Yoshlar kuniga bag‘ishlangan gala-konsert yuqori kayfiyatda bo‘lib o‘tdi
2026-06-28 19:00:00 / Yangiliklar
Yoshlar kuni munosabati bilan tashkil etilgan gala-konsert ko‘tarinki ruh va bayramona kayfiyatda bo‘lib o‘tdi.
Tadbir tuman hokimi M. Axmadjonovning yoshlarga yo‘llagan bayram tabrigi bilan ochildi. O‘z tabrigida tuman hokimi yoshlarni bayram bilan samimiy muborakbod etib, ularning yurt ravnaqi yo‘lidagi faolligi, bilim va salohiyatini yuksak e’tirof etdi.
Tadbir davomida umumta’lim maktablarini oltin medal bilan tamomlagan, shuningdek, ta’lim, sport, madaniyat va boshqa yo‘nalishlarda yuksak natijalarga erishgan bir guruh yoshlar munosib taqdirlandi.
Gala-konsert dasturida estrada yulduzlari Janob Rasul, Sevinch Aliyeva, Dilnoza hamda boshqa taniqli va xushovoz xonandalar tomonidan ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar bayramga o‘zgacha shukuh bag‘ishladi. Ularning yorqin chiqishlari tomoshabinlarga ko‘tarinki kayfiyat ulashib, bayram tantanasini yanada fayzli va unutilmas lahzalarga boy etdi.
Mazkur bayram tadbiri yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning yutuqlarini e’tirof etish hamda Vatanga sadoqat, bunyodkorlik va ezgu maqsadlar sari intilish ruhini yanada mustahkamlashga xizmat qildi.










