Xonatlas
2025-05-19 21:20:00 / Yangiliklar
1942 yil. Qora chiroq yorug‘ida kashta tikib o‘tirgan Qumri qizga sovchi keldi.
— Otasi urushda jon olib, jon berayotgan paytda qizimni uzatsam, qanday bo‘larkan?.. — dedi onasi ro‘molining uchi bilan og‘zini to‘sib. Yuzlari shamolda to‘rlab kegan Sarvi xola o‘tinch bilan Qumrining onasiga termildi: — Miryunusimning Qumri qizda ko‘ngli bor. Bolamniyam urushga olib ketisharmish. Xudo xayringizni bersin, yo‘q demang. Kichkina to‘y qilib, ikki yoshning boshini qovushtirib qo‘yyaylik. Ajabmas Miryunus urushda ro‘zg‘orini o‘ylab, o‘zini ehtiyot qilsa... Xudo yorlaqab, nevarali bo‘lib qolsak, o‘g‘lim qaytguncha bizga ermak bo‘larmidi, a? Xo‘p deya qoling...
Qumrining onasi e’tirozga og‘iz juftlagan pallada, ko‘zlarini xiyol yumib o‘tirgan katta otasi sovchilarga rozilik berib yubordi. — To‘g‘ri o‘ylabsizlar, vaqt g‘animat. To‘yni boshlayveringlar. Urush tugagandan keyin katta tantana qilib, yurtga osh beramiz.
Qumrining egniga enasining oq harir ko‘ylagini kiydirib, boshiga oq surpdan ro‘mol solishdi. Besh-oltita qarindosh-urug‘lar yig‘ilib kechasi to‘yni o‘tkazishdi. Xotinlar qayerdandir bitta childirma topib, olovda qizdirib “Yor-yor” aytishdi.
Kelinning sarpolari — ikkita surp ko‘ylak, ikkita alak ko‘ylak va ikkita qora satin nimcha bo‘ldi. — Senga yaxshi sarpo qilolmadik, urush tugasa, zar-zabarga ko‘mib tashlayman, — dedi Miryunus Qumrining sochlarini silab.
Oradan olti oy o‘tgach, Miryunusga ham chaqiruv qog‘ozi keldi. Yo‘lga otlanayotgan yigit kelinchakning ko‘zlariga tikilib: — Qumri, senga nima olib kelay? — deb so‘radi. Qumri ko‘z yoshini ichiga yutib, eriga jilmayib qaradi. — Nasib etsa, germonni yengib, o‘sha tomonlardan chiroyli xonatlas olib kelaman, sakkiz tepkisidan... Xo‘pmi?
— Yo‘g‘-e, u yoqlarda xonatlas bo‘larkanmi? — eriga ishonqiramay qaradi kelinchak. — E-e, sen bilmaysan-da, hali men shunday bir atlas olib kelay, hammaning ko‘zini kuydirib, ko‘ylak qilib kiygin, — deya uni bag‘riga bosdi Miryunus. — Topolmasangiz-chi? — soddalik bilan so‘radi Qumri. — Mana ko‘rasan, baribir topib kelaman. Topmagunimcha qaytmayman.
Miryunus ertasi kuni urushga jo‘nab ketdi. Qumri qornida gumonasi borligini eriga aytolmay, uyalib yerga qaragancha qolaverdi.
Mirsiddiq tug‘ilganda chol-kampirlar quvonganidan o‘zlarini qo‘yishga joy topolmay qolishdi. Chaqaloqqa qarab qiyinchilik va urush zahmatini bir zumga bo‘lsa-da unutishardi. Nima topsalar, shu go‘dakning og‘ziga tutishdi. O‘zlari och qolsalar ham uning qornini to‘ydirishdi.
Urush tugab, Qumrining otasi, amaki, tog‘alari, qayin-bo‘yinlar birin-ketin qishloqqa qaytib kelishdi. Miryunusdan darak bo‘lmadi. Qumri tunlari tiq etgan tovushga quloq tutar, «Mabodo yarim kechasi qorni och kirib kelsa-chi», degan o‘yda har kuni bir kosa ovqatni dasturxonga o‘rab, bir choynak choy damlab qo‘yib, keyin uxlardi.
