Raqobat qo‘mitasi: Raqamli texnologiyalar bilan samarali nazorat hamda shaffoflik sari
2025-10-02 13:00:00 / Yangiliklar
Raqobat qo‘mitasi: Raqamli texnologiyalar bilan samarali nazorat hamda shaffoflik sari
(2025 yilning 1 dekabridan boshlab “Iste’molchi murojaati” yangi elektron tizim ishga tushirilmoqda)
Bugungi raqamlashgan dunyoda bozor iqtisodiyotining shaffofligi va adolatli raqobat muhitini ta’minlash muhim vazifalardan biriga aylangan. O‘zbekistonda bu sohada asosiy vakolatli davlat organi sifatida Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi faoliyat olib bormoqda. Raqobat qo‘mitasining asosiy vazifalari bozorlarda adolatli raqobat qoidalarini nazorat qilish, monopoliyaga qarshi kurashish, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish, tovar va xizmatlar narxlarining asossiz oshirilishining oldini olish va davlat xaridlarida raqobatbardoshlikni ta’minlashdan iboratdir. Qo‘mitada bunday faoliyatni amalga oshirishda esa zamonaviy raqamli texnologiyalarni amaliyotga tatbiq etilishi ish samaradorligini yanada oshirishga xizmat qilmoqda.
Misollarga murojaat qilsak, qo‘mita tomonidan dastlab o‘z faoliyatini yanada takomillashtirish va mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda interaktiv monitoring o‘rnatish maqsadida farmasevtika sohasi va uy-joylarni xarid qilish yo‘nalishida yangi elektron tizimni yo‘lga qo‘ydi. Albatta, mazkur loyihalar xorijiy mamlakatlarning tajribalari va qo‘mita faoliyati tahlillaridan kelib chiqqan holda yaratildi.
Qo‘mita tomonidan farmasevtika qonunchiligining iste’molchilar foydasiga bajarilishi bo‘yicha FAIR TECH yagona axborot tizimi doirasida alohida modul ishlab chiqildi. Unga ko‘ra, tarmoq Soliq qo‘mitasi va Farmasevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi bilan integrasiyalashtirildi. Tartibga ko‘ra, “Soliq” mobil ilovasi orqali xarid qilingan dori vositasining nazorat-kassa chekini QR-kodi bilan skanerlash natijasida belgilangan chakana narxlari bo‘yicha oshirilgan ustama aniqlangan taqdirda, avtomatik ravishda qo‘mitaga xabarnoma tushadi va ortiqcha mablag‘lar iste’molchiga qaytarilishi ta’minlanadi.
Darhaqiqat, mamlakatimizda amaldagi mavjud me’yoriy hujjatlarga asosan dori vositalari va tibbiyot buyumlarining ulgurji va chakana savdosi yetkazib berishda ishtirok etuvchi vositachilar sonidan qat’i nazar, ulgurji savdo uchun – xarid narxining 15 foizidan, chakana savdoda – ulgurji narxning 20 foizidan ko‘p bo‘lmagan miqdorda belgilanadigan maksimal savdo ustamalaridan foydalangan holda amalga oshirilishi belgilab berilgan.
Bu yangi tizim amaliyotga joriy etilishi avvalo o‘zaro axborot almashinuvini ta’minlab, farmasyevtika sohasidagi narxlarni nazorat qilish, onlayn arizalarni ko‘rib chiqish va iste’molchilarga yetkazilgan zararni tezkorlikda qoplashda o‘zining yaxshi natijalarini berib kelmoqda.
RAQAMLARGA TO‘XTALIB O‘TSAK, qo‘mitaning mazkur “Fair tech” yagona axborot tizimi orqali kelib tushgan xabarlar yuzasidan o‘rganish o‘tkazilganda 1 525 ta dorixonada 332 704 ta holatda 14,2 mlrd so‘m asossiz daromad olinganligi aniqlanib, ularni fuqarolarga qaytarish choralari ko‘rildi.
