Sifatli ta’lim — Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining mustahkam poydevori
2026-08-21 17:50:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari
Assalomu alaykum, hurmatli mehmonlar, forum ishtirokchilari!
Aziz o‘qituvchilar, fidoyi ustozlar, tarbiyachilar va ta’lim faxriylari!
Muhtasham “Uchquduq” madaniyat saroyida to‘plangan tumanimizning faol, tashabbuskor va ilg‘or ustozlarini “Sifatli ta’lim — Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining mustahkam poydevori” shiori ostida tashkil etilayotgan Beshinchi ustozlar milliy forumi bilan chin qalbimdan samimiy tabriklayman.
Sizlarni ma’naviyat va ma’rifat maskani bo‘lgan, ziyo ulashuvchi ustozlarimizni bir maqsad yo‘lida jamlagan ushbu koshonada ko‘rib turganimdan mamnunman.
Aziz ustozlar!
Sizlar bilan xalqimiz uchun eng ulug‘ va eng aziz bayram — O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi ostonasida uchrashib turibmiz.
Davlatimiz rahbari Shavkat Miromonovich Mirziyoyev tomonidan Mustaqilligimizning 35 yilligini munosib kutib olish va yuksak saviyada nishonlash yuzasidan qabul qilingan qarorga muvofiq, bayram tadbirlari “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” shiori ostida o‘tkazilishi belgilandi.
Mazkur ezgu shior xalqimizning hamjihatligi, Vatan ravnaqi yo‘lidagi mushtarak maqsadlari va kelajakka bo‘lgan yuksak ishonchini o‘zida ifoda etadi.
Shu qutlug‘ fursatdan foydalanib, sizlarni hamda sizlar orqali tumanimizdagi barcha ustoz va murabbiylarni chin qalbimdan muborakbod etaman!
Mustaqillik — xalqimizning asriy orzu-intilishlari, ezgu maqsadlari va farovon kelajagini o‘zida mujassam etgan bebaho ne’matdir. Ana shu tinch va osoyishta yurtda yosh avlodga ta’lim-tarbiya berish, ularni Vatanga sadoqatli, bilimli va komil insonlar etib voyaga yetkazishdek sharafli vazifani sidqidildan ado etayotgan mehnatingiz har qancha tahsinga sazovor.
O‘ylaymanki, yangi 2026–2027 o‘quv yili tumanimiz ta’lim sohasida yangi yutuqlar, ezgu tashabbuslar va yuqori natijalarga boy yil bo‘ladi.
Ta’lim muassasalarining infratuzilmasini yaxshilash, yoshlar uchun zamonaviy va qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida tumanimizda qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, 4-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabida 2 milliard 773 million so‘m mablag‘ evaziga qurilish va ta’mirlash ishlari amalga oshirildi. Xuddi shunday, 13-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida ham mukammal ta’mirlash ishlari yakunlanmoqda.
Shuningdek, ta’lim muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash maqsadida mahalliy byudjet hisobidan tumandagi 17 ta umumta’lim maktabiga 878 million so‘m, 15 ta davlat maktabgacha ta’lim tashkilotiga 396 million 400 ming so‘m — jami 1 milliard 274 million 400 ming so‘m mablag‘ ajratilib, maqsadli sarflandi.
Umumta’lim maktablarini zamonaviy axborot texnologiyalari vositalari bilan ta’minlashga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, 2025 yilda respublika va mahalliy byudjetidan 400 million so‘m, 2026 yilda 600 million so‘m mablag‘ evaziga kompyuter, elektron doska hamda planshetlar xarid qilindi.
Bundan tashqari, tumandagi ikkita maktabning chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik sinf xonalari mahalliy byudjetdan ajratilgan 18 million so‘m mablag‘ hisobidan birlamchi harbiy-ta’lim vositalari bilan to‘liq jihozlandi.
Barcha bolalar uchun teng ta’lim imkoniyatlarini yaratish maqsadida tumandagi 8 ta umumiy o‘rta ta’lim maktabida inklyuziv sinflar tashkil etildi. Ularda to‘siqsiz muhit va korreksion xonalar yaratish uchun mahalliy byudjet hisobidan 240 million so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltirildi.
Ta’lim muassasalarini ta’mirlash va yangi o‘quv yiliga munosib tayyorlash maqsadida tuman hokimligi tomonidan yana 150 million so‘m mablag‘ ajratilib, zarur qurilish materiallari yetkazib berildi.
Umumta’lim maktablarini darsliklar va badiiy adabiyotlar bilan ta’minlash borasida ham tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, 2025 yilda maktablardagi badiiy adabiyotlar soni 49 ming 814 tani tashkil etgan bo‘lsa, 2026 yilda bu ko‘rsatkich 56 ming 515 taga yetkazildi. Buning uchun mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan 50 million so‘m ajratildi.
