Soliq qonunchiligidagi oʻzgarishlar tushuntirilmoqda
2026-03-03 10:30:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari
Xorazm viloyatida “Soliq va budjet siyosatining 2026-yilga moʻljallangan asosiy yoʻnalishlari qabul qilinganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonuni bilan Soliq kodeksi hamda boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga kiritilgan muhim oʻzgartirish va qoʻshimchalar boʻyicha tadbirkorlar uchun seminar tashkil etildi. Unda Urganch shahar va Urganch tumani tadbirkorlari faol ishtirok qildi.
2026-yil uchun asosiy soliq stavkalari, jumladan QQS 12 foiz, foyda soligʻining bazaviy stavkasi 15 foiz, daromad soligʻi 12 foiz, yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq stavkasi 1,5 foiz, qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlar uchun yer soligʻi 0,95 foiz, ijtimoiy soliq 12 foiz (budjet tashkilotlariga 25 foiz), aylanmadan olinadigan soliq 4 foiz miqdorida oʻzgarishsiz qoldirilgani taʼkidlandi.
Kiritilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalarni shartli ravishda 4 ta yoʻnalishda tushuntirildi. Xususan, tadbirkorlar tomonidan “5–ochiq muloqot”da ilgari surilgan takliflarni amaliyotga joriy qilish. Bunda aylanmadan olinadigan soliq toʻlashdan ilk marta qoʻshilgan qiymat soligʻi va foyda soligʻi toʻlashga oʻtayotgan tadbirkorlarga:
– bir yil davomida foyda soligʻini toʻlashdan ozod qilinishi;
– QQS toʻlovchisi boʻlish tartibini buzganlik uchun 1 yil davomida jarima qoʻllanilmasligi;
– ularning buxgalteriya xizmatlari xarajatlari 6 oy davomida har oyda mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining 3,5 baravaridan (yoki 4,5 million soʻmdan) oshmagan qismini toʻlayotgan soliq toʻlovlari hisobidan chegirib tashlash mumkinligi toʻgʻrisida tushuntirishlar berildi.
Shuningdek, foyda soligʻi boʻyicha har oy boʻnak toʻlovlarini toʻlashi lozim boʻlgan tadbirkorlik subyektlari daromadining chegaraviy miqdori 10 mlrd soʻmdan 20 mlrd soʻmgacha oshirilayotgani taʼkidlandi.
Korxonalar oʻz mablagʻlari hisobidan ijtimoiy infratuzilma tarmoqlarini, xususan, elektr, gaz, issiqlik taʼminoti, suv taʼminoti, kanalizatsiya va yoʻl qurib, tegishli tarmoq korxonalariga bepul beradigan boʻlsa, korxonaning ushbu xarajatlarini foyda soligʻidan chegirish imkoniyati berilishi;
Tadbirkorlarga sayyor soliq tekshiruvi boʻyicha moliyaviy jarima summasini 6 oy ichida teng ulushlarda toʻlash imkoniyati berilishi;
Kameral soliq tekshiruvi oʻtkazilgan davrda aynan bir xil holat boʻyicha qayta kameral soliq tekshiruvi hamda soliq auditi oʻtkazilayotgan davrda “avtokameral” oʻtkazmasligi;
Mulk, yer, qoʻshilgan qiymat, aylanmadan olinadigan, daromad va ijtimoiy soliq boʻyicha hisobotlarni soliq organlari shakllantirishi;
Mazkur yangi tartib boʻyicha soliq organlari oʻzi hisobotni shakllantirib beradi va hisobot muddatidan kechiktirilmagan holda soliq toʻlovchilar 5 kungacha uni oʻzgartirishlari mumkin. Agar shu muddatda oʻzgartirish kiritilmasa, bu soliq toʻlovchining hisobotga roziligini bildiradi.
Milliy va xorijiy marketpleyslar orqali eksport qilingan tovarlar uchun qoʻshilgan qiymat soligʻini qaytarib berilishi belgilandi.
