Sarhisob brifingi
2025-12-25 17:00:00 / Yangiliklar

Assalomu alaykum.
Bugungi brifingmizda Maktabgacha va maktab ta’limi sohasida joriy yilda amalga oshirilgan eng muhim ishlar haqida atroflicha ma’lumot berib o‘tamiz.
Joriy yilda soha rivojini ta’minlash, ta’lim sifatini oshirish hamda pedagoglar faoliyatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida tizimga oid 23 ta normativ-huquqiy hujjat, xususan, 3 ta Prezident Farmoni, 5 ta Prezident qarori hamda 15 ta Hukumat qarori qabul qilindi.
Buning natijasida 59 ta yangi maktab faoliyati yo‘lga qo‘yildi va maktablar soni 10 193 taga, o‘quvchilar soni 6,5 mln nafarga yetkazildi.
2025-2026 o‘quv yilida umumiy hisobda 726 231 nafar o‘quvchi, jumladan 209 280 nafar o‘quvchi onlayn shaklda 1-sinfga qabul qilindi. Mazkur o‘quvchilar to‘liq ravishda 12 nomdagi o‘quv qurollaridan iborat Prezident sovg‘alari bilan ta’minlandi.
2024-2025 o‘quv yilida maktablarni tamomlagan 433 503 nafar 11-sinf hamda 633 952 nafar 9-sinf bitiruvchilariga tegishli shahodatnomalar berildi. Maktablarning 13 686 nafar iqtidorli bitiruvchilari 11 461 ta oltin va 2 407 ta kumush medal bilan taqdirlandi.
Joriy yilda maktabgacha ta’lim tizimini rivojlantirish yo‘nalishida ham ko‘plab amaliy ishlar yo‘lgv qo‘yildi hamda buning natijasida bolalarni maktabgacha ta’limga qamrab olish ko‘rsatkichi 78 foizga, 6 yoshli bolalar qamrovi 98 foizga yetkazildi.
Mamlakatimizning 13 ta hududida 135 ta yangi davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti foydalanishga topshirildi va buning natijasida qo‘shimcha 16 820 ta bola o‘rni yaratildi.
Joylarda yo‘lga qo‘yilgan «Aqlvoy» avtobuslari negizida mahallalarda 60 ta o‘yin maydonchalari tashkil etildi hamda 142 ta mobil guruh faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Samarqand viloyati Qo‘shrabot tumanining olis hududlarida joylashgan 20 ta maktab o‘quvchilari uchun 17 ta yangi avtobus faoliyati tashkil etilgan.
Joylarda bolalarning o‘ziga xos qobiliyatlari hamda iqtidorlarini namoyon etishga qaratilgan 50 ta Ilk rivojlanish markazlari tashkil etildi. 325 ta tayanch MTT faoliyati yo‘lga qo‘yildi hamda elektron doska va planshetlar bilan to‘liq ta’minlandi.
Maktabgacha ta’lim sohasiga zamonaviy yondashuvlarni joriy qilish maqsadida Singapur davlatining «Marshell Cavendish Education» tashkiloti bilan hamkorlikda «Quvnoq matematika» va «Bilag‘on bolajon» nomli o‘quv-metodik majmualar mahalliylashtirildi va nashr etildi.
Davlatimiz rahbarining 2024 yil 23 sentyabrdagi tegishli qaroriga asosan, 2025 yil 1 yanvardan boshlab kambag‘al oilalar farzandlari davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlariga imtiyozli asosda qabul qilish, «El-yurt umidi» jamg‘armasi tomonidan kambag‘al oilalarning farzandlari uchun alohida kvotalar ajratish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi.
2025-2026 o‘quv yilidan boshlab, kambag‘al oilalar farzandlarining davlat oliy ta’lim muassasalari talabalar turar joylaridagi yashash xarajatlari davlat byudjeti hisobidan qoplab berilish boshlandi.
Maktablar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, yangi o‘quvchi o‘rinlarini yaratish borasida ham qator ishlar yo‘lga qo‘yildi.
