Quyosh panellarini o‘rnatib, foyda olishni boshladingizmi?
2025-09-15 16:00:00 / Yangiliklar
Yilning deyarli uch yuz kuni quyoshli sanaladigan yurtimizda muqobil energiyadan foydalanish imkoniyati juda katta. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, yurtimizda yil davomidagi bulutsiz kunlar 250-270 kunni, quyoshning nurlanish davomiyligi esa 2850-3050 soatni tashkil qilishini inobatga olsak, qayta tiklanuvchi quyosh energiyasidan foydalanish eng qulay bo‘lgan energiya manbasi hisoblanadi.
Taraqqiyot strategiyasida iqtisodiyotni elektr energiyasi bilan uzluksiz ta’minlash hamda “Yashil iqtisodiyot” texnologiyalarini barcha sohalarga faol joriy etish, iqtisodiyotning energiya samaradorligini 20 foizga oshirish bo‘yicha vazifalar belgilangan. Bunda, 2026 yilga kelib elektr energiyasi ishlab chiqarish ko‘rsatkichini qo‘shimcha 30 milliard kilovatt-soatga oshirib, jami 100 milliard kilovatt-soatga yetkazish ko‘zda tutilgan.
Bu borada Uchquduq tumanida ham ishlar olib borilmoqda. Jumladan, joriy yilda jami 130 ta quyosh paneli o‘rnatilib, umumiy quvvati 1,4 MVt.ni tashkil etadi. Rejaga nisbatan 156,8 foizga bajarildi. Raqamlarni tahlil qiladigan bo‘lsak, ijtimoiy soha ob’yektlarida 19 ta quyosh paneli o‘rnatilib, umumiy quvvati 0,3 MVt.ni, tadbirkorlik sub’yektlarida 36 ta quyosh paneli o‘rnatilib, umumiy quvvati 0,7 MVt.ga, aholi xonadonlariga 42 ta paneli o‘rnatilib, umumiy quvvati 0,3 MV.ga yetkazildi. Belgilangan reja 310 foizga bajarildi. Ko‘p qavatli uylarga esa 3 ta quyosh paneli o‘rnatilib, umumiy quvvati 0,06 MVt. bo‘ldi. Reja 120 foizga uddalandi.
- Chokolayf (lot) 7777 korxonamizga 40 kVt quvvatli quyosh panellarini o‘rnatganmiz. Elektr energiyaga bo‘lganoylik ehtiyojni to‘liq qoplayapmiz, ortiqcha ishlab chiqarilgan elektr energiyani esa davlatga sotayapmiz, - deydi xususiy tadbirkor Gʻayrat Muzaffarov.
Ha, quyosh panellari o‘rnatgan tadbirkorlar yagona energetika tizimiga uzatilgan va iste’mol qilingan elektr hajmining hisobi billing tizimida yuritilib, oy yakuni bilan o‘zaro hisob-kitob qilinadi.
Yana bir gap. Siz xonadoningizga quyosh panellari sotib olib, o‘rnatdingizmi, albatta, “Quyoshli xonadon” dasturida elektron tarzda ro‘yxatdan o‘ting. Bu siz sarflagan elektr energiyasi hisobini yuritish, xarajatni qoplashdan tashqari, qo‘shimcha daromad ham keltirishini unutmang!.
Rayhon QODIROVA,
maxsus muxbirimiz.