Endilikda korxonalar oʻzlarining tovarlarini “Uzum market”, “Wildberriyes”, “Ozon” kabi marketpleyslar orqali chet davlatga sotsa, bu holatda ham QQSnig nol stavkasi boʻyicha soliq qaytarib beriladi.
Soliq toʻlovchining soliq qarzini uning debitorlaridan undirish tartibini joriy etiladi. Bunda soliq qarzi mavjud tadbirkorlik subyektlari soliq organiga soliq qarzini oʻzining debitorlari hisobidan undirishni soʻrab murojaat qilishi huquqi berilmoqda.
Ushbu tartib soliq organiga murojaat qilgan tadbirkor va uning debitorlari oʻrtasidagi oʻzaro hisob–kitoblarning solishtirma dalolatnomasi asosida amalga oshiriladi.
Tadbirkorlarga bir nechta hisobotlar taqdim etilmaganda barcha taqdim etilmagan hisobotlar boʻyicha bitta jarima qoʻllaniladi.
Amalda soliq toʻlovchilarga oʻz vaqtida topshirilmagan har bir soliq hisoboti uchun alohida jarima qoʻllaniladi. Jarima miqdori fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining 3 baravari (1,2 mln soʻm), mansabdor shaxslarga esa 10 baravarini (4,1 mln soʻm) tashkil etadi.
Soliq hisobotini kechiktirib taqdim etgani uchun maʼmuriy jarima miqdori kichik tadbirkorlik subyektlarining mansabdor shaxslariga nisbatan BHMning 10 baravaridan 3 baravariga (1,2 mln soʻm) hamda fuqarolarga BHMning 3 baravaridan 1 baravariga (412 ming soʻm) tushirilmoqda;
Amaldagi qonunchilikka asosan kichik tadbirkorlik subyektlariga
YATT, mikrofirma va kichik korxonalar kiradi.
Oxirgi 3 oyda soliq hisobotlarini oʻz vaqtida taqdim etib kelgan tadbirkorlarga hisobotni 5 kungacha kechiktirib taqdim etsa maʼmuriy jarima qoʻllamaslik belgilanmoqda.
QQS guvohnomasining amal qilishini 30 kungacha soliq organi, 30 kundan ortiq muddatga sud tomonidan toʻxtatish mumkin boʻladi.
Aylanmasi 10 mlrd soʻmgacha boʻlgan va soliq xavfi oʻrta darajadagi tadbirkorlarni ixtiyoriy tugatishda xulosa berish vakolatini soliq organidan xususiy auditorlik tashkiloti yoki soliq maslahatchilariga oʻtkazish belgilanmoqda.
Bugungi kungacha bunday korxonalar faqat soliq organlari tomonidan yakuniy tekshiruv oʻtkazilgan holda tugatilar edi.
Hisobvaraq-fakturalarning xavf darajasiga asosan QQSni hisobga olish tartibi joriy etilmoqda.
Bunda hisobvaraq-fakturalar xavf darajasi sunʼiy intellekt
(inson omilisiz) orqali aniqlanadi va jami rasmiylashtirilgan hisobvaraq–fakturalar orasida yuqori xavf darajasining ulushi 10 foizdan oshmasligi koʻzda tutilgan.
Tovarlar (xizmatlar) xaridoriga oʻziga yuborilgan hisobvaraq–fakturaning xavf darajasini koʻrish imkoniyati taqdim etiladi. Yuqori xavf darajasiga ega boʻlgan hisobvaraq–fakturalar boʻyicha QQSni hisobga olish tovarlar (xizmatlar) xaridori tomonidan soliq agenti sifatida QQSni budjetga toʻlanganda hisobga olish amalga oshiriladi.
Elektron toʻlov tizimlari va toʻlov tashkilotlarining raqamli platformalarida generatsiya qilingan maxsus QR kodlarni qoʻllash nazorat–kassa texnikasini, hisob–kitob terminallarini qoʻllash tartibiga tenglashtirilmoqda.
Endilikda agar tadbirkorlarning savdo yoki xizmat koʻrsatish joylarida xaridorlar uchun maxsus QR kodlar mavjud emasligi 5 million soʻm miqdorida jarima qoʻllanishiga sabab boʻladi.