Hurmatli tadbir ishtirokchilari!
Barchangizga ma’lumki, tumanimizda ta’lim sifatini yaxshilash borasida olib borilayotgan tizimli ishlar natijasida Uchquduq tumani viloyatdagi kuchli uchtalikdan munosib o‘rin egallab kelmoqda.
Ta’lim sifatini oshirishda pedagoglarning kasbiy mahoratini yuksaltirish, zamonaviy bilimlar va ilg‘or xorijiy tajribalarni o‘rganish muhim ahamiyat kasb etadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli Farmoniga asosan, mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan 2025 yilda Uchquduq tumanidagi 5 nafar o‘qituvchi Turkiya davlatida ta’lim sayohatida ishtirok etdi. 2026 yilda esa bir nafar pedagog Finlyandiya, Estoniya, Shvesiya va Turkiya davlatlarida tashkil etilgan xalqaro ta’lim sayohatiga yuborildi.
Bugungi kunda tumanimizda faoliyat olib borayotgan 50 nafar o‘qituvchi davlatimiz rahbari tomonidan pedagoglar uchun yaratilgan imkoniyatlardan unumli foydalanib, o‘z bilimi, malakasi va kasbiy salohiyati bilan 1 000 dan 1 500 AQSH dollarigacha miqdorda oylik maosh olmoqda.
Bu natijalar, avvalo, ustozlarimizning doimiy izlanishi, o‘z ustida ishlashi va kasbiga bo‘lgan yuksak sadoqatining amaliy ifodasidir.
Hurmatli pedagoglar!
2025–2026 o‘quv yili tumanimiz ta’lim sohasi uchun quvonchli xabarlar va munosib natijalarga boy bo‘ldi, desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.
Xususan, o‘tgan o‘quv yilida oliy ta’lim muassasalariga kirishning o‘rtacha bali bo‘yicha Uchquduq tumani respublikamizdagi 208 ta tuman va shahar orasida birinchi o‘ntalikdan joy oldi.
Albatta, bu natijalar zamirida o‘quvchilarimizning intilishi, ota-onalarning qo‘llab-quvvatlashi va, eng muhimi, ustozlarning mashaqqatli hamda fidokorona mehnati mujassam.
Yangi 2026–2027 o‘quv yilida tumanimizdagi umumta’lim maktablarining birinchi sinfiga 1 016 nafar bolajon ilk bor qadam qo‘yadi. Ular uchun 13 turdagi o‘quv qurollaridan iborat Prezident sovg‘asi to‘plamlari, shuningdek, davlatimiz gerbi va bayrog‘i tasviri tushirilgan esdalik breloklari ta’lim muassasalariga to‘liq yetkazib berildi.
Ushbu fakt va raqamlar tumanimizda ta’lim sohasiga qaratilayotgan e’tibor, yaratilayotgan shart-sharoitlar hamda o‘quvchilarimiz tomonidan qo‘lga kiritilayotgan yutuqlar salmog‘i yildan-yilga oshib borayotganini yaqqol ko‘rsatadi.
Hurmatli mehmonlar va forum ishtirokchilari!
Yaratilgan shart-sharoit, imkoniyat va imtiyozlarning natijasi, avvalo, o‘quvchilarga berilayotgan ta’lim-tarbiyaning sifati va samaradorligida namoyon bo‘lishi lozim.
Buning uchun barcha ta’lim muassasalarida ta’lim-tarbiya jarayonlarini zamonaviy talablar asosida sifatli tashkil etish, ota-onalar va jamoatchilik bilan samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, har bir pedagogning o‘z ishiga yuksak mas’uliyat bilan yondashishi muhim ahamiyatga ega.
Zero, jamiyatimiz taraqqiyoti va ertangi kunimizning qanday bo‘lishi bugungi yoshlarimizning qanday ta’lim va tarbiya olishiga bevosita bog‘liq.
Aziz ustozlar!
Sizlar orqali tumanimizning barcha pedagog va ustozlarini, tarbiyachi va murabbiylarini, ta’lim faxriylarini davlatimiz mustaqilligining 35 yilligi hamda yangi o‘quv yilining boshlanishi bilan yana bir bor samimiy muborakbod etaman.
Barchangizga mustahkam sog‘liq, oilalaringizga tinchlik-xotirjamlik va fayzu baraka, mashaqqatli, mas’uliyatli va shu bilan birga sharafli kasbingizda ulkan muvaffaqiyatlar tilayman!
E’tiboringiz uchun rahmat!
