TADBIRKOR TASHABBUSI BILAN...
2025-05-13 11:40:00 / Yangiliklar

Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik – iqtisodiyotning tayanch nuqtasi, aholining bandligini ta'minlashda muhim yo‘nalishlardan biri. Yurtimizda tadbirkorlik subyektlarini qo‘llab-quvvatlash, ularning erkin faoliyat yuritishlari uchun keng qulayliklar yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu esa yangi xususiy tadbirkorlik subyektlari faoliyati yo‘lga qo‘yilishida yoki faoliyat turlarini kengaytirishda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.
“Ishonch-Feruz” XK nomi Uchkudukliklarga yaxshi tanish. Qurilish, savdo-maishiy xizmat ko‘rsatish, qurilish materiallari ishlab chiqarish, chorvachilik singari o‘nlab yo‘nalishlarda faoliyat yuritayotgan xususiy korxonada 50 dan ortiq doimiy, 100 dan ortiq mavsumiy ish o‘rni yaratilgan.
Yaqinda “Ishonch-Feruz” mehmonxonasi yangidan qurilib, foydalanishga topshirildi. Mazkur majmuaning umumiy loyiha qiymati 8 milliard so‘m bo‘lib, qurilish ishlari korxonaning o‘z mablag‘lari hisobidan amalga oshirilgan. 37 o‘ringa mo‘ljallangan 17 ta xonadan iborat mehmon uyi betakror me’moriy ko‘rinishi, yaratilgan qo‘shimcha qulayliklar, avtoturargoh, oshxona va yuqori darajadagi servisi bilan Uchkuduk tumanidagi boshqa mehmonxonalardan ajralib turadi.
–Hozirda turizm sohasiga qaratilayotgan e’tibor, qolaversa, tadbirkorlarga yaratilgan keng imkoniyatlar tufayli o‘nlab yo‘nalishlarda faoliyat yuritmoqdamiz. Mehmonxona sohasi biz uchun yangi yo‘nalish, lekin mo‘jaz Uchkudukka turli hududlardan, hatto boshqa mamlakatlardan ko‘plab mehmonlarning tashrif buyurishini inobatga olib, shu sohaga qo‘l urdik, – deydi tadbirkor Husniddin Normurodov. – Muhimi, o‘ndan ortiq kishining bandligi ta’minlandi.
Zamonaviy “Ishonch-Feruz” mehmon uyi Uchkudukka tashrif buyuruvchi mehmonlar va xorijlik sayyohlarni o‘ziga jalb etishi shubhasiz.