2–yoʻnalish. 2026-yil uchun soliq siyosatining asosiy yoʻnalishlari va soliq maʼmurchiligini takomillashtirish.
Soliq islohotlarini izchil davom ettirish va soliq maʼmurchiligini takomillashtirish doirasida quyidagilar nazarda tutilmoqda:
a) elektron tijorat subyektlari uchun foyda soligʻi stavkasini 10 foizdan 15 foizga hamda aylanmadan olinadigan soliq stavkasini 3 foizdan 4 foizga tenglashtirilmoqda;
b) Resurs soliqlari boʻyicha quyidagilar belgilanmoqda:
– yuridik shaxslar tomonidan mol–mulk va yer soligʻi imtiyozlarini maqsadli koʻrsatkichlar asosida qoʻllash belgilanmoqda.
Maqsadli koʻrsatkich: (1) yuridik shaxsning tovarlar (xizmatlar) aylanmasi imtiyoz summasidan koʻp boʻlishi va (2) eng kamida 3 nafar xodimga ega boʻlishi hamda ishchilariga eng kam ish haqi miqdorining 2 baravaridan kam boʻlmagan ish haqi hisoblanishi belgilanmoqda.
Ushbu tartib 2026-yil yakunlariga koʻra 2027-yildan boshlab soliq toʻlovchilarga qoʻllaniladi. Ushbu tartibni qoʻllashning ayrim jihatlari boʻyicha tartib ishlab chiqish koʻzda tutilgan.
– noturar obyektlar boʻyicha mol–mulk soligʻi bazasini aniqlashdagi 1 kv.m uchun oʻrnatilgan minimal qiymat miqdori 7 %ga indeksatsiya qilindi;
Ushbu eng kam qiymat Toshkent shahri uchun 3,53 mln soʻm (amalda 3,3 mln soʻm), Nukus shahri va viloyat markazlari uchun – 2,35 mln soʻm (amalda 2,2 mln soʻm), boshqa joylar uchun – 1,39 mln soʻm (amalda 1,3 mln soʻm) miqdorda belgilanmoqda.
– yuridik va jismoniy shaxslardan olinadigan qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yer soligʻining bazaviy stavkalarini 7 %ga indeksatsiya qilindi;
Bunda, qishloq xoʻjaligi uchun moʻljallanmagan yerlar uchun soliq stavkalarining aniq miqdorini xalq deputatlari Kengashlari tuman va shaharlarning hududlarida joylashgan daha, massiv, mahalla, koʻcha kesimida bazaviy soliq stavkasiga 0,5 dan 3,0 gacha boʻlgan kamaytiruvchi va oshiruvchi koeffitsiyentlarni qoʻllash vakolati berilmoqda.
– 2026-yil 1-yanvardan boshlab qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlar uchun belgilangan stavkaga Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, viloyatlar va Toshkent shahri xalq deputatlari Kengashlari 0,5 dan 1,2 gacha boʻlgan kamaytiruvchi va oshiruvchi koeffitsiyentlar qoʻllash vakolati berilmoqda;
– issiqxona xoʻjaliklari egallagan yerlar uchun yer soligʻini qishloq xoʻjaligi uchun moʻljallangan yerlarga belgilangan stavkalarda hisoblanadi;
– suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkalari 7 %ga indeksatsiya qilindi;
Amalda, tuman va shaharlar xalq deputatlari Kengashlari tomonidan belgilanadi.
