Cho‘lda ungan imkoniyatlar
2026-08-21 17:25:00 / Yangiliklar

Tabiiy-iqlim sharoiti og‘ir bo‘lgan Uchquduqda tomorqa yerlaridan samarali foydalanish, qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirish va shu orqali oilaviy daromad topish imkoniyati yo‘q edi. Cho‘l iqlimi, suv resurslarining cheklanganligi hamda keskin ob-havo sharoiti bu yo‘nalishdagi tashabbuslarni cheklab kelayotgan edi.
Lekin izlagan imkon topadi, mehnat qilgan albatta natijaga erishadi. Bu haqiqatni bugun “Yo‘lchilar” ovuli hamda “Do‘stlik” mahallasidagi yakka tartibdagi kottej uylarda istiqomat qilayotgan tumandoshlarimiz amalda isbotlamoqda.
“Yo‘lchilar” ovuli “Gulshan” ko‘chasida yashovchi Sohiba Ismoilova va turmush o‘rtog‘i Shuhratjon Davlatov imtiyozli kredit asosida issiqxona qurib, qulupnay yetishtirmoqda. Gulchehra Xo‘jayeva va Ozodjon Xasanov oilasi esa qo‘ziqorin yetishtirish uchun zamonaviy issiqxona tashkil etishgan.
Bir paytlar cho‘l iqlimida gulchilikni tasavvur qilish qiyin edi. Bugun esa “Do‘stlik” mahallasida yashovchi Nigora Yunusova va Anvar Qurbonov o‘z hovlisida barpo etgan moʻjaz issiqxonada yuzlab manzarali gullarni parvarishlab, bu tasavvurni o‘zgartirmoqda. Bozori chaqqon “Alyondra”, “Xitoy atirguli”, “Hindiston piyozi”, “Uzumgul”, “Qora shahzoda” kabi noyob gullarni Uchquduq iqlimiga moslashtirishgan.
Yuqorida nomlari tilga olingan tumandoshlarimiz nafaqat oilaviy daromad manbaini yaratganlar, balki cho‘l bag‘rida ham mehr va mehnat bilan go‘zallik barpo etish mumkinligini amalda isbotlamoqdalar.