Kechki payt eshik taqilladi. Yetti yoshlardagi Mirsiddiq hovliqib darvoza tarafga yugurdi. Kir yuvayotgan Qumri ikki qo‘lini tog‘oradan olmay, umid bilan eshikka ko‘z tikdi: «Nahot Miryunus, suyanchig‘im qaytgan bo‘lsa...» Shomning g‘ira-shira qorong‘isida harbiycha kiyingan bir kishi darvozadan kirib keldi. Qumrining yuragi qinidan chiqayozdi, qo‘lidagi sovun ko‘pigini ko‘ylagiga artarkan, sog‘inchdan sel bo‘lib sharpa sari talpindi: — Voy, keldingizmi?!
Sharpaga yetishiga uch-to‘rt qadam qolganda, oyoq qo‘li bo‘shashdi. Ro‘parasida eri emas, butunlay boshqa kishi turardi. Yuragi alamdan tars yorilay dedi. Ammo o‘zini qo‘lga olib, mehmonni ichkariga taklif qildi: — Keling...
— Ismim Adham. Miryunus bilan bitta rotada jang qilgandik. Janglardan birida qattiq yaralandim. Do‘stim bilan Ukrainaning bir qishlog‘ida ajralishdik. Meni sanchasga olib ketishayotgan paytda Miryunus manavi nosqovog‘ini berib yuborgandi. «Agar mendan oldinroq uyga yetib borsang, shuni xotinimga berib qo‘y, hozircha unga beradigan boshqa sovg‘am yo‘q», deb aytgandi o‘shanda. Biz orqaga qaytdik. Yo‘lda poyezdimizga bomba kelib tushdi. Shundan keyin nima bo‘lganini bilmayman. O‘zimga kelganimda portlashgacha bo‘lgan hamma narsani unutgandim. Bir oyog‘imni kesib, hujjatdagi manzilim bo‘yicha, uyga jo‘natishdi. Yaqinda birdaniga xotiram tiklanib, Miryunusni esladim. Uning nosqovog‘ini o‘zimniki deb o‘ylab, ishlatib yurgan ekanman. Birovning omonati, topsam o‘zini ko‘rarman, topmasam omonatini topshirarman, deb uyingizni qidirib keldim. Guzarda to‘xtab, surishtirsam, do‘stim hali urushdan qaytmabdi. Noumid bo‘lmang, kelin, Miryunus shunchaki jon taslim qiladigan anoyi emasdi.
Qumrining ko‘z yoshlari dasturxon chetiga chakillab toma boshladi. Mehmon ayolning dil yarasini tilib qo‘yganidan xijolatlanib, noqulay ahvolda jim qoldi. So‘ng bir nima esiga tushgandek Qumriga “yalt” etib qaradi: — Balki uyam xotirasini yo‘qotgandir. Esi joyiga tushsa, qaytib kelar.
Adhamning gaplari Qumrining yuragiga umid soldi. Miryunusning nosqovog‘ini uyining to‘riga ilib qo‘ydi.
***
Ko‘p o‘tmay, kolxozga yangi rais keldi. Dala aylanib yurib, Qumrini ko‘rdi-yu, atrofidan ketolmay qoldi. Ham ishga, ham gapga chechan juvonning oftobda qoraygan kulchadek yuzi, hamisha charaqlab, kulib turadigan qop-qora ko‘zlari, g‘ayrat yog‘ilib turadigan kelbati har qanday odamning es-hushini o‘g‘irlardi.
Rais uni idoraga ishga chaqirdi. Qumri rozilik bermadi: — Menga dalada ishlash yaxshi, rais buva. Idorada o‘tirsam, siqilib ketaman. Brigadir boshqa ishga o‘tkazilib, Qumrini uning o‘rniga brigadir etib tayinlashdi.
Qumri kuni bilan ishdan bosh ko‘tarmas, kechalari esa erining nosqovog‘ini qo‘liga olib silab-sipar, duoga qo‘l ochib, uning tezroq qaytishini xudodan so‘rardi.
Shunday tunlarnig birida eshik taqilladi. Qumrining yuragi bir ag‘darilib tushgandek bo‘ldi. Nosqovoqni qo‘lidan qo‘ymay, yalang bosh, yalang oyoq darvoza tarafga yugurdi. «Keldi, Mirsiddiqning otasi keldi. Xudo xohlasa, ertaga yurtga osh beramiz...», deb o‘ylardi u.