Joriy yilda Investisiya dasturi, Vazirlar Mahkamasining tegishli bayonlari va Xalqaro mablag‘lar hisobidan jami 832 ta ob’yektlarda qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirilish belgilangan bo‘lsa, hozirga qadar 493 ta umumta’lim, 9 ta ixtisoslashtirilgan maktab va 330 ta maktabgacha ta’lim tashkilotlarida qurish, rekonstruksiya qilish, mukammal ta’mirlash va jihozlash ishlari amalga oshirildi.
Xususan, maktablarning 43 tasida yangi qurilish, 371 tasida rekonstruksiya, 88 tasida mukammal ta’mirlash, maktabgacha ta’lim tashkilotlarining 103 tasida yangi qurilish, 191 tasida rekonstruksiya, 36 tasida mukammal ta’mirlash ishlari bajarildi.
Buning natijasida maktablarda qo‘shimcha 142 mingga yaqin o‘quv o‘rni yaratildi hamda mavjud 92 ming 400 o‘rinli binolar mukammal ta’mirlandi.
Maktabgacha ta’lim tashkilotlarida esa 17 ming 400 ta yangi o‘rin tashkil etilib, 28 mingga yaqin o‘rin rekonstruksiya qilindi va 6,5 ming o‘rinli binolar ta’mirlandi.
Joriy yilda vazirlik tizimida ko‘plab yangi ta’lim maskanlari ochildi yoki kengaytirildi.
Jumladan, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabning 8 ta hududda, Abu Ali ibn Sino nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabning 6 ta hududda filiallari tashkil etildi.
Toshkent shahrida Al-Beruniy nomidagi xalqaro maktab-internati, Urganch shahrida Al-Xorazmiy universiteti tashkil etildi.
Shuningdek, Farg‘ona va Quvasoy shaharlarida, Buloqboshi, Jalaquduq, Paxtaobod, Gʻuzor, Bulung‘ur, Yuqori Chirchik, Gurlan, Urganch hamda Bog‘ot tumanlarida yangi ixtisoslashtirilgan maktablar tashkil etildi.
O‘quvchilarni nufuzli oliy ta’lim muassasalariga maqsadli tayyorlashga qaratilgan «Prezident iqtidorli farzandlari» milliy dastur faoliyati yo‘lga qo‘yildi va dasturga 2 642 ta hujjat qabul qilindi.
Ta’lim tashkilotlari xodimlarini moddiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida joriy yilda maktab direktorining bazaviy tarif stavkasi 20 foizga, maktab direktori o‘rinbosarining bazaviy tarif stavkasi 15 foizga oshirildi.
Shuningdek, maktabgacha ta’lim tashkiloti direktorlarining bazaviy tarif stavkalari 3-chi va 4-chi guruhdagi maktab direktori o‘rinbosari lavozimining bazaviy tarif stavkalariga tenglashtirish orqali o‘rtacha 70 foizga o‘sdi.
Maktab xodimlariga Direktor jamg‘armasidan to‘lanadigan mukofot puli miqdori 50 foizdan 75 foizga qadar, tizimdagi muassasa va tashkilotlarning bo‘sh turgan binolari ijarasidan tushgan mablag‘larning balansda saqlovchiga tushadigan qismi 40 foizdan 75 foizga oshirildi.
Yurtimiz umumta’lim maktablariga 1 500 ga yaqin til egalari va yuqori malakali xorijiy mutaxassislar jalb etildi. Buning natijasida xorijiy mutaxassislar jalb qilingan maktab o‘quvchilari orasida xorijiy til sertifikatlarini olganlar soni 2025 yilda 7 306 nafarga yetdi (2024 yilda 2 951 nafar).
Respublika bo‘yicha xorijiy til sertifikatlariga ega jami maktab o‘quvchilari soni esa 2023-2024-o‘quv yilida 37 074 nafar tashkil etgan bo‘lsa, 2025-2026-o‘quv yilida 53 204 nafarni tashkil etmoqda.
Ikkinchi xorijiy tilga o‘rgatish amaliyoti joriy etilgan maktablar soni 420 taga yetkazilib, 8 ming nafar o‘quvchilar ikkita til bo‘yicha tahsil olmoqda.
