Uchquduq: ochiq muloqot va samarali hamkorlik
2026-10-29 11:40:00 / Matbuot anjumanlari

Uchquduq tumanida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlarini keng yoritish, aholini qiynayotgan masala va muammolarni jamoatchilik e’tiboriga olib chiqish hamda ommaviy axborot vositalari va blogerlar bilan hamkorlikni mustahkamlashga bag‘ishlangan uchrashuv tashkil etildi.
Uchquduq — viloyat markazidan qariyb 320 kilometr, respublika poytaxtidan esa 1000 kilometrga yaqin masofada joylashgan, o‘ziga xos tarixi va taraqqiyot yo‘liga ega hudud. Bugun bu zaminda 40 ming nafarga yaqin aholi istiqomat qiladi. Hududda amalga oshirilayotgan islohotlar, bunyodkorlik ishlari shuningdek, yechimini kutayotgan masalalarni keng jamoatchilikka yetkazishda jurnalist va blogerlarning o‘rni muhim.
Uchrashuvda ana shu jihatlarga alohida e’tibor qaratilib, axborot xizmati, OAV va blogerlar o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, hudud hayotidagi ijobiy o‘zgarishlarni xolis va tezkor yoritish, aholi murojaatlarida ko‘tarilayotgan muammolarni tegishli mutasaddilar e’tiboriga yetkazish masalalari muhokama qilindi.
—Uchquduq — bu yerda istiqomat qilayotgan yurtdoshlarimizning moʻjaz vatani. Tumanda amalga oshirilayotgan ezgu ishlar, erishilayotgan yutuqlar va mavjud muammolarni shu zaminda yashayotgan aholining, o‘zimizning yutuq va kamchiliklarimiz sifatida qabul qilishimiz kerak. Biz, jurnalistlar, blogerlar va mediasohasiga qiziquvchi yoshlar hamjihatlikda faoliyat yuritsak, nomi tillarda doston bo‘lgan Uchquduqning ijobiy qiyofasini yanada keng targ‘ib qilishga hissa qo‘shamiz. Hududdagi muammolarni ham xolis yoritib, xalq va hokimiyat o‘rtasidagi ishonchli ko‘prikka aylanishimiz zarur, — dedi Uchquduq tuman hokimligi axborot xizmati rahbari — matbuot kotibi Rayhon Qodirova.
Samimiy muloqot ruhida kechgan uchrashuvda Shimoliy kon boshqarmasi muxbiri, O‘zbekiston Jurnalistlar ijodiy uyushmasi a’zosi Laylo Karimova hamda bloger va boshlovchi Qobil Qurbonov ham o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar. Ular hududdagi muhim voqea-hodisalarni keng yoritish, aholi bilan muloqotni kuchaytirish va ijtimoiy tarmoqlar imkoniyatlaridan samarali foydalanish borasidagi takliflarini o‘rtoqlashdilar.
Uchrashuv davomida bildirilgan fikrlar axborot xizmati, jurnalistlar va blogerlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, aholi manfaatlariga daxldor masalalarni keng jamoatchilikka yetkazish hamda hududning axborot maydonidagi faolligini oshirishga qaratildi.
Zero, ochiq muloqot, xolis axborot va samarali hamkorlik — aholi ishonchini mustahkamlash, mavjud muammolarga yechim topish va Uchquduqning bugungi qiyofasini keng namoyon etishning muhim shartidir.
UCHQUDUQ TUMAN HOKIMLIGI AXBOROT XIZMATI.
