Iyd al-Adha – Qurbon hayiti muborak bo‘lsin
2025-06-06 06:10:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari
Assalomu alaykum aziz tumandoshlar!
Qadrli jamoat!
Sizlarni mehr - oqibat, ezgulik va saxovat ayyomi, Islom olamidagi ulug‘ bayram, muborak Qurbon hayiti bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.
Fursatdan foydalanib, ushbu bayramning fayzu barakoti qalblarimizni, xonadonlarimizni munavvar va xushnud aylasin. Yurtimizga tinchlik-xotirjamlik, yurtdoshlarimizga tani-sihatlik, oilalarga farovonlik olib kelsin, deya ezgu tilaklarimni bildiraman!
Hurmatli tumandoshlar!
Darhaqiqat, har bir xonadonda ko‘tarinkilik bilan nishonlanadigan qutlug‘ Qurbon hayitida hammamiz avvalo shunday kunlarga yetkazgani uchun Olloh taologa cheksiz shukronalar aytamiz.
Shu kunlarda yaxshilik, sabr - qanoat va mehr - e’tibor singari ezgu fazilatlarni o‘zida mujassam etgan bu bayramning ma’no mazmuni hamda xalqimiz hayotida tutgan o‘rni va ahamiyatini barchamiz yanada chuqur his etmoqdamiz.
Ha, Qurbon hayiti – ulug‘ bayram. Payg‘ambarimiz (s.a.v.) bu kunda yanada mehribonroq, shafqatliroq bo‘lar, yetim-yesirlar boshini silar, qariyalar, kasalmandlar, muhtojlardan xabar olar, ularning ko‘ngillariga ham bayram shukuhini olib kirar edilar.
Zero, muborak hadislarda aytilganidek, ikki dunyo saodatini o‘ylab yashagan inson, xalq hech qachon kam bo‘lmaydi.
Qalblarimiz quvonchga va ezgu niyatlarga to‘lgan ushbu saodatli va munavvar damlarda avvalo shunday tabarruk kunlarga yetkazgani, bayramni tinch va osuda muhitda, oilamiz, qarindosh-urug‘lar, qo‘ni-qo‘shnilar bilan hamjihatlikda kutib olayotganimiz uchun Yaratganga cheksiz hamdlar bo‘lsin!.
Darhaqiqat, xalqimiz azal-azaldan diniy arkonlarni mukammal ado etib kelgan el hisoblanadi. Bu borada dinimizning eng katta bayramlaridan hisoblangan diniy va milliy bayram sifatida xalqimiz ongu shuuriga singib ketgan ikki Hayit bayramlarini juda keng miqyosda, o‘zgacha shodiyonalik bilan nishonlanishi esa azal-azaldan ota-bobolarimizdan qolgan boy milliy va diniy merosimiz hisoblanadi.
Bu borada esa Rasululloh (s.a.v). bizlarga islomning ikki ulug‘ bayrami xabarini berganlar: “Alloh taolo islomgacha bo‘lgan davrda nishonlaydigan bayramlar o‘rniga afzalroq bo‘lgan Ramazon va Qurbon hayiti bayramini hadya qildi” – deganlar.
Barcha dunyo musulmonlari Iyd al-Adha – Qurbon hayitini katta shukuh va xursandchilik bilan nishonlamoqdalar. Yana shu kunlarda 13 nafar uchquduqlik birodarlarimiz haj safarida bo‘lib, Yaratgandan Vatanimiz taraqqiyoti, xalqimiz ravnaqini so‘rab Makkai mukarramada, Arafot va Mino vodiysida duoi xayrlar qilmoqdalar.
Muhtaram Prezidentimizning kuni-kecha «Qurbon hayitini nishonlash to‘g‘risida»gi qarori xalqimizning qadimiy va betakror bayramlaridan biri bo‘lgan muborak ayyomni mazmun-mohiyatiga mos tarzda nishonlashga qaratilgan keng ko‘lamli chora-tadbirlarni belgilab berdilar.
Unga ko‘ra, ushbu muborak kunlarni mazmunli va ko‘tarinki kayfiyatda o‘tkazish uchun Ramazon hayiti munosabati bilan yurtimizda dam olish kunlari e’lon qilinganidan xabaringiz bor, albatta!. Ishonamanki, bunday qulay sharoit bayramning fayzu tarovatini, qadr-qimmatini yanada oshiradi.
Binobarin, ushbu hordiq kunlari – moʻtabar ota-onalarni ziyorat qilish, bemorlar va muhtojlar holidan xabar olish, yaqinlar bilan diydor ko‘rishish, yurtimiz bo‘ylab sayohatlarni amalga oshirish uchun bu – yana bir qulay imkoniyat, desak, to‘g‘ri bo‘ladi.
Siz, azizlarni va butun uchquduqliklarni Qurbon hayiti bilan yana bir bor muborakbod etib, bayramni oila, do‘stlar va yaqinlar bilan birga fayzli va mazmunli o‘tkazishingizni tilayman!.
Aziz yurtdoshlar!
Jannatmakon yurtimizni turli balo-ofatlardan Yaratganning o‘zi asrasin, keyingi Qurbon hayiti kunlariga sihat-salomatlikda yetib borishimizni hammamizga Allohning o‘zi nasib etsin. Yurtimizga tinchlik, xalqimizga farovonlik, Yurtboshimizning el-yurt manfaati yo‘lidagi xayrli ishlariga yuksak muvaffaqiyatlar yor bo‘lsin!
Vatanimiz istiqboli porloq, diyorimiz tinchligi va osoyishtaligi bardavom, xalqimiz farovonligi yanada ziyoda bo‘lishini Parvardigordan so‘rab qolamiz. Kelayotgan qutlug‘ bayramning fayzu barakoti qalblarimiz va xonadonlarimizni munavvar va xushnud aylasin.
Iyd al-Adha – Qurbon hayiti muborak bo‘lsin, qadrli tumandoshlar!
Bayram shukuhidan qalblarimiz yanada nurafshon bo‘lsin!