Davlatimiz rahbari boshchiligida joriy yil 15 mayda o‘tkazilgan selektor yig‘ilishida berilgan tegishli topshiriqqa asosan, joriy yilda 360 nafar pedagog Turkiya, Germaniya, Malayziya, Fransiya, Azarbayjon davlatlariga malaka oshirishga yuborildi.
Joriy yilda maktabdan tashqari ta’lim yo‘nalishini har tomonlama rivojlantirish bo‘yicha ham salmoqli qadamlar qo‘yildi.
Xususan, vazirlik tizimidagi «Barkamol avlod» bolalar maktabi, Respublika o‘quvchi yoshlar markazi hamda «Yoshlik» jismoniy tarbiya va sport jamiyati negizida «Kelajak» markazlari tashkil etildi.
Ushbu markazlar faolitiyatini maktablarda rivojlantirish hamda o‘quvchilar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida maktab maslahatchisi lavozimi joriy etildi va uning maoshi maktab direktori o‘rinbosari lavozim maoshiga tenglashtirildi.
Joriy yilda 2 bora pedagoglar ishtirokida o‘tkazilgan malaka toifa sinovlarida 353 604 nafar pedagog qatnashgan bo‘lsa, ularning 22 311 nafariga oliy, 43 445 nafariga birinchi, 60 055 nafariga ikkinchi, 13 371 nafariga mutaxassis malaka toifasi berildi.
Buning natijasida umumiy hisobda 125 811 nafar malaka toifasini saqlagan va oshirgan pedagoglarga tegishli malaka toifa sertifikatlari berildi. Bundan tashqari, 6 553 nafar pedagog to‘g‘ridan-to‘g‘ri, ya’ni attestatsiyadan o‘tkazilmasdan malaka toifa sertifikatlariga ega bo‘ldi.
Tegishli milliy va xalqaro tan olingan sertifikatlarga ega 48 ming 600 nafarga yaqin pedagoglarga belgilangan tartibda ustama to‘landi.
Joriy yil yurtimiz o‘quvchilari 29 ta xalqaro olimpiadada munosib ishtirok etib, jami 210 ta, jumladan 40 ta oltin, 78 ta kumush, 92 ta bronzani medallarini qo‘lga kiritdi.
Fan olimpiadalari tarixida yangi natija qayd etilib, yurtimiz o‘quvchilari Birlashgan Arab amirliklarida bo‘lgan xalqaro kimyo olimpiadasida 2 ta oltin, Boliviyada bo‘lgan xalqaro informatika olimpiadasida ilk kumush medal bilan taqdirlandi. Ilk marta Yevropa qizlar matematika olimpiadasidan qatnashgan o‘zbek o‘quvchi qizlari 1 ta kumush va 2 ta bronza medaliga ega bo‘lishdi.
Joriy yilda 208 ta davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida tajriba-sinov tariqasida 434 ta inklyuziv ta’lim guruhi tashkil etildi va ularga 1 223 nafar nogironligi bo‘lgan bola jalb etildi.
Shuningdek, qo‘shimcha 1 073 ta maktabda inklyuziv ta’lim joriy etilib, ularning soni 2023 taga yetkazildi. Buning natijasida 2 608 nafar nogironligi bo‘lgan bola inklyuziv ta’limga jalb etildi.
Uyda ta’lim olayotgan 1-4-sinf o‘quvchilariga 12 turdagi, 5-11-sinf o‘quvchilariga 8 turdagi o‘quv qurollaridan iborat «Prezident sovg‘a»lari yetkazib berildi.
Ta’lim muassasalarida har dushanba kuni «Kelajak soati» darslarini o‘tkazish yo‘lga qo‘yildi. 208 ta tuman (shahar)da bittadan «Jasorat maktabi» faoliyati yo‘lga qo‘yildi va ularga 5 408 nafar o‘quvchi qabul qilindi.
Sohaga doir joriy yilda amalga oshirilgan eng muhim ishlar mana shulardan iborat. E’tiboringiz uchun rahmat.