Eshikni ochdi-yu, turgan joyida taxtadek qotib qoldi. Ro‘parasida rais turardi. — K-keling, rais buva... — yutindi ayol.
Rais tap tortmay hovliga qadam qo‘ydi va mulozamatsiz holda ayolni sensirab gap boshladi. — Yaxshi o‘tiribsanmi, Qumri?
— Xudoga shukur, — ayol ichkariga zipillab kirib, ro‘molini boshiga solib chiqdi.
Rais qo‘lidagi qog‘oz paketni bir chetga qo‘yib, chorpoyaga o‘tirdi. — Choy-poying bormi? — dedi u o‘z uyiga kelgandek, bemalol.
Qumrining ori keldi. «O‘zini kim deb o‘ylayapti bu rais?» xayolidan o‘tkazdi u. Ichkaridan yarim choynak sovuq choy ko‘tarib chiqdi. Raisning oldiga dasturxon yozdi. — O‘lgudek ochman, hozir raykomdan yig‘ilishdan kelyapman.
Juvon uyga kirdi. Qorachiroqning yorug‘ida timirskilanib, eri uchun olib qo‘ygan ovqatini qo‘liga oldi. «Ehtimol, otasi hozir kelib qolar...» degan umid ko‘nglidan o‘tdi. Ovqatni qayta joyiga qo‘ydi. Tovoqchada o‘g‘li ikkalasidan qolgan ozroq ovqat bor edi. Shuni mehmonning oldiga olib chiqdi. Rais sovuq choy bilan sovigan ovqatni yeb, qorin to‘qlagach, juvonga sirli ko‘z tashladi: — Qumri, yurtda qiyinchilik, sening holing qalay?
— Xudoga shukur, rais buva, nasibamizni terib yuribmiz... — Bu, ering urushdan qaytmayotganmish.
— Noumid shayton, kutyapmiz...
— O‘g‘ling ham kap-katta yigit bo‘lib qoldi. Unga ota kerak, Qumri. Otasi bedarak ketgan bo‘lsa bordir, ammo hozir o‘g‘lingga erkak kishining tarbiyasi zarur. Qumri raisning gap ohangidan nima demoqchi bo‘layotganini sezib tursa ham, indamay yerga qarab o‘tiraverdi.
— Yo‘q demasang, holingdan o‘zim xabardor bo‘lib turaman. Bu yoqda bolangning o‘qishi bor. Hali buni uylab-joylash kerak. Boshingda erkak bo‘lmasa, qiynalib qolasanmi, deyman-da...
— Xudoning o‘zi bir yo‘lga boshlar, rais buva.
— Sen shunday deysan-u, yosh umring uvol. Mana buni olgin-da, bitta ko‘ylak tikdirib kiy. Ataylab senga sotib oldim. Aytishlaricha, atlasni yaxshi ko‘rarmishsan. Rais qog‘ozga o‘ralgan matoni Qumrining oldiga surib qo‘ydi.
— Buni ayolingizga olib borsangiz bo‘lardi, — dedi juvon.
— Qumri, kuygan dilimni battar kuydirma! Seni ko‘rganimdan beri halovatimni yo‘qotganman, — rais juvonning bilagidan ushlab, o‘ziga tortdi.
Ayol tomirlarigacha titrab ketgandek bo‘ldi. O‘g‘li uyg‘onib, mo‘ralab turgandek, eshikdan Miryunus kirib kelayotgandek uyat va nomus butun vujudini egallab oldi. Qumri polvoning yuragida polvonligi bosh ko‘tardi. Bor kuchini bilagiga yig‘ib, bir siltanib, raisning changalidan chiqdi.
— Bas qiling!!! Erkagi yo‘q uyni xohlagan paytim oyoq osti qilolaman, deb o‘yladingizmi? — dedi ovozi titrab. — Bu uy erkaksiz qolmagan, rais! Ana, uyda o‘g‘lim bor! Rais dovdirab qoldi. Cho‘ntagidan ro‘molchasini olib, manglayiga bosib, yerga tikilib o‘tirib qoldi.
— Qumri, xafa bo‘lma, — dedi birozdan keyin. — Bunday qilmoqchimasdim. Rais o‘rnidan og‘ir qo‘zg‘alib, darvoza tarafga yurdi. Uning boshi egilgan. Yelkasiga ikki tonna yuk ortilgandek, qiyinchilik bilan qadam tashlardi.
