Yangi zal — yangi g‘alabalar sari
2026-08-27 12:50:00 / Yangiliklar
Uchquduq tumanida yosh avlodning jismoniy va ma’naviy kamoloti, ularning sport bilan muntazam shug‘ullanishi uchun zamonaviy sharoitlar yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Shu maqsadda «Ochiq byudjet» mablag‘lari hisobidan 1 mlrd. 500 mln. so‘m mablag‘ yo‘naltirilib, tuman sport maktabi hududida yopiq turdagi zamonaviy kurash zali barpo etildi va foydalanishga topshirildi.
Yangi sport inshooti yoshlarning milliy sport turi — kurash bilan yil davomida muntazam shug‘ullanishi, sport mahoratini oshirishi, musobaqalarga puxta tayyorgarlik ko‘rishi uchun keng imkoniyat yaratadi.
Inshootning foydalanishga topshirilishi munosabati bilan tantanali tadbir o‘tkazildi. Unda mahalla nuroniylari, keng jamoatchilik vakillari, yosh sportchilar hamda tuman rahbarlari ishtirok etdi.
Tadbirda Uchquduq tumani hokimi U. Yelmuratov so‘zga chiqib, yosh sportchilarning turli sport musobaqalarida munosib ishtirok etib, yuqori natijalarni qo‘lga kiritayotganini alohida ta’kidladi. Yangi sport zali yoshlarning mashg‘ulotlarini yanada samarali tashkil etish, ularning sport mahoratini yuksaltirish va kelgusida nufuzli musobaqalarda Uchquduq sharafini munosib himoya qiladigan chempionlarni tarbiyalashga xizmat qilishini qayd etdi.
Shuningdek, tadbirda tuman prokurori M. Ortiqov, tuman IIB boshlig‘i A. Radjapov, tuman davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i A. Usmonov ham ishtirok etdi.
Yangi kurash zali tumanda sport infratuzilmasini yanada rivojlantirish, yoshlarni ommaviy sportga jalb etish va iqtidorli sportchilarni qo‘llab-quvvatlash yo‘lidagi muhim qadamdir.
UCHQUDUQ TUMAN HOKIMLIGI AXBOROT XIZMATI.