Shuningdek, 2027-yildan boshlab Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, viloyatlar va Toshkent shahri xalq deputatlari Kengashlariga yuridik shaxslarning qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan sugʻoriladigan yerlari lazerli tekislanmaganda, suv soligʻi uchun soliq stavkalariga 1,2 gacha oshiruvchi koeffitsiyentni qoʻllash vakolati berilmoqda;
v) kon–kimyo xom ashyosi, noruda qurilish materiallari boʻyicha qatʼiy belgilangan yer qaʼridan foydalanganlik uchun soliq stavkalarini 7 %ga indeksatsiya qilmoqda;
g) Aksiz soligʻi boʻyicha:
– tamaki va neft mahsulotlariga aksiz soligʻi stavkalarini
7 %ga indeksatsiya qilmoqda;
– 2026-yil 1-apreldan neft mahsulotlariga aksiz soligʻi stavkalari 7 %ga indeksatsiya qilinmoqda;
– 2026-yil 1-apreldan boshlab isteʼmol qilishga tayyor 1 kg kartoshka chipslariga 15 ming soʻm miqdorida aksiz soligʻini joriy etish;
Ushbu aksiz soligʻi kartoshka chipslarini ishlab chiqaruvchi yuridik shaxslar va Oʻzbekiston Respublikasi hududiga ularni olib kiruvchilar tomonidan toʻlanishi belgilanmoqda.
d) yoʻl harakati qoidalari buzilishini qayd etish boʻyicha tadbirkorlar tomonidan koʻrsatilgan xizmatlarga QQSni hisoblash tartibiga aniqliklar kiritilmoqda;
Bunday xizmatlar aylanmasiga QQS hisoblab chiqarilishi va soliq bazasi QQSni oʻz ichiga olgan haq summasidan kelib chiqib aniqlanishi koʻzda tutilmoqda.
ye) tadbirkorlar faoliyatiga asossiz aralashuvni kamaytirish va tekshiruvlarning shaffofligini taʼminlash maqsadida 2026-yil 1-iyulidan sayyor soliq tekshiruvidan oʻtkazishda soliq xodimlarining bodikameradan foydalanishi majburiy boʻladi;
yo) endi kameral soliq tekshiruvida soliq toʻlovchilar tomonidan qoʻshimcha asoslantiruvchi hujjatlar taqdim etilganda soliq organlari tomonidan ularning koʻrib chiqilishi majburiy hisoblanib, huquqbuzarliklar belgilangan muddatda bartaraf etilganda tadbirkorlar javobgarlikdan ozod qilinadi.
j) soxta tadbirkorlik hamda asossiz soliq toʻlashdan qochish holatlariga chek qoʻyish maqsadida import qilingan oziq-ovqat mahsulotlarining 9 oy (goʻsht va hoʻl meva-sabzavotlarning 3 oy) davomida sotilmaganligi va qiymati BHMning 500 baravaridan (206 mln soʻm) ortiq boʻlgan ushbu mahsulotlar qoldiqda turganligi holati sayyor soliq tekshiruvini oʻtkazish uchun asos hisoblanadi.
z) shuningdek, koʻchmas mulk va qurilish materiallari bozorini tartibga solish maqsadida koʻchmas mulk obyektlari va qurilish materiallari boʻyicha soliq bazasi ushbu tovarlarning bozor bahosidan kelib chiqib aniqlanishi belgilandi.
Birgina 2024-yil mobaynida 1,8 mln kv.m maydonga ega boʻlgan 22,9 mingga yaqin turar joylarning haqiqiy narxlari pasaytirilib koʻrsatilishi hisobiga 4,4 trln soʻm soliq bazasi (1,1 trln soʻm soliq summasi) kamaytirilgan.
Misol uchun, Namangandagi MCHJ tomonidan bitta uydagi 69,0 kv.metrli kvartirani 1 m2 uchun 1,1 mln soʻmdan (76 mln soʻm) sotilgan boʻlsa, xuddi shunday maydondagi kvartira 1 m2 uchun 6,0 mln soʻmdan (420,0 mln soʻm) sotilgan.
i) korxonalarga kirim qilinayotgan tovarlarga rasmiy maqom berish maqsadida qurilish va savdo sohalaridagi tadbirkorlar tomonidan oʻzlarining ustav kapitaliga kiritilgan tovarlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar (EHF, onlayn nazorat kassa texnikasi cheki, bojxona yuk deklaratsiyasi, notarius tomonidan tasdiqlangan oldi-sotdi shartnomasi va boshqa hujjatlar) hisobi yuritiladi va ustavga oʻzgartirish kiritilgandan soʻng 15 kun muddatda shaxsiy kabinet orqali soliq organlari maʼlumotlar bazasida aks ettirilishi belgilandi.
