Yoshlar bilan muloqot: muammolar aytildi, yechimlar belgilandi!
2026-09-24 12:10:00 / Yangiliklar
Yoshlarning fikrini eshitish — ularning kelajagi bilan bog‘liq masalalarga bugundan yechim topish demakdir. Uchquduq tuman hokimligi katta majlislar zalida “Payshanba — yoshlar kuni” munosabati bilan “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi o‘tkazildi.
Unda tuman hokimi Uchqun Yelmuratov, tuman prokurori Maqsud Ortiqov, tuman IIB boshlig‘i Z. Kaxarov, tuman DSI boshlig‘i A. Usmonov, shuningdek, korxona va tashkilotlar rahbarlari ishtirok etdi.
Uchrashuvni tuman hokimi kirish so‘zi bilan ochib, yoshlar uchun ochiq muloqot maydoni yaratilganini, ular o‘zlarini qiziqtirayotgan masala, muammo, tashabbus va takliflarini erkin bildirishlari mumkinligini ta’kidladi.
Ochiq muloqot davomida yoshlar tomonidan o‘nlab murojaat, masala va takliflar bildirilib, ularning har biri bo‘yicha tegishli mas’ullarga vazifalar belgilandi.
Xususan, Sh. Qalbayev Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini menejment-iqtisodchi mutaxassisligi bo‘yicha tamomlaganini bildirib, bandlik masalasida murojaat qildi. Unga tumandagi mavjud bo‘sh ish o‘rinlari taklif etildi. Jumladan, “Bozdun” va “Kokayaz” ovul fuqarolar yig‘inlarida hokim yordamchisi hamda yoshlar yetakchisi lavozimlari taklif qilindi.
Sh. Qalbayev onasi yolg‘iz ekanligi sababli shaharda ishlash istagini bildirdi. Shu munosabat bilan respublika “Asakabank”ning Uchquduq tumaniga biriktirilgani, oktyabr oyida “mahalla bankiri” yo‘nalishida 5 ta shtat birligi ajratilishi kutilayotgani ma’lum qilinib, ushbu ish o‘rinlariga nomzod sifatida tayyorgarlik ko‘rish tavsiya etildi.
B. Baqkeldiyev 2-son texnikumni foydali qazilmalarni ochiq usulda qazib olish va boyitish yo‘nalishi bo‘yicha tamomlagan. “Juzquduq” ovulida istiqomat qiluvchi yoshga yashash manziliga yaqin bo‘lgan “Kokpatas” mahallasidagi “K-Tungsten” XK da ishlash uchun tavsiya berildi.
M. Hazratova Navoiy davlat universitetining maktabgacha ta’lim yo‘nalishini tamomlagan. U “Kokpatas” mahallasidagi 8-sonli DMTTga tarbiyachi vazifasiga ishga tavsiya etildi.
Shuningdek, U. Jumagulova — oliy ma’lumotli ximik-texnolog, Sh. Yo‘ldosheva — muhandis-geolog, M. Jo‘rayeva — oliy ma’lumotli jismoniy tarbiya o‘qituvchisi sifatida bandlik masalasida murojaat qildi. Ularga tumandagi mavjud bo‘sh ish o‘rinlari hamda xususiy sektordagi ish imkoniyatlari taklif etildi.
Uchrashuvda yoshlarning bandligini ta’minlash bilan bir qatorda, yoshlarga oid qabul qilinayotgan huquqiy hujjatlar mazmun-mohiyati yuzasidan tushuntirish va targ‘ibot ishlari ham olib borildi.
E’tiborlisi, uchrashuv shunchaki muloqot bilan cheklanmay, murojaatdan — taklifga, taklifdan — aniq yechim va amaliy choralarga o‘tishga qaratildi.
UCHQUDUQ TUMAN HOKIMLIGI AXBOROT XIZMATI.
