MUAMMO BILAN KELGANLAR YECHIM BILAN QAYTMOQDA
2026-09-14 18:55:00 / Yangiliklar
Bugun «Yo‘lchilar» OFY da Uchquduq tuman hokimi Uchqun Yelmuratov rahbarligida «Ijtimoiy reyestr»da ro‘yxatda turgan 24 ta xonadon vakillari bilan ochiq muloqot o‘tkazildi.
Unda oilalarning muammo va takliflari tinglanib, ayrim masalalar bo‘yicha joyida amaliy yechimlar belgilandi. Ma’lum qilinishicha, shu kunga qadar ushbu oilalar a’zolarining ko‘pchiligi o‘z mutaxassisligi bo‘yicha mavjud sanoat korxonalariga ishga joylashtirilgan.
Jumladan, Ayzat Sandibayeva 5-maktabga xizmatchi vazifasiga ishga qabul qilindi. Hamshiralik diplomiga ega Mavjuda Nazarovaga mutaxassisligi bo‘yicha ishlash uchun qayta tayyorlov va malaka oshirish kurslarida o‘qish tavsiya etildi. Mehrigul Dilmurodova va Gulnur Po‘latovaning ish stavkasini oshirish bo‘yicha murojaatlari qonuniy tartibda ko‘rib chiqiladigan bo‘ldi. 2-guruh nogironi Kunsulu Otabayevaga esa moddiy yordam ko‘rsatish belgilandi.
Shuningdek, Nodira Farmonovaning farzandi maktabgacha ta’lim muassasasiga imtiyoz asosida qabul qilinadigan bo‘ldi. Payvandlovchi mutaxassislikka ega Nazirjon Hamroyevga esa SHKBga kvota asosida ishga joylashish uchun yo‘llanma berildi.
Muloqotda aholini qiynayotgan infratuzilma masalalari ham ko‘tarildi. Xususan, «Shukrona» ko‘chasida ichimlik suvi quvurlarini tortish bo‘yicha bildirilgan taklif yuzasidan tuman hokimi mas’ullarga muammoni o‘rganish va ijobiy hal etish bo‘yicha aniq topshiriqlar berdi.
Bugungi uchrashuvda ishga joylashish, kasbiy tayyorgarlik, farzandlarni maktabgacha ta’limga qamrab olish hamda ichimlik suvi ta’minoti kabi muhim masalalar yuzasidan amaliy choralar belgilandi.
UCHQUDUQ TUMAN HOKIMLIGI AXBOROT XIZMATI.
