XALQARO SHARTNOMA: Texnikum pedagoglari Xitoy tajribasini o‘rganmoqda
2026-09-15 13:45:00 / Yangiliklar
Ta’limdagi integratsiya va xalqaro tajriba — zamon talabi. Professional ta’lim tizimini tubdan isloh qilish, yoshlarga jahon standartlari asosida zamonaviy kasb-hunar o‘rgatish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi.
Ushbu ezgu maqsad yo‘lida Uchquduq tumani 1-son texnikumi ham xalqaro aloqalarni kengaytirish va xorijning ilg‘or tajribasini amaliyotga joriy etish borasida ulkan muvaffaqiyatga erishdi.
Avval xabar berilganidek, tumanimizdagi 1-son texnikum direktori Bekzod Qodirovning Xitoy Xalq Respublikasiga amalga oshirgan xizmat safari mahalliy professional ta’lim tarixida yangi sahifa ochdi.
Safar doirasida Xitoyning eng nufuzli va yuqori texnologiyalarga ixtisoslashgan oliy ta’lim maskanlaridan biri — «Chongqing Polytechnic University of Electronic Technology» rahbariyati bilan rasmiy uchrashuvlar o‘tkazildi.
Do‘stona va konstruktiv ruhda o‘tgan muzokaralar yakunida ikki ta’lim muassasasi o‘rtasida istiqbolli hamkorlik memorandumi imzolangan edi. Ushbu hujjatga asosan, 1-son texnikum pedagoglaridan iborat delegatsiya Xitoyning Chongqing shahrida bo‘lib qaytishdi.
Shahar bo‘ylab uyushtirilgan sayohat davomida vakillarimiz megapolisning zamonaviy infratuzilmasi, madaniy muhiti va yuksak rivojlanish tajribasi bilan yaqindan tanishdilar.
Tashrif davomida delegatsiya a’zolari Xitoyning nufuzli ta’lim maskanlaridan biri Chongqing politexnika va elektronika universitetida bo‘ldilar. Bu yerda zamonaviy o‘quv bazasi, so‘nggi rusumdagi innovasion laboratoriyalari, ishlab chiqarish bilan chambarchas integratsiyalashgan ta’lim tizimi hamda talabalarga yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdilar.
Uchrashuvlar davomida kasbiy ta’lim sohasidagi ilg‘or tajribalar, zamonaviy raqamli texnologiyalarni o‘quv jarayoniga samarali joriy etish hamda xalqaro hamkorlik istiqbollari yuzasidan qizg‘in fikr-mulohazalar almashildi.
Bu kabi uchrashuv va sayohatlar pedagoglarimiz uchun yangi bilim va tajribalarni o‘zlashtirish va ta’lim sifatini oshirishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.