k) soliqlar yoki yigʻimlarni toʻlamaslik boʻyicha jinoyat qilgan tadbirkorlarga QQS summasini tekshiruvlarsiz tezlashtirilgan tarzda qaytarish tartibi qoʻllanilmaydi
Amalda QQSning tezlashtirilgan tartibi 7 kunni, “AAA” reytingidagi ega boʻlganlar uchun esa 1 kunni tashkil qiladi.
3–yoʻnalish. Tadbirkorlik subyektlariga soliq imtiyozlari va qoʻshimcha yengilliklar taqdim etish.
Tadbirkorlarni yanada qoʻllab–quvvatlash hamda ularga qoʻshimcha qulayliklar yaratish maqsadida bir qator yengilliklar belgilandi. Xususan,
a) 2026-yil 1-yanvardan boshlab:
– yillik aylanmasi 1 mlrd soʻmgacha boʻlgan YATT va oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar uchun aylanmadan olinadigan soliq stavkasi 1 foiz miqdorida belgilandi.
Amalda 100 mln soʻmgacha daromaddan YATT oyiga 65 ming soʻmdan 1 mln soʻmgacha soliq toʻlaydi, oʻzini band qilgan shaxslar soliqdan ozod qilingan (mazkur tartiblar bekor qilinmoqda).
2026-yil 1-yanvardan YATT va oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar oʻz faoliyatini ixtiyoriy ravishda raqamli platformalari orqali amalga oshirishi mumkin. Bunda ushbu raqamli platforma roʻyxatdan oʻtish va toʻxtatib turish, soliq hisobotlarini avtomatik shakllantirish va yuborish, QR kodlar orqali toʻlovlarni qabul qilish hamda elektron hisobvaraq-fakturalar rasmiylashtirish kabi imkoniyatlarni taqdim etadi.
– qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarining shaffof faoliyat yuritishini taʼminlash maqsadida, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari realizatsiyasi uchun QQSning «nol» stavkasi joriy etilmoqda va ularga “zachetga” olingan QQS summasi 3 kun muddatda avtomatik qaytarib berilishi koʻzda tutilmoqda.
Amalda ushbu subyektlar uchun QQS stavkasi 12 foiz boʻlib, “zachetga” olingan QQS summasi 30 kungacha qaytarib beriladi.
Hisob kitoblarga koʻra buning natijasida 13,5 mingta qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtiruvchilari ixtiyorida 700 milliard soʻm mablagʻ qolishi kutilmoqda.
– zargarlik buyumlari, qimmatbaho metall va toshlardan yasalgan yarim tayyor mahsulotlarga QQS imtiyozini bekor qilinmoqda;
Bunda zargarlik mahsulotini ishlab chiqaruvchilar tomonidan QQSni ushbu mahsulot narxi va uning tarkibidagi qimmatbaho metall yoki toshlar narxi oʻrtasidagi ijobiy farqdan toʻlash belgilanmoqda;
2026-yil 1-yanvardan boshlab zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish yoki ularni sotish faoliyati bilan shugʻullanuvchi tadbirkorlik subyektlari daromadidan qatʼi nazar, qoʻshilgan qiymat soligʻini toʻlovchilar deb eʼtirof etiladi.
– foyda soligʻi boʻyicha daromadlarga asoslangan imtiyoz oʻrniga xarajatlarga asoslangan imtiyozlarga oʻtish mexanizmi joriy etilmoqda.
Bunda foyda soligʻi imtiyozlari amortizatsiya qilinadigan asosiy vositalarni tezlashtirilgan amortizatsiya qilish tarzida 3 yildan oshmagan muddatga taqdim etilishi mumkin boʻladi. 2026-yil 1-yanvarga qadar taqdim etilgan foyda soligʻi imtiyozlari amaldagi tartibda qoʻllaniladi.