Laq-laq titrayotgan Qumrining oyoqlaridan mador qochdi. Yerga o‘tirib qoldi va izillab yig‘lab yubordi. Ertasiga uni idoraga chaqirishdi. «Endi rais zug‘umini boshlaydi. Mayli, istasa kolxozdan ko‘chirib yuborsin», deb o‘yladi ayol. Idorada odam kam, rais xonasida bir o‘zi o‘tirardi. — Mumkinmi? — deya eshikdan mo‘raladi juvon.
— Qumrixon... — gap boshladi rais uning ko‘zlariga qaramay. — Sizdan kechirim so‘rayman. Yaxshi ish qilmadim. Ko‘nglingiz to‘q bo‘lsin, endi sizni hech kim xafa qilmaydi. Istasangiz, idoraga ishga keling, istasangiz, dalada ishlang, faqat bu yerlarni tashlab ketaman, demang.
Raisning oldidan chiqqach Qumri to‘g‘ri uyiga bordi-da, erining nosqovog‘ini bag‘riga bosib, dod solib yig‘ladi.
Ko‘zga yaqin emasmi, ustiga ustak polvonligi bor. Unga sovchi qo‘yayotgan erkaklar talaygina edi. Hamma narsaga qo‘l siltab, ulardan biriga tegib ketishni ham o‘yladi. Ammo bu erkaklarning hech biri Miryunusga o‘xshamasdi. Erining qarashlari boshqacha edi. Keng yelkalaridan, katta-katta kaftlaridan yog‘ilgan taft juvonning yuragini kuydirardi. Miryunusning keng fe’lligi, mardligi, chapaniligiga qorishiq muhabbatni, mehrni endi u qayta topolmasdi.
O‘g‘li xuddi otasiga o‘xshab o‘syapti. Boshqani er qilib ketsa, bolaning yuziga qanday qaraydi. Qumri polvon bo‘laturib, yolg‘izgina o‘g‘lini begona erkakka mo‘ltiratib qo‘yadimi?! Yo‘q, yaxshisi, kutadi. Umid bilan kutadi. Bir kuni Miryunus, albatta, eshikdan kirib kelar... O‘shanda Qumri polvon yurtga osh beradi.
Mirsiddiq institutni bitirib, ishga kirgach onasiga xonatlas olib berdi: - Buni kiymasangiz xafa bo‘laman. Endi sizga bo‘z bilan chit ko‘ylaklar yarashmaydi. Qo‘ysangchi, deb matoni o‘zidan nari surdi u.
O‘g‘lining yuzida norozilik zuhurlandi. Xuddi otasidek qaysarlik bilan Qumri polvonning yuz-ko‘ziga tikildi: - Odamlar qo‘li yupqaligi uchun Mirsiddiq onasiga bir kiyim xonatlas olib berolmayapti, - deb gap qilishyapti.
— Ularga parvo qilma. Otangga siz olib bermaguningizgacha xonatlas kiymayman, deb lafz qilganman. Odamlarning arzimagan gapini deb lafzimni yerga uraymi, bolam! Yaltillatib atlas kiyib yurganimda otang kirib kelsa, lafzida turmabdi-da, deb ko‘ngli og‘rimaydimi, — dedi u qat’iyat bilan.
...Qumri polvon vafot etibdi, degan gapni eshitib, qishloqning yoshu qarisi bir qalqib tushdi. Erkaklar mayitni tobutga qo‘yishayotgan pallada kimdir Mirsiddiqning qulog‘iga pichirladi: — Ichkarida sizni chaqirishayotgan ekan.
U xotin-xalaj o‘tirgan uyga yaqinlashdi. Ichkaridan chiqib kelgan keksa kampir ro‘moli uchini ko‘ziga bosarkan, uning qo‘liga bir kiyimlik xonatlas tutqazdi: — Onang 60 yil otangni kutdi. Erimga so‘z berganman deb bir umr atlas ko‘ylak kiymay o‘tdi. Shu mato hech bo‘lmasa qabristongacha unga hamrohlik qilsin...
Erkaklar tobutni yelkalariga olishganda, tobut ustiga yopilgan xonatlas yengil shabadada xilpirab, yal-yal tovlandi.
Qumri momo shunday umr kechirdi yoronlar, shunday yashadi u!
Hamroxon MUSULMONOVA, jurnalist.
