Mahoratli o‘qituvchilar-millat tayanchi
2025-08-20 14:00:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari
Assalomu alaykum, hurmatli mehmonlar, forum ishtirokchilari!
Aziz o‘qituvchilar, fidoiy ustozlar, tarbiyachi va faxriylar!
Muhtasham “Uchquduq” saroyida to‘plangan tumanimizning faol va tashabbuskor, eng ilg‘or ustozlarini “Mahoratli o‘qituvchilar-millat tayanchi” shiori ostida tashkil etilayotgan “IV-Ustozlar milliy forumi” bilan chin qalbimdan samimiy tabriklayman.
Sizlarni ma’naviyat va ma’rifatga beshik bo‘ladigan, ma’rifat, ziyo ulashuvchi ustozlarni bir joyga jamlagan ushbu koshonada ko‘rib turganimdan xursandman.
Aziz ustozlar!
Sizlar bilan eng ulug‘ bayram O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 34 yilligi ostonasida uchrashib turibmiz.
Yaqinda hurmatli Yurtboshimiz Shavkat Mirziyoyev: “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz to‘rt yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarorni imzoladilar. Qarorga ko‘ra, bayram tadbirlari “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” shiori ostida o‘tkazilishini belgilab berdilar. Va, o‘ylaymanki 2025-2026 o‘quv yili yutuqlarga boy yil bo‘ladi.
Ta’lim muassasalarining infratuzilmasini yaxshilash yoshlarga barcha qulayliklarga ega shart-sharoitlarni yaratish maqsadida 4 – maktabda 4 mlrd. 200 mln. so‘m evaziga qurilish va ta’mirlash ishlari olib borilmoqda. Xuddi shunday 12, 13 va 5 – sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarining har biri 1,5 mlrd. so‘m mablag‘ hisobidan mukammal ta’mirdan chiqarilmoqda.
Shuningdek, umumta’lim maktablarining moddiy-texnik bazasini yaxshilash maqsadida 2024 yilda respublika va mahalliy byudjetning
0,4 mlrd. so‘m mablag‘lari hisobidan 20 dona kompyuter, 2 dona elektron doska berilgan bo‘lsa, 2025 yilda 0,6 mlrd. so‘m mablag‘ hisobidan 24 dona kompyuter, 3 dona elektron doska, 25 dona planshetlar bilan yanada boyitildi.
Bundan tashqari 6 mlrd. so‘m “Tashabbusli byudjet” va mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan 4 ta maktab va maktab ta’lim tashkilotlari moddiy texnik bazasi mustahkamlanmoqda.
Shuningdek, 20 – maktabda 1 mlrd. 300 mln. so‘m mablag‘ sarflanib yopiq stadion qurilishi jadallik bilan olib borilmoqda. Bu yerda quyoshli va yomg‘irli kunlarda ham o‘quvchilarning sport bilan muntazam shug‘ullanishlari uchun barcha imkoniyatlar yaratiladi.
E’tiborlisi, o‘quvchilarni kasb-hunarga o‘rgatish tizimi yo‘lga qo‘yilgan 1 ta maktabga 20 mln. so‘m mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan 10 nomdagi jihozlar olib berildi.
Shuningdek, 6 ta maktabning chaqiriqqa qadar boshlang‘ich tayyorgarlik sinf xonalari 10 mln. so‘m mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan birlamchi harbiy-ta’lim vositalari bilan to‘liq jihozlandi.
Umumta’lim maktablarini darslik va badiiy adabiyotlar bilan ta’minlashda ham qator ishlar olib borilmoqda.
Xususan, 2023 yilda umumta’lim maktablaridagi badiiy adabiyotlar soni 49 814 dona bo‘lgan bo‘lsa 2025 yilga kelib bu ko‘rsatkich 55 515 donaga yetkazildi. Buning uchun respublika va mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan 50, 0 mlrd. so‘m dan ortiq mablag‘lar ajratildi.
Hurmatli tadbir ishtirokchilari!
Barchangizga ma’lumki tumanimizda ta’lim sifatini yaxshilash borasida olib borilayotgan ishlar natijasida Uchquduq tumani viloyatda kuchli uchtalikda o‘z o‘rnini egallab kelmoqda.
2024 yilda tumandagi maktabgacha ta’lim tashkilotlari hamda umumta’lim maktablarida faoliyat olib borayotgan tarbiyachi va pedagoglarning 211 nafari yoki 27 foizi o‘z yo‘nalishida oliy, 215 nafari yoki 28 foizi o‘z yo‘nalishida birinchi, 122 nafari yoki 15,7 foizi
2 – toifali o‘qituvchilar hisoblanadi.
Milliy sertifikatga ega bo‘lgan o‘qituvchilar soni: 20-maktabda – 17 nafar, 10 – maktabda – 15 nafar, 18-maktabda – 11 nafar, 7-maktabda – 5 nafar, 13-maktabda – 3 nafar jami 51 nafarni tashkil etmoqda.
Xuddi shunday, 10-maktabda - 25 nafar, 20-maktabda – 21 nafar, 7-maktabda – 17 nafar, 18-maktabda – 13 nafar hamda 4,5,13-maktablarda 1 nafardan jami 79 nafar o‘quvchi milliy sertifikatlarga ega bo‘lishdi.
