POLITEXNIKUM BITIRUVCHILARIGA DIPLOMLAR TOPSHIRILDI
2025-06-24 16:20:00 / Yangiliklar
Uchquduq tuman 1-son politexnikum bitiruvchilariga diplom topshirishga bag‘ishlangan tantanali marosim “Uchquduq” madaniyat saroyida o‘tkazildi. Unda jamoatchilik vakillari, ota-onalar, o‘qituvchi va bitiruvchilar ishtirok etdi.
“Oq yo‘l sizga, bitiruvchilar!” mavzusida bo‘lib o‘tgan tadbirda so‘z olganlar mamlakatimiz yoshlari xususan, Uchquduq 1-son politexnikumi o‘quvchilariga yaratilgan sharoitlardan faxrlanib gapirdi. Bunday imkoniyatdan unumli foydalanish zarurligiga alohida e’tibor qaratilib, bitiruvchilarga muvaffaqiyatlar tiladilar.
Joriy yilda mazkur o‘quv muassasasini 4 ta yo‘nalish bo‘yicha 135 nafar o‘quvchi bitirmoqda. Ularning 10 nafari fanlarni a’lo baholarga o‘zlashtirib, imtiyozli diplomni qo‘lga kiritdi.
Shundan so‘ng, bitiruvchilarga tuman hokimi o‘rinbosari N.Muratov hamda 1-son politexnikum direktori B.Qodirov tomonidan diplomlar tantanali topshirildi. O‘quv yili jarayonida yutuqlarga erishgan, o‘zlarining intizomi va bilimga chanqoqligi bilan ajralib turgan o‘quvchilar hamda ularga ta’lim berishda o‘zlarining munosib hissasini qo‘shgan fidoiy murabbiylarga faxriy yorliq, tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari berildi.
Tadbir yakunida o‘qishi, namunali xulqi, odobi, tirishqoqligi va jamoat ishlarida faolligi bilan tengdoshlariga o‘rnak bo‘lgan bitiruvchilarning ota-onalariga politexnikum rahbariyati tomonidan minnatdorchilik bildirildi.
Endilikda, ba’zi bir bitiruvchilar o‘zlari tanlagan oliy ta’lim dargohlarida o‘qishni davom ettirsalar yana ko‘pchiligi egallagan kasbida mehnat faoliyatini amalga oshirishni maqsad qilishgan.
Ularning maqsadi bitta: ona Vatan tinchligi va ravnaqiga munosib ulush qo‘shish. Buni yoshlarning yuz-ko‘zlaridagi hayrat, quvonch va hayajondan anglash mumkin!.
Bekzod ALIMOV,
Uchquduq tuman 1-son politexnikum MMIBDO‘.