Bundan tashqari, Qo‘mita tomonidan yangi qurilayotgan uy-joylarni ulush kiritish asosida xarid qilishda iste’molchilarning huquqlarini himoya qilinishini ta’minlash maqsadida eskrou tizimi yo‘lga qo‘yildi. Bu tizim joriy etilgunga qadar, qurilish sohasida iste’molchilar huquqlarini buzilishi yuzasidan 2021 yilda 423 ta, 2022 yilda 758 ta, 2023 yilda 1 347 ta, 2024 yilda 1 693 ta, 2025 yilning o‘tgan davrida 653 ta murojaatlar kelib tushgan.
Eskrou tizimi yo‘lga qo‘yilishi natijasida joriy yilda esa o‘tgan yilning mos davriga nisbatan, murojaatlar soni 25 foizga qisqardi.
Shu o‘rinda aytib o‘tish lozimki, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini qabul qilish uchun qo‘mitaning 1159 qisqa raqamli Call-markazi, rasmiy internet sahifalaridan Telegram bot (@rquzBot) va saytlari (https://raqobat.gov.uz/uz/xizmatlar/jismoniy-va-yuridik-shaxslarni-murojaatlari/) ham faoliyat yuritmoqda. Fuqarolarga soha yuzasidan qiziqtirgan savollariga javob olishlari uchun Jivochat onlayn tizimi yo‘lga qo‘yilgan.
Mazkur manbalar orqali o‘tgan 2020-2025 yillarda qo‘mitaga iste’molchilardan yozma, og‘zaki va elektron shaklda uy-joy kommunal, transport xizmatlari, savdo va umumiy ovqatlanish, aloqa, moliya va ijtimoiy xizmatlar hamda reklama munosabatlari masalalari bo‘yicha 128 mingdan ortiq murojaatlar kelib tushgan.
Raqamlardan ko‘rinib turibdiki, keyingi yillarda murojaatlar soni keskin ko‘payib borgan. Bu esa mamlakatimizda tadbirkorlar qo‘llab-quvvatlanayotgani sababli ichki bozorda tovarlar, ishlar va xizmatlar ko‘lami kengayib,sotuvchi (yoki xizmat ko‘rsatuvchilar) va iste’molchilar o‘rtasida ba’zida turli muammoli munosabatlarni keltirib chiqarayotgani bilan bog‘liq.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qabul qilingan “O‘zbekiston - 2030” strategiyasi “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi Farmoniga muvofiq, joriy yilda Raqobat qo‘mitasiga «Iste’molchi murojaati» elektron tizimini joriy etish vazifasi yuklatilgani bu borada ayni muddao bo‘ldi.
Qo‘mita tomonidan iste’molchilarning murojaatlarini ko‘rib chiqish samaradorligini oshirishga qaratilgan ushbu Farmon ijrosi yuzasidan “Fair tech” yagona axborot tizimi doirasida «Iste’molchi murojaati» bo‘yicha modul yaratilgan. Raqobat qo‘mitasi huzuridagi “Raqamli transofrmatsiya va autsorsing markazi” davlat muassasasi tomonidan bugungi kunda mazkur ishlar nihoyasiga yetkazilish arafasida. 2025 yilning 1 dekabridan boshlab yangi elektron tizim test asosida ishga tushirilishi rejalashtirilgan.
Mazkur tizimdan ko‘zlangan asosiy maqsad iste’molchilarning murojaatlari qabul qilinishi va uni to‘laqonli o‘rganilishi ta’minlanadi, yo‘nalishlari aniq bo‘lib, tegishliligi bo‘yicha mutasaddi tashkilotlarga tezkorlik bilan yo‘naltiriladi, shuningdek, tadbirkorlik sub’yektlari faoliyatiga davlat organlarining aralashuvi kamayadi.
Asosiysi, endilikda shikoyat va arizalar tezkor hal etilishi uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri tadbirkorlik sub’yektlariga yetkaziladi va masala qisqa muddatda hal etilishiga erishiladi hamda onlayn murojaatlarni hal etish bo‘yicha ularning reytingi shakllantirib boriladi.
Shuning bilan bir qatorda elektron tizim arizalarini ko‘rib chiqish holatini monitoring qilishning barcha bosqichlari Qo‘mita hamda barcha vazirlik va idoralarning qat’iy nazoratida bo‘lib, shak-shubhasiz bu bilan shaffoflik ta’minlanishiga erishiladi.
Otabek USMONOV,
Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo'mitasi
jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha rais maslahatchisi
