O‘QITUVCHI VA MURABBIYLAR – BILIM DENGIZINING JAVHARIDIR!
2025-09-15 16:45:00 / Yangiliklar
“Agar shogird shayxulislom, agar qozidur, agar ustoz rozi — Tangri rozidur”, deydi Alisher Navoiy hazratlari. Haqiqatan, ko‘z nuri va qalb qo‘rini, butun ongli hayotini yosh avlodga bilim va tarbiya berishga, ularni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida kamol toptirishga bag‘ishlagan, bir so‘z bilan aytganda, Vatanimizning ertangi kuni — poydevorini yaratayotgan bu insonlarning olijanob mehnatiga har qancha tahsin aytsak oz.
Sahifamizda tuman ta’lim sohasining fidoiylari haqida hikoya qilamiz.
***
Andijonning Marhamat tumani. Adabiyotni yuksaltirgan she’riyatni bag‘rida allalagan nurli diyor! Xalqimizning sevimli shoiri Muhammad Yusuf tug‘ilib o‘sgan zamin. Qahramonimiz Zuhraxon Xidirova ana shunday elning suyukli farzandiga zamindosh bo‘lganidan g‘ururlanib ulg‘aydi. Ziyoli oila davrasida kechgan bolaligidanoq, adabiyotga she’riyatga oshno bo‘ldi.
Otasi Ibrohim aka Jumabayev texnika bilan tillashgan mohir haydovchi, onasi Laylo Jumabayeva boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi bo‘lib, farzandlarining kitob mutolaasiga e’tibor qaratdi. Shu tariqa onasidagi bolajonlik va mehr, otadagi qat’iyat va mehnatsevarlik, oiladagi kitobxonlik Zuhraxonning kelajagini belgilab berdi.
O‘rta maktabni tugatib, Andijon davlat pedagogika texnikumida o‘qidi. Bolalar dunyosiga mehr bilan qarar, hayotini ularsiz tasavvur etolmasdi. Shu bois bejizga maktabgacha ta’lim yo‘nalishini tanlamadi. 2007 yilda Navoiy davlat pedagogika universitetida ham shu yo‘nalishda tahsil olib, malaka va bilimlarini mustahkamladi.
Mehnat faoliyatini 2003 yilda hozirgi 13-DMTT da tarbiyachi bo‘lib boshladi. Sakkiz yil ishlaganidan so‘ng, 12- DMTT da olti yil mobaynida metodist lavozimida tajribasini oshirdi. 2022 yildan esa 7-DMTTda direktor bo‘lib ishlab kelmoqda. Qisqa vaqtda jamoani bir maqsad sari yo‘naltirgan, sohaga zamonaviy yondashuv olib kirgan rahbar sifatida hurmat-e’tibor qozondi.
Har safar o‘tayotgan kunlarini bolalarsiz tasavvur etolmasligini ta’kidlaydigan qahramonimiz uchun tarbiyachilik oddiy kasb emas, balki hayotning mazmunidir.
-Ilk tarbiyachilik faoliyatimni boshlaganimda Gavhar Tajetdinova ustozlik qildi. Kichik yoshli bolajonlar bilan ishlash ko‘nikmalarimni oshirishda ustoz o‘gitlariga amal qildim. O‘rganishdan tajriba oshirishdan bir kun ham to‘xtaganim yo‘q. Bugun Janna Kurakbayeva va Dilora Gʻaybullayevaning ish tajribalari rahbarlik faoliyatimda qo‘l kelmoqda, - dedi suhbat davomida Zuhraxon Xidirova.
Turmush o‘rtog‘i Hasan Xidirov 1-avtokorxonada haydovchi, o‘g‘li A’zamjon Toshkent axborot texnologiyalari universitetini tamomlagan. O‘zi tugatgan universitetda dasturchi bo‘lib ishlaydi. Qizi Barnoxon esa 6-sinfda o‘qiyapti.
Zuxraxon Ibrohimovnaning hayotida mehr va mas’uliyat qo‘l ushlashib boradi. Uning mehrli dunyosi bolalarga bag‘ishlangan, mehnatlari esa ularning beg‘ubor tabassumi bilan mukofotlanadi.
*****
Ba’zida uyda bir yoki ikki farzandning xarxashasiga dosh bera olmaymiz, ammo ular o‘nlab kichkintoylarni nafaqat tarbiyalash, balki dunyoqarashini shakllantirishda kamarbasta bo‘lishmoqda.
Ana shunday mas’uliyat bilan bir sohada va bir joyda 15 yillik faoliyat olib borish qanchalik oson? Agar siz tanlovingizni haqiqatan seva olsangiz, mushkulliklarda ham baxt topish mumkin.