Bugungi kunda tumanda 40 nafar o‘qituvchi davlatimiz rahbari tomonidan yaratilgan barcha imkoniyatlardan to‘liq foydalanganligi uchun 1 000 va 1 500 dollar miqdorida oylik maosh olib kelmoqda.
Hurmatli pedagoglar!
2024-2025 o‘quv yilida umumta’lim maktablarini 458 nafar 11 sinf o‘quvchilari bitirdi. Bitiruvchi sinf o‘quvchilarining 95 foizi qabul komissiyalari orqali hujjat topshirib test sinovlarida ishtirok etdi.
Shuningdek, maktab bitiruvchilarining 24 nafari muddatidan oldin oliy ta’lim muassasalarining talabalari safiga qabul qilindi.
2024-2025 o‘quv yili tumanimiz uchun quvonchli xabarlarga boy yil bo‘ldi deb, aytsak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Xususan, o‘tgan o‘quv yilida oliy ta’lim muassasalariga kirishning o‘rtacha bali bo‘yicha respublikaning 208 ta tuman shaharlar o‘rtasida Uchquduq tumani birinchi o‘ntalikda qayd etildi.
Shuningdek, Prezident sovrini uchun "Xorijiy tillarni o‘qitish bo‘yicha eng yaxshi maktab" tanlovining viloyat bosqichida tumanimizning 7-maktabning jamoasi 2-o‘rinni qo‘lga kiritib, respublikada faol ishtirok etib qaytdi.
"Zakovat" intellektual o‘yinining viloyat bosqichida faxrli
2-o‘rinni egallagan 7-maktab jamoasi respublikada faol ishtirok etdi.
Yana bir muhim jihat, Xalqaro va mamlakat miqyosida o‘tkazilayotgan sport musobaqalarida uchquduqlik yosh sportchilar o‘z mahoratlarini namoyish etib, yuqori pog‘onalarni zabt etayotganligini ta’kidlash o‘rinli. Jumladan, 3-maktab o‘quvchisi Nozima Normurodova Janubiy Koreyaning Goyesan shahrida bo‘lib o‘tgan Osiyo chempionatida milliy kurash bo‘yicha
44 kg. vazn toifasida 1-o‘rinni egalladi.
Ushbu fakt va raqamlarda umumta’lim maktablarida ta’lim sifatining oshirilishi natijasida o‘quvchilar tomonidan qo‘lga kiritilayotgan yutuqlar salmog‘i yildan yilga oshib borayotganligi ko‘rishimiz mumkin.
Hurmatli mehmonlar va forum ishtirokchilari!
Ta’lim muassasalarida olib borilayotgan ishlarni davom ettirish maqsadida 2025-2026 o‘quv yilida ham ko‘plab ishlarni amalga oshirishni o‘z oldimizga reja qilib olganmiz.
Xususan, maktabgacha ta’lim sohasida davlat va nodavlat sektor tarmog‘i kengaytirilishi natijasida yil yakuniga qadar tumanimizda 3-7 yoshli bolalar qamrovi 94,5 foizga va 6 yoshli bolalar qamrovi esa 100 foizga yetkaziladi.
Maktabgacha va umumiy o‘rta ta’lim muassaslarida ta’lim sifatini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar natijasida 2025 yilning 4-choragida o‘tkaziladigan o‘qituvchilar attestatsiya jarayonlarida toifali o‘qituvchilar ulushi 70,7 foizdan 73,0 foizga oshirilishi ko‘zda tutilgan.
Yangi 2025-2026 o‘quv yilda tumandagi umumta’lim maktablarining 1-sinfiga 946 nafar bolajon ilk bora qadam qo‘yadi. Ular uchun ajratilgan 13 turdagi o‘quv qurollaridan iborat Prezident sovg‘asi to‘plamlari ta’lim muassasalariga to‘liq yetkazildi.
Hurmatli ustozlar!
Albatta yaratilgan shart-sharoit, imkoniyat va imtiyozlar natijasi o‘quvchilarga berilayotgan ta’lim-tarbiyaning sifati va samaradorligida ko‘rinadi. Buni sharafli uddalashimiz uchun barcha ta’lim muassasalarida ta’lim-tarbiya jarayonlari zamonaviy talablar asosida sifatli tashkil etilishi, ota-onalar, jamoatchilik bilan faol hamkorlik muhiti yaratilishi, har bir pedagogning o‘z ishiga mas’uliyat bilan yondashib, darslarda o‘quvchilarga zaruriy bilimlarni berilishiga erishishimiz muhim!
Zero jamiyatimiz taraqqiyoti, ertangi kunimizning qanday bo‘lishi bugungi yoshlarimizning qanday ta’lim-tarbiya olishlariga bog‘liqdir.
Aziz pedagoglar, Siz orqali tumanimizning barcha pedagog va ustozlarini, tarbiyachilarini yana bir bor davlatimiz mustaqilligining 34 yilligi bilan muborakbod etgan holda, mashaqqatli va mas’uliyatli, shu bilan bir qatorda sharafli kasbingizda ulkan muvaffaqiyatlar yor bo‘lishini tilayman.
E’tiboringiz uchun rahmat!