Misol uchun, “A” korxona foyda soligʻi boʻyicha tezlashtirilgan amortizatsiya qilish huquqidan foydalanishga haqli. Uning 2025-yildagi jami daromadlari 63 mlrd soʻmni, jami xarajatlari 52 mlrd soʻmni tashkil etgan. Korxonaning 36 mlrd soʻmlik asosiy vositalar qoldigʻi mavjud.
Taklif etilayotgan tartibga koʻra, korxona 11 mlrd soʻm (63–52 mlrd soʻm) miqdorida tezlashtirilgan amortizatsiya summasini qoʻllashi mumkin boʻladi hamda korxonaning soliqqa tortiladigan foydasi “nol”ga teng boʻladi. Xususan, korxona kelgusi 3 yil ichida qariyb 33 mlrd soʻm (yiliga oʻrtacha 11 mlrd soʻm) yoki 2025-yil 1-yanvardagi qoldiqqa nisbatan asosiy vositalarning 91 foizini tezlashtirilgan amortizatsiya qilish orqali foyda soligʻini toʻlamaydi.
– meva–sabzavotlarni zamonaviy qadoqda sotuvchilarga foyda va ijtimoiy soliqni 1 foiz etib belgilanmoqda;
Tadbirkorlar ixtiyorida 17,9 mlrd soʻm mablagʻ qolishi kutilmoqda.
– avtomobillarni quvvatlash stansiyalarini foyda va aylanmadan olinadigan soliqdan ozod qilish, mulk va yer soligʻini 1 foiz miqdorda toʻlash belgilandi;
Tadbirkorlar ixtiyorida 5,9 mlrd soʻm mablagʻ qolishi kutilmoqda.
– mahalliy sanoat korxonalarining har bir xodimni tashish va ovqatlantirish uchun 412 ming soʻmgacha xarajatlari ijtimoiy soliqdan chegiriladi;
Tadbirkorlar ixtiyorida 73,1 mlrd soʻm mablagʻ qolishi kutilmoqda.
– issiqxona xoʻjaliklariga ijtimoiy soliqni 1 foiz belgilash, kredit toʻlanmagani uchun bank balansiga oʻtgan issiqxonalar va garovda turgan mulklar sotilganda QQSdan, mulklar bank balansiga oʻtgandan sotilgunicha yer soligʻidan ozod etish;
Tadbirkorlar ixtiyorida 279,7 mlrd soʻm mablagʻ qolishi kutilmoqda.
v) 2028-yil 1-sentyabrgacha paxta–toʻqimachilik klasterlari, toʻqimachilik va tikuv–trikotaj korxonalariga ijtimoiy soliq 1 foiz qilib belgilanmoqda;
Tadbirkorlar ixtiyorida 275 mlrd soʻm mablagʻ qolishi kutilmoqda.
g) 2030-yil 1-yanvarga qadar:
– milliy film va serial hamda bolalar kontentini yaratuvchilar tadbirkorlar foyda soligʻidan ozod qilmoqda va ular uchun ijtimoiy soliq 1 foiz qilindi;
4 yoʻnalish. Naqdsiz hisob-kitoblarni ommalashtirish va yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish yuzasidan kiritilgan yangiliklar.
Bugungi kunda mamlakatda yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish, biznesga yangi imkoniyatlarni yaratish, shuningdek fuqarolar uchun qoʻshimcha qulayliklar yaratish boʻyicha bir qator chora-tadbirlar amalga oshirilib kelmoqda.
Xususan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 10.12.2025 yildagi “Naqdsiz hisob-kitoblarni ommalashtirish va yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirishga qaratilgan qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” PF-246-son Farmoni mazkur yoʻnalishda qabul qilingan muhim hujjatlardan biri hisoblanadi.
Tahlillar shuni koʻrsatdiki, mamlakat yalpi ichki mahsulotidagi kuzatilmaydigan iqtisodiyot ulushi 505 trln soʻmni yoki 34,8 foizni, shundan 122 trln soʻm yoki 24,1 foizi yashirin hamda 384 trln soʻm yoki 75,9 foizi norasmiy iqtisodiyot hisoblanadi.
