quvchilar tomonidan 10 ta (1 ta oltin, 4 ta kumush, 5 ta bronza) medal qo‘lga kiritilgan.
2025 yilda O‘zbekistonda o‘tkazilgan Al-Xorazmiy nomidagi xalqaro matematika va informatika, shuningdek, Abu Rayhon Beruniy nomidagi xalqaro kimyo olimpiadasi o‘tkazilib, unda 300 nafardan ziyod ishtirokchi qatnashdi.
IT-ta’limiga e’tibor berilishi natijasida 2023-yil O‘zbekiston o‘quvchilari tarixda ilk bora nufuzli Xalqaro Informatika olimpiadasida 2 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi.
Joriy yilning I choragi davomida xalqaro, mintaqaviy va nufuzli fan olimpiadalarida 27 ta medal (5 ta oltin, 10 ta kumush, 12 ta bronza) qo‘lga kiritildi.
2026-yilda ilk bor 2 ta nufuzli xalqaro olimpiada — 58-Xalqaro kimyo olimpiadasi (10-19 iyul kunlari) hamda 38-Xalqaro informatika olimpiadasi (9-16 avgust kunlari) O‘zbekistonda o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
2017-2025-yillarda Investisiya dasturi doirasida jami 7 099 ta umumta’lim maktabi jihozlangan bo‘lib, buning uchun respublika byudjetidan 2 trln so‘mga yaqin mablag‘ ajratilgan.
Shuningdek, 2017-2025 yillarda 727,7 mlrd so‘m mablag‘ ajratilib, 2 493 ta maktabgacha ta’lim tashkilotlari mebel va boshqa turdagi jihozlar bilan ta’minlangan.
2025 yilning o‘zida Investisiya dasturi doirasida jami 629 ta (25 ta yangi qurilish, 508 ta rekonstruksiya, 96 ta mukammal ta’mirlash) umumta’lim maktabi zarur jihozlar bilan ta’minlangan.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan ayni vaqtda xorijiy mamlakatlar ishtirokida qiymati 400 mln AQSH dollaridan ortiq 17 ta investisiya loyihalari amalga oshirib kelinmoqda (davlat kafolatidagi 4 ta (254 mln AQSH dollari), 13 ta grant loyihalari (146 mln AQSH dollari).
Xususan, Saudiya Arabistoni bilan 211 mln dollar (3 ta loyiha), AQSH bilan 94 mln dollar (3 ta loyiha), Koreya Respublikasi bilan 45 mln dollar (2 ta loyiha), Xitoy Xalq Respublikasi bilan 20 mln dollar (3 ta loyiha), Yaponiya bilan 7 mln dollar (1 ta loyiha), Hindiston bilan 1 mln dollar (1 ta loyiha) Ozarbayjon bilan 600 ming dollar (1 ta loyiha) Shveysariya (“Ishonch” jamg‘armasi) bilan 43,5 mln dollar (1 ta loyiha) qiymatiga ega loyihalar ustida hamkorlik ishlari olib borilmoqda.
Joriy yil yakuniga qadar 1 500 dan ortiq nodavlat bog‘cha, 49 ta Ilk rivojlanish markazi, 485 ta bir yillik majburiy tayyorlov guruhi hamda “Yangi avlod” maktabgacha ta’lim tashkilotlari tashkil etilishini rejalashtirilgan.
Shuningdek, Gyote-Instituti bilan hamkorlikda “InfoCheck Central Asia” loyihasi hamda O‘zbekistonda ilk bor 58-xalqaro Kimyo hamda 38-xalqaro Informatika olimpiadalari o‘tkazilishi belgilangan.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzuridagi Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tarkibida dastlab jami 16 ta (4 ta Prezident, 9 ta ijod va 3 ta ixtisoslashtirilgan) maktab faoliyat yuritgan bo‘lsa, bugungi kunga kelib ularning soni 234 taga (14 ta Prezident, 9 ta ijod, 2 ta sport, 202 ta ixtisoslashtirilgan maktab va Al-Beruniy nomidagi xalqaro maktab-internati) yetkazildi.
Maktablarda o‘quvchilarning turli tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida joriy etilgan 3 400 ta maktab maslahatchisi lavozimi uchun 2 bosqichli (test, suhbat) tanlov o‘tkazildi.
Unda 10 497 nafar nomzod dastlab tanlov.uzedu.uz platformasi orqali test jarayonida ishtirok etdi. Shuningdek, birinchi bosqichdan o‘tgan 6 106 nafar nomzod tanlovning suhbat bosqichida qatnashdi hamda ularning 2700 nafarga yaqini tegishli tavsiyanomalar asosida mazkur lavozimga tayinlandi.
Ayni vaqtda turli sabablarga ko‘ra mazkur lavozimda ishlashni rad etgan nomzodlar o‘rniga suhbat bosqichida 2-o‘rinni egallagan talabgorlarga tavsiyanoma berish va ularni ushbu lavozimga tayinlash bo‘yicha zarur ish olib borilmoqda.
Tadbir so‘nggida jurnalistlarning mavzuga doir savollariga mutasaddilar tomonidan atroflicha javob berib o‘tildi.
Maktabgacha va maktab ta’limi
vazirligi Axborot xizmati
