YANGI O‘QUV YILI YANGI BILIMLAR SARI!
2025-09-02 08:20:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari
Assalomu-alaykum, aziz o‘quvchilar!
Hurmatli ustozlar, Qadrli ota-onalar!
Men so‘zimning avvalida barchangizni kuni - kecha keng nishonlangan va butun vatanimiz bo‘ylab shukuhi kezayotgan eng ulug‘ va eng aziz bayram – O‘zbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining 34 yilligi bilan samimiy muborakbod etaman!
Mustaqillik yillarida yurtimizda yoshlar kelajagi, ularning har tomonlama barkamol insonlar bo‘lib voyaga yetishlarini ta’minlash masalasi davlat ahamiyatiga molik ustuvor vazifa sifatida qaralib, bu borada ulkan islohotlar amalga oshirilmoqda.
Xususan ta’lim sohasiga qaratilayotgan e’tibor, aytish mumkinki yoshlarimizning taqdiri hal bo‘ladigan umumiy o‘rta ta’lim tizimini yanada rivojlantirish, o‘quvchilarga zamonaviy talablar asosida ta’lim-tarbiya berish, o‘qituvchilarning jamiyatdagi obro‘si va nufuzini oshirish borasidagi amalga oshirilayotgan ishlar barchamizni quvontiradi, albatta!.
Hurmatli Yurtboshimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning quyidagi so‘zlari xalqimizning sizlarga bo‘lgan yuksak hurmat-ehtirom va ezgu tilaklarini ifodalaydi: “Sizlar dunyodagi eng bebaho boylik va boqiy merosni yaratish, uni xalqimizga, unib-o‘sib kelayotgan yosh avlodimizga bezavol yetkazish yo‘lida chinakam fidoyilik ko‘rsatib mehnat qilayotgan ulug‘ insonlarsiz. Bu ulkan boylik – aql-zakovat va ilm, bu o‘lmas meros – yaxshi tarbiyadir”.
Aziz o‘quvchi-yoshlar!
Maroqli yozgi ta’tildan so‘ng yangi o‘quv yili boshlanib, qo‘llarida gul, qalblarda hayajon bilan sevimli maktablari tomon oshiqayotgan o‘quvchi-yoshlarning sevinchlari cheksiz.
Bugun mamlakatimizning barcha o‘quv muassasalarida bo‘lgani kabi Uchquduq tumanidagi 19 ta maktabda ham birinchi qo‘ng‘iroq tadbirlari bo‘lib o‘tmoqda. “Bilimlar kuni” munosabati bilan o‘tkazilayotgan bayram tadbirlari “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun” shiori ostida tashkil etilmoqda.
Tumanimizda 2025-2026 o‘quv yilida 946 nafar bolajonlar 1 - sinflarga qabul qilinib, ularga “Prezident sovg‘a”lari tantanali topshirilmoqda.
Ta’kidlash joizki, Uchquduq tumanida ham e’tibor samarasi sifatida tizimdagi pedagog xodimlarning fidokorona mehnatlari evaziga e’tirofli natijalar qayd etilmoqda. Xususan, so‘nggi marta e’lon qilingan hududlar va maktablar reytingida Uchquduq tumani viloyatda kuchli uchtalikda o‘z o‘rnini egallab kelmoqda.
2024-2025 o‘quv yilida tumanimizdagi 19 ta maktabni 458 nafar yigit-qizlarimiz bitirib, mustaqil hayotga yo‘l oldi. Bitiruvchilarning oliy ta’limga kirish ko‘rsatkich 90 % ni tashkil etmoqda.
Ta’lim tizimiga qaratilayotgan ulkan e’tibor natijasi o‘laroq Uchquduq tumanida ham o‘quvchilarning sifatli ta’lim-tarbiya olishlari uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratilmoqda. Maktablar zamonaviy ko‘rinishga keltirilib, moddiy texnik bazasi mustahkamlanmoqda. Jumladan, ta’lim muassasalarining infratuzilmasini yaxshilash, yoshlarning sifatli ta’lim olishlari uchun 4 – maktabda 4 mlrd. 200 mln. so‘m evaziga kapital qurilish va ta’mirlash ishlari olib borilmoqda. Xuddi shunday 12 va 5 – sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarining har biri 1,5 mlrd. so‘m mablag‘ hisobidan joriy ta’mirdan chiqarilmoqda. 13 –sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida jami 4 mlrd. 612 mln. so‘m evaziga qurilish va ta’mirlash ishlari olib borilmoqda. 20-maktabda 1 mlrd. 300 mln. so‘m mablag‘ sarflanib, yopiq stadion qurilishi jadallik bilan amalga oshirilmoqda.
Shuningdek, umumta’lim maktablarining moddiy-texnik bazasi 24 ta kompyuter jamlamasi, 25 ta planshetlar bilan yanada boyitildi.
Aziz o‘quvchi yoshlar !
Men yana bir bor Sizlarni bugungi bayram tadbiri va yangi o‘quv yilining boshlanishi bilan chin dildan qutlayman!.
Hurmatli Prezidentimiz, ustozlaringiz va ota-onalaringiz ishonchini oqlab, kelajakda yaxshi bilim ko‘nikmalarini egallashingizga ishonaman!.
Sizlarga uzoq-umr, sihat-salomatlik, o‘qishlaringizda ulkan zafarlar hamisha hamroh bo‘lishini tilab qolaman!.
E’tiborlaringiz uchun raxmat!
