Sifatli ta’lim — Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining mustahkam poydevori
2026-09-02 08:35:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari
Assalomu alaykum, aziz o‘quvchilar!
Muhtaram ota-onalar!
Qadrli ustoz va murabbiylar!
Ayni kunlarda yurtimizda eng ulug‘ va eng aziz bayram — O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi shodiyonalari qalblarimizga g‘urur va iftixor, xonadonlarimizga quvonch va fayz bag‘ishlayotgan shukuhli kunlarda yana bir qutlug‘ sana — Bilimlar kunini kutib olmoqdamiz.
Maroqli yozgi ta’tildan so‘ng qo‘llarida gul, qalblarida hayajon va katta orzular bilan sevimli maktablari sari oshiqqan o‘quvchilarimizning quvonchi butun tumanimizga bayramona kayfiyat bag‘ishlamoqda.
Bugun Uchquduq tumanidagi 19 ta umumta’lim maktabida yangi o‘quv yili — “Bilimlar kuni” tantanalari ko‘tarinki ruhda bo‘lib o‘tmoqda.
Ayniqsa, maktab ostonasiga ilk bor qadam qo‘yayotgan 1016 nafar birinchi sinf o‘quvchisi uchun quvonchli va unutilmas sanalarida biri bo‘lib qoladi. Ularga “Prezident sovg‘asi”ning tantanali topshirilayotgani esa ushbu qutlug‘ kunga yanada fayz bag‘ishlaydi.
Aziz yoshlar!
“Sifatli ta’lim — Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining mustahkam poydevori” shiori ostida boshlanayotgan yangi o‘quv yili barchamiz uchun ezgu maqsadlar, ulkan natijalar va yangi yutuqlar yili bo‘lishiga ishonaman. Negaki, Uchquduq tuman ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan ishlar, o‘zining ijobiy natijalarini bermoqda.
Jumladan, bundan bir necha yil avval tumanda oliy toifali o‘qituvchilar ulushi atigi 1,5 foizni tashkil etgan bo‘lsa, bugun bu ko‘rsatkich 30 foizga yetdi. Birinchi toifali pedagoglar ulushi esa 5 foizdan 26 foizga ko‘tarildi. Ayni paytda faoliyat yuritayotgan o‘qituvchilarning 56 foizi yuqori malaka va salohiyatga ega pedagoglar hisoblanadi.
Bugun maktablarimizda mehnat qilayotgan 847 nafar pedagogning 389 nafari, ya’ni 45 foizi xalqaro va milliy sertifikatlarga ega. Ularning mehnati munosib rag‘batlantirilib, 312 nafar pedagogga qo‘shimcha ustamalar belgilangan. E’tiborlisi, 100 nafardan ziyod pedagogning oylik ish haqi 1000 AQSH dollaridan yuqori miqdorga yetgan.
Albatta, ustozning bilimi va mahorati o‘quvchining yutug‘ida namoyon bo‘ladi. Agar 2024 yilda 78 foiz, 2025 yilda 84 foiz bitiruvchi talaba bo‘lgan bo‘lsa, 2026 yilda bu ko‘rsatkich 90 foizga yetdi.
Bitiruvchilarimizning o‘rtacha test natijasi ham 112,38 ballni tashkil etib, Uchquduq tumani respublika tumanlari reytingida oliy ta’limga kirish ko‘rsatkichi bo‘yicha 7-o‘rin, o‘rtacha test bali bo‘yicha 15-o‘rinni egalladi.
Bu natijalar ortida avvalo fidoyi ustozlarimizning mashaqqatli mehnati, o‘quvchilarimizning intilishi va ota-onalarimizning qo‘llab-quvvatlashi mujassam, albatta!.
Faxr bilan aytish mumkinki, tumanimiz maktablari respublika miqyosidagi tanlov va musobaqalarda ham munosib natijalarni qo‘lga kiritmoqda. Xususan, 7-sonli umumta’lim maktabi jamoasi “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasidagi “Zakovat” intellektual o‘yinining respublika bosqichida g‘olib bo‘lib, 1-o‘rinni egalladi.
Shuningdek, 7- va 20-sonli maktablar jamoalarining xorijiy tillarni o‘qitish bo‘yicha respublika miqyosidagi muvaffaqiyatlari ham Uchquduq ta’lim tizimidagi yuksalishlarning yana bir yorqin misolidir.
Aziz o‘quvchilar!
Sizlar — Uchquduqning, qolaversa, mamlakatimizning ertangi kunisiz va ishonchisiz!. Bugun maktab partasida o‘tirib, ilm – bilim egallayotgan har bir o‘quvchi ertaga yurtimizning turli sohalarida o‘z o‘rniga ega bo‘ladi. Elu-yurt taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shadi.
Hurmatli ustozlar!
O‘qituvchining har bir sabog‘i kelajakka qo‘yilgan qadam. Har bir shogirdining yutug‘i esa uning mashaqqatli mehnati samarasidir. Yosh avlodga bilim va tarbiya berishdek sharafli vazifani sidqidildan bajarayotgan barcha ustozlarimizga samimiy minnatdorchiligimni bildiraman.
Qadrli ota-onalar!
Farzandlaringizning ta’lim va tarbiyasiga befarq bo‘lmang. Ularning har bir yutug‘ini qo‘llab-quvvatlab, orzu va maqsadlariga ishonch bering, hayot yo‘llarida hamroh bo‘ling.
Barcha bilimga chanqoq o‘quvchilarimizni yangi o‘quv yili bilan muborakbod etaman!
Yangi o‘quv yili sizlar uchun yangi bilimlar, yangi g‘alabalar va yangi maqsadlarlar yili bo‘lsin!
E’tiboringiz uchun raxmat!
