Xotira xiyobonida yangi hayot nafasi
2026-09-30 18:45:00 / Yangiliklar
Shaharni shahar qiladigan narsa faqat baland binolar yoki ravon yo‘llar emas. Uning haqiqiy qiyofasi inson qadriga bo‘lgan munosabatda, odamlar uchun yaratilgan muhitda, bolalar kulgisi yangraydigan, keksalar hordiq chiqaradigan, yoshlar orzu-umidlarini baham ko‘radigan maskanlarda namoyon bo‘ladi.
Uchquduqda bugun amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlarining mazmun-mohiyatida ham ana shu ezgu maqsad inson uchun munosib muhit yaratish g‘oyasi mujassam.
“Do‘stlik” mahallasida joylashgan “Xotira” xiyobonini qayta qurish loyihasi ham ana shunday ezgu intilishlarning amaliy ifodasidir.
Bugun Uchquduq tuman hokimi Uchqun Yelmuratov mutasaddilar bilan birgalikda “Xotira” xiyobonida bo‘lib, bu yerda olib borilayotgan qurilish va bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi.
Loyiha doirasida xiyobonni butunlay zamonaviy qiyofaga keltirish, hududni keng ko‘lamda ko‘kalamzorlashtirish, atrof-muhitni obodonlashtirish va aholi uchun yanada qulay sharoitlar yaratish ko‘zda tutilgan. Mazkur loyihani amalga oshirish uchun respublika byudjetidan 1 mlrd. 440 mln. so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan.
Oilasi bilan sayr qilayotgan ota-ona, nabirasi bilan suhbatlashib o‘tirgan nuroniy, do‘stlari bilan vaqt o‘tkazayotgan yoshlar, yashillik bag‘rida dam olayotgan bolalar — xiyobonning haqiqiy mazmuni ana shu manzaralarda namoyon bo‘ladi.
Bu yerda bugun qurilish ishlari ketyapti. Ertaga esa bu hududda odamlarning qadam tovushlari, bolalar kulgusi, samimiy suhbatlar yangraydi.
Uchquduq tuman hokimi tomonidan mas’ullarga qurilish va obodonlashtirish ishlarini jadallashtirish, ishlarni sifatli tashkil etish, belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida bajarish yuzasidan tegishli tavsiya va ko‘rsatmalar berildi.
Bu esa loyihaning har bir bosqichida mas’uliyat va nazoratni kuchaytirish zarurligini ko‘rsatadi.
UCHQUDUQ TUMAN HOKIMLIGI AXBOROT XIZMATI.
