Brifing
2026-02-10 16:00:00 / Yangiliklar

Bugungi brifing davomida Davlatimiz rahbarining kuni kecha imzolangan “Maktabgacha ta’lim va tarbiya tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonida belgilangan muhim tafsilotlar xususida so‘z yuritamiz.
Mazkur Farmonning asosiy maqsadi, maktabgacha ta’lim va tarbiya tizimini ilg‘or xorijiy tajribalar asosida takomillashtirish, innovasion maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarmog‘ini tashkil etish, nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash hamda mazkur yo‘nalishdagi pedagog kadrlar salohiyatini har tomonlama oshirishdan iboratdir.
Farmonga asosan, bir yillik maktabga tayyorlov guruhlari ta’lim dasturi majburiy umumiy o‘rta ta’limning dastlabki bosqichi sifatida kiritiladi hamda maktabgacha ta’lim tizimida o‘yinga asoslangan ta’lim yo‘nalishi joriy etiladi.
Shuningdek, maktabgacha ta’lim va tarbiya tizimini yangi sifat bosqichiga olib chiqishga qaratilgan "Yangi avlod" maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarmog‘i hamda uning tarkibida Bolalarni rivojlantirish innovasion markazlari tashkil etiladi.
Bir yillik maktabga tayyorlov guruhlari maktabgacha ta’lim tashkilotlari, umumta’lim maktablari va boshqa ijtimoiy soha ob’yektlarida to‘liq yoki qisqa muddatli guruhlarda amalga oshiriladi. Shu bilan birga, maktabgacha va umumiy o‘rta ta’lim xizmatlarini ko‘rsatuvchi nodavlat ta’lim tashkilotlariga bir yillik maktabga tayyorlov guruhlarini tashkil etishga ruxsat beriladi.
2027-2028 o‘quv yilidan boshlab maktabga tayyorlov guruhlarida ta’lim jarayonlari oliy ma’lumotli pedagoglar, shuningdek, oliy ta’lim tashkilotlarining bitiruvchi bosqich talabalari tomonidan olib boriladi.
Maktabga tayyorlov guruhlarida ta’lim-tarbiya olgan bolalarga bir yillik maktabga tayyorlovdan o‘tganlik to‘g‘risida davlat namunasidagi elektron sertifikat beriladi hamda ushbu ma’lumotlar umumiy o‘rta ta’lim to‘g‘risidagi shahodatnomada qayd etiladi.
2026-2028 yillarda "Yangi avlod" maktabgacha ta’lim tashkilotlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar markazlari va Toshkent shahrida bittadan tashkil etiladi hamda davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti sifatida faoliyat olib boradi.
Ushbu ta’lim tashkilotlarining ma’muriy-boshqaruv va pedagog xodimlar lavozimlariga oliy ma’lumotli, yuqori salohiyatli nomzodlar tanlov asosida qabul qilinadi hamda tarif stavkasiga nisbatan 20 foiz miqdorida davlat byudjetidan har oylik qo‘shimcha ustama beriladi.
2026-2027 o‘quv yilidan boshlab pedagogika oliy ta’lim tashkilotlarida maktabgacha va boshlang‘ich ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha bakalavrlarni tayyorlash tizimi xalqaro ilg‘or tajriba asosida amalga oshiriladi.
Tegishli oliy ta’lim tashkilotlarida o‘rta maxsus ma’lumotli pedagog kadrlar uchun dual ta’lim shaklida maktabgacha ta’lim yo‘nalishida to‘lov-shartnoma asosida bakalavrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi.
2026-yil 1-apreldan boshlab Toshkent shahrini mustasno qilgan holda maktabgacha ta’lim qamrovi 80 foizdan past bo‘lgan tuman (shahar)lardagi tadbirkorlik sub’yektlari uchun qator imtiyozlar joriy etilmoqda.
Xususan, maktabgacha ta’lim tashkilotlari va umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarining bo‘sh yer maydonlarida davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida maktabgacha ta’lim tashkilotlari tashkil etishga ruxsat beriladi.
Bunda ijara to‘lovlari 30 yil muddat davomida undirilmaydi, har bir bola uchun 9 soatlik ish rejimidagi davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarining bir nafar tarbiyalanuvchisiga sarflanadigan xarajatning 50 foizi miqdorida elektron davomat asosida davlat-xususiy sheriklik bitimi amal qilish muddati davomida subsidiya beriladi.
Mazkur imtiyoz qamrov darajasi 80 foizdan past bo‘lgan tuman (shahar)larda 2024 yildan boshlab tashkil etilayotgan nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlariga nisbatan ham tatbiq etiladi.
Maktabgacha ta’lim qamrovi 80 foizdan past bo‘lgan tuman (shahar)lar ro‘yxati Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan belgilangan tartibda tasdiqlanadi hamda ushbu ro‘yxat har moliyaviy yil uchun yangilab boriladi.
Hurmatli yurtdoshlar!
Shu o‘rinda mavzuga doir ijtimoiy tarmoqlar orqali berilayotgan ayrim savollarga javob berib o‘tamiz.
Birinchi savol: bolalarni maktabga tayyorlovga qamrab olish darajasi 100 foizga yetkazish uchun hozirda qanday ishlar amalga oshirilmoqda, bu ko‘rsatkichga qachon yetish ko‘zda tutilgan?