Qahramonimiz Dildora Eshmatova ana shunday saodatga erishganlar safida.
Uning hikoyasi....
Bog‘chaga ilk kelganim aniq esimda. 2010 yil. 19 yoshli qiz edim. Uchquduq konchilik va sanoat kasb-hunar kollejining maktabgacha ta’lim yo‘nalishini tamomlab, 13-sonli maktabgacha ta’lim tashkilotiga yo‘llanma bilan ishga keldim. Ustozim Gulbahor Maqsudovna qo‘lida tarbiyachi yordamchisi sifatida ish boshlaganman. Keyinchalik menga ishonch bildirilib, boshqa guruhga tarbiyachilikka o‘tkazishdi. Dastlabki kelganimdagi qo‘rquvlarimni yengishga yillar kerak bo‘ldi. Boshqa bir insonning farzandini tarbiya qilar ekansiz, bunda har tomonlama javobgarlik hissi bo‘ladi, albatta. Qanday ta’riflashni bilmayman-u, ammo har bir bolaga ona farzandiga berishi mumkin bo‘lgan mehrni ko‘rsatishga harakat qilaman. Ishimiz juda ko‘pchilik o‘ylaganidek oson emas. Ko‘plab soha vakillari o‘z mehnat mahsulini ko‘rishi uchun oz vaqt kifoya qilishi mumkin. Ammo ta’lim-tarbiya jarayonida yillar kerak bo‘ladi.
...Dildoraxon oilasi va kasbini birdek yaxshi ko‘radi. Turmush o‘rtog‘i Elyor haydovchi. O‘g‘li Sirojiddin 3-sinfda o‘qiydi, qizi Safiya 4 yoshda. U qilayotgan mehnat ko‘plab kichik qalblarning katta orzularini qo‘llab-quvvatlaydi, ularga nurli kelajak eshigini ochadi. Shuning o‘zi baxtning bir ko‘rinishi emas-mi?!
*****
“Barkamol avlod” bolalar maktabi — bolalarning iqtidori uyg‘onib, orzulari parvoz qiladigan maskan. Bu dargohda har bir tadbir, har bir ma’naviy kecha, bolalar yuzida aks etgan samimiy tabassumning ortida mehr va mas’uliyat bilan ishlayotgan insonlar bor. Ana shunday fidoyilardan biri — Jabborova Nigora Abduraximovna.
U 1980 yilda Buxoro viloyati Shofirkon tumanida tug‘ilgan. 2007 yilda Navoiy madaniyat va san’at kollejida tahsil olgan. Mehnat faoliyatini tumandagi 20-maktabda ish yurituvchilikdan boshlagan. 2010 yildan “Barkamol avlod” bolalar maktabida tadbirlar tashkilotchisi sifatida ishini davom ettirdi.
Yillar davomida turli to‘garak tarbiyalanuvchilari ishtirokida qiziqarli bayramlar va ma’naviy-ma’rifiy kechalarni tashkil etishda bosh-qosh bo‘lmoqda. Bu yerda o‘tkazilayotgan har bir tadbir orqali bolalar qalbiga yangi orzular, yangi qiziqishlar va iqtidor urug‘i qadaladi.
Nigora Abduraximovna nafaqat tajribali mutaxassis, balki mehribon ona va buvijon. Turmush o‘rtog‘i Rustam Qo‘ldoshev Zarafshon qurilish boshqarmasida mehnat qilsa, qizi Sitora o‘qituvchilikni tanladi. O‘g‘li Og‘abek esa hozirda 9-sinfda tahsil olmoqda. Bir nafar nevarasi bor. Kichkintoyning jajji qiyofasidan ham bobo-buvisining mehri va samimiyati sezilib turadi.
Ilm-bilim olishning kechi yo‘q, deganlaridek ayni paytda Nigora Jabborova Navoiy innovatsiyalar institutida pedagogika va psixologiya yo‘nalishida tahsil olmoqda. Ham ishlab, ham o‘qimoqda.
U o‘zini boshqa sohada tasavvur etolmaydi. Chunki, shu yerda mehnat qilib, shu yerda qadr topmoqda. “Barkamol avlod” maktabi direktori Gulzira Kenjabayevadan sohaning sir asrorlarini erinmay o‘rganmoqda. Ish tajribasi va ko‘nikmalarini oshirmoqda.
"Iqtidorsiz bola bo‘lmaydi", deydilar. Iqtidorni to‘la shakllantirib, uni iste’dod darajasiga yetkazish “kelajak maktabi”da mehnat qilayotgan Nigora Jabborova singari fidokorlarning mehri va mahoratiga bog‘liq.