Iqtisodiyotdagi bunday omillar davlat budjetida katta yoʻqotishlar yuzaga keltirib, davlatning bir qator funksiyalarini toʻlaqonli amalga oshirilishiga toʻsqinlik qiladi. Yaʼni buning hisobiga davlat maktablar, shifoxonalar, yoʻllarni qoʻrish va transport infratuzilmasini tubdan modernizatsiya qilishi mumkin edi.
Birgina, 2024-yilda mamlakat ijtimoiy xarajatlarga 152,3 trln soʻm mablagʻ ajratgan boʻlib, shundan taʼlimga 71,2 trln soʻm, sogʻliqni saqlashga 36,0 trln soʻm madaniyat va sportga 5,9 trln soʻm, pensiya va nafaqalar uchun 31,6 trln soʻm mablagʻlar sarflangan.
Yashirin iqtisodiyot asosan bu oldi-sotdi va boshqa hisob-kitoblar naqd pulda amalga oshirilishi natijasida yuzaga keladi. Shu sababdan koʻplab rivojlangan davlatlarda naqd pulda hisob-kitoblar 3-5 foizni tashkil qiladi. 2024-yilda Oʻzbekistonda muomaladagi naqd pul ulushi 19,2 foizni tashkil qilgan.
2026-yil 1-apreldan elektr, tabiiy gaz, ichimlik suvidan foydalanganlik uchun toʻlovlar bank kartalari yoki elektron toʻlov tizimlari orqali amalga oshirilishi belgilandi.
Bu aholi uchun nima beradi? Har xil soxta inspektorlar kelib mazkur xizmatlar uchun toʻlovlarni naqd pulda olib sizga soxta kvitansiyalar yozib ketishini oldini oladi. Bundan tashqari, toʻlovlarni uydan chiqmasdan elektron toʻlov vositalari orqali yoki joyiga borib bank kartalari orqali inson omilisiz toʻlovni amalga oshirish imkonini beradi.
Xuddi shunday tizim, davlat xizmatlaridan foydalanishda ham joriy qilinadi.
Yana bir misol, aholining koʻp qismi alkogol va tamaki mahsulotlarini naqd pulda sotib oladi. Uning sifatiga va haqqoniyligiga hech kim kafolat bermaydi. Ushbu mahsulotlarni sotib olishni naqdsiz shaklda oʻtkazilishi bu xavf xatarni oldini oladi.
Shuningdek, transport vositalariga yoqilgʻi quyish va elektr zaryadlash xizmatlaridan foydalanishda ham toʻlovlar naqdsiz boʻladi.
Bundan tashqari, koʻchmas mulk, uy-joylarni hamda ishlab chiqarilganiga 10 yildan oshmagan avtotransport vositalarini sotish yoki sotib olishda naqd pulda hisob-kitob qilib koʻpchilik aholimiz firibgarlarni qoʻliga tushib qolmoqda. Yaʼni, bu yoʻnalishda ham naqdsiz toʻlovga oʻtish ham firibgarlik holatlarini oldini olish va kamaytirishga xizmat qiladi.
Maʼlumot uchun, 2024-yilda 83 trln soʻmlik koʻchmas mulklar va 75 trln soʻmlik avtotransportlar oldi-sotdisi amalga oshirilgan.
Shu sababdan biz iqtisodiyotimizda hisob-kitoblarni naqdsiz koʻrinishda amalga oshirish uchun qanchalik koʻp sharoit yaratsak shunchalik koʻp aholimiz ham davlat ham naf koʻrishini bilib olishimiz zarur.
Ushbu qabul qilingan yangiliklar eng avvalo fuqarolarimizga qoʻshimcha qulayliklar yaratish, halol faoliyat yuritib kelayotgan tadbirkorlarimizni himoya qilish, iqtisodiyotda barchaning qonuniy ishlashi uchun teng shart-sharoitlar yaratish va eng asosiy mamlakatning barqaror rivojlanishi uchun xizmat qiladi.