Javob:O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 28 yanvardagi PF-60-son Farmonining 38-maqsadida 2022/2023 yillarda 6 yoshli bolalarni maktabgacha tayyorlov tizimi bilan qamrab olish darajasini 90 foizga, 2024/2025 o‘quv yili yakuniga qadar 100 foizga yetkazish belgilangan.
Aholining keskin demografik o‘sishi, shuningdek, mamlakatimizda yaratilayotgan yangi ishlab chiqarish ob’yektlarining ishga tushirilishi natijasida xorijiy davlatlarda faoliyat yuritgan fuqarolarimizni o‘z yashash manzillariga qaytishi natijasida maktabgacha ta’lim tashkilotlari quvvatiga nisbatan bolalar sonining oshib ketishi maktabgacha ta’limning muqobil shakllarini yaratish zaruratini yuzaga keltirdi.
Muqobil shakl sifatida Ilk rivojlanish markazlari va olis hududlarda esa “Aqlvoy” mobil guruhlari tashkil etilmoqda.
Yuqoridagi o‘zgarishlarni, xususan, aholi sonini keskin o‘sishini inobatga olgan holda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 11-sentabrdagi PF-158-son Farmoniga muvofiq 2030-yilgacha bolalarni maktabga tayyorlov guruhlari bilan to‘liq qamrab olish belgilandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026 yil 5 fevraldagi
PF-19-son Farmonida bir yillik maktabga tayyorlov guruhlari umumiy o‘rta ta’limning dastlabki bosqichi sifatida kiritildi va 2027-2028 o‘quv yilidan boshlab 6 yoshli bolalarga maktabga tayyorlovdan o‘tganlik to‘g‘risida davlat namunasidagi elektron sertifikat berilishi belgilandi.
Aynan, mazkur Farmon bilan nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarmog‘ini kengaytirish uchun joriy etilayotgan imtiyozlar ham joylarda qo‘shimcha o‘rinlar yaratish imkonini beradi.
Ikkinchi savol: bu yil 6 yoshli bolalar nolinchi sinfga borarkan, deb eshitdim. Shu to‘g‘risida batafsil ma’lumot berib o‘tsangiz.
Javob: bu yil, ya’ni 2026-2027 o‘quv yilida maktabga tayyorlov guruhlariga bolalar amaldagi tartib asosida (ya’ni, umumiy o‘rta ta’lim tashkilotining birinchi sinfiga bolalar ular yetti yoshga to‘ladigan yilda) qabul qilinadi va ta’lim-tarbiya jarayonlari davom ettiriladi.
Bir yillik maktabga tayyorlovdan o‘tganlik to‘g‘risida davlat namunasidagi elektron sertifikat berilishiga oid barcha normativ-huquqiy hujjatlar ishlab chiqiladi.
2027-2028 o‘quv yilidan boshlab esa maktabga tayyorlov guruhlarida ta’lim-tarbiya olgan bolalarga bir yillik maktabga tayyorlovdan o‘tganlik to‘g‘risida davlat namunasidagi elektron sertifikat beriladi hamda ushbu ma’lumotlar umumiy o‘rta ta’lim to‘g‘risidagi shahodatnomada qayd etiladi.
Bir yillik maktabga tayyorlov guruhlarining ta’lim dasturi majburiy umumiy o‘rta ta’limning dastlabki bosqichi sifatida kiritiladi.
Barcha 6 yoshli bolalarni qamrab olish uchun sharoitlar yaratish maqsadida bir yillik maktabga tayyorlov guruhlari faoliyati maktabgacha ta’lim tashkilotlari, maktablar va ijtimoiy soha ob’yektlarida yo‘lga qo‘yiladi.
Eng asosiysi, nodavlat ta’lim tashkilotlariga ham bir yillik maktabga tayyorlov guruhlarini tashkil etishga ruxsat beriladi.
Uchinchi savol: “Yangi avlod” maktabgacha ta’lim tashkilotlarining o‘ziga xosligi nimada? Bu bog‘chalarga qabul jarayonlari qanday tashkil etiladi?
Javob: “Yangi avlod” maktabgacha ta’lim tashkilotlari bu ayrim ijtimoiy tarmoqlarda noto‘g‘ri talqin qilinganidek, “bog‘chadan boshlab tabaqalashtirish” jarayoni emas.
Mazkur bog‘chalarga ham bolalarni qabul qilish Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 28-martdagi 244-son qarori bilan belgilangan tartibga muvofiq amalga oshiriladi.
“Yangi avlod” maktabgacha ta’lim tashkilotlari maktabgacha ta’lim va tarbiya tizimini yangi sifat bosqichiga olib chiqishga qaratilgan va Bolalarni rivojlantirish innovasion markazini o‘z ichiga olgan bog‘cha hisoblanadi.
“Yangi avlod” maktabgacha ta’lim tashkilotlarida bolalarning yoshi va rivojlanish bosqichlariga mos ravishda ijod va san’at, fan va matematika, jismoniy faollik va sarguzasht, til va tasavvur hamda robototexnika va ilk algoritmlash yo‘nalishlarida tematik o‘yingohlar tashkil etilib, boshqa bog‘chalar uchun metodik yordam ko‘rsatadi.
Ushbu markazlardagi har bir tematik o‘yingoh uchun ajratiladigan 1 ta shtat birligidan iborat tarbiyachi-yo‘riqchilar esa bolalarning rivojlanishida ota-onalar va bog‘cha tarbiyachilari uchun professional yordamchi vazifasini o‘taydi.
