RAQAM EMAS — NATIJA MUHIM!
2026-09-14 13:35:00 / Yangiliklar

Uchquduq tuman hokimi Uchqun Yelmuratov raisligida navbatdagi apparat yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda ijro intizomi, topshiriqlarning o‘z vaqtida bajarilishi va aholi murojaatlari bilan ishlash samaradorligi tanqidiy-tahliliy asosda ko‘rib chiqildi.
Xususan, Edo.ijro.uz tizimidagi hujjatlar ijrosi tahlil qilinib, ayrim mas’ul tashkilotlar tomonidan berilgan topshiriqlarga yetarlicha e’tibor qaratilmayotgani tanqid qilindi. Tuman Agrosanoat majmuasi ustidan nazorat qilish inspeksiyasi, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish tuman bo‘limi hamda Mahallalar uyushmasi Uchquduq tuman bo‘limi mutasaddilariga topshiriqlar ijrosiga yetarlicha e’tibor qaratilmayotgani ko‘rsatib o‘tildi “ogohlantirildi”.
Mas’ul rahbarlarga aniq vazifalar belgilab berilib, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish va topshiriqlarni belgilangan muddatlarda yakunlash yuzasidan tegishli choralar ko‘rish topshirildi.
Kambag‘allikni qisqartirish — ustuvor vazifa
Uchquduq tumanida kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha “favqulodda rejim” joriy etilgan va shtab faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.
Yig‘ilishda kambag‘allikni qisqartirish masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Ta’kidlanganidek, Uchquduq tumanida kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha “favqulodda rejim” joriy etilgan va bu yo‘nalishdagi ishlarni muvofiqlashtiruvchi shtab faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.
2026 yildan kambag‘allikni baholash va aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashda «Ijtimoiy reyestr» tizimi asosiy mexanizm sifatida qo‘llanilmoqda. Unda oilalarning daromadi, ijtimoiy holati va ehtiyojlari inobatga olinib, ular quyidagi uchta asosiy toifaga ajratiladi:
🔹 «Davlat ta’minotidagi oila»
🔹 «Kambag‘al oila»
🔹 «Kambag‘allik chegarasidagi oila»
2026 yildan oilalarning ijtimoiy holati va ehtiyojini baholashda «Ijtimoiy reyestr» tizimi amal qilmoqda. Ayni paytda tumanda “xonadonbay” xatlov ishlari davom etmoqda. “Uzunquduq”, “Yo‘lchilar” OFY, “Aytim” va “Kokpatas” MFYlarda xatlov ishlari mahalla yordamchilari tomonidan sust olib borilayotgani tanqid qilindi.
Shuningdek, oilalarni imtiyozli kredit, subsidiya va ssudalar bilan qo‘llab-quvvatlash, kasb-hunarga o‘qitish, o‘zini o‘zi band qilish va doimiy daromad manbaini yaratish masalalari muhokama qilindi.
-Asosiysi raqam emas, natija. Har bir oilaning daromadini oshirish va uni kambag‘allikdan chiqarish bo‘yicha amaliy yechim bo‘lishi shart», — dedi tuman rahbari.
Bundan buyon har bir hudud va har bir oila kesimida amalga oshirilayotgan ishlar natijadorligiga alohida baho berilib, kambag‘allikni qisqartirishda manzilli yondashuv, aniq vazifa va amaliy natija asosiy mezon bo‘ladi.
Uchquduq tuman hokimligi axborot xizmati.
