EKOLOGIK HOLAT JOYIGA CHIQIB O‘RGANILDI
2026-10-16 09:10:00 / Yangiliklar
Xalq deputatlari Uchquduq tuman Kengashining Agrar, suv xo‘jaligi va ekologiya masalalari bo‘yicha doimiy komissiyasi raisi o‘rinbosari L.Karimova, Kengash kotibiyati mudiri M.Kamolova, kotibiyat bosh mutaxassisi M.Muhammadiyev, O‘zbekiston Ekologik partiyasi Uchquduq tuman Kengashi raisi, shuningdek, tuman Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishlari bo‘limi hamda tuman Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi bo‘limi xodimlari hamkorligida ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan murojaat yuzasidan joyiga chiqib o‘rganish ishlari olib borildi.
Xususan, ijtimoiy tarmoqlarda “Uchquduqda aholi norozi: «Smart City» majmuasidan chiqayotgan tutun va badbo‘y hidlar xonadonlargacha yetib bormoqda!” sarlavhasi ostida e’lon qilingan xabarda ko‘tarilgan masala tegishli mutasaddilar ishtirokida o‘rganildi.
O‘rganish davomida tadbirkor bilan suhbat o‘tkazilib, mavjud holatni yaxshilash, aholi uchun noqulayliklar yuzaga kelishining oldini olish hamda atrof-muhitga salbiy ta’sirni kamaytirish yuzasidan tushuntirishlar berildi.
Mutasaddi tashkilotlar vakillari tomonidan tutun chiqadigan mo‘rini balandroq qilish, tutunning atrofdagi xonadonlarga tarqalishini kamaytirish va bu borada zarur choralarni ko‘rish yuzasidan tegishli tavsiya hamda ko‘rsatmalar berildi.
🌱 O‘rganishdan asosiy maqsad — aholi salomatligini muhofaza qilish, ekologik xavfsizlikni ta’minlash va fuqarolarni tashvishga solayotgan masalalarni joyida o‘rganib, ularning yechimiga ko‘maklashishdan iborat.
