GULISTONDEK GO‘ZAL UMR
2026-07-31 16:05:00 / Yangiliklar

Dunyoda shunday kasb egalari borki, ular o‘z qalb qo‘ri, ko‘z nuri va cheksiz mehri bilan olis manzillarni yoritadigan chiroqqa o‘xshaydilar. “Shalxar” ovulida yashab, butun borlig‘ini yosh avlod ta’lim-tarbiyasiga, milliy qadriyatlar bardavomligiga baxshida etgan ustoz Gulistan Turg‘anbayevaning hayot yo‘li xuddi sahro qo‘ynida ochilgan go‘zal va nafis gulzorga o‘xshaydi.
Gulistan Turg‘anbayeva Tomdi tumanida dunyoga keldi. U yoshligidan ilmga, so‘z san’atiga ko‘ngil qo‘ydi. Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika institutining qozoq tili va adabiyoti fakultetini muvaffaqiyatli tamomladi. Taqdirning go‘zal bitigi bilan 1982 yilda qutlug‘ maskan “Shalxar” ovuliga kelin bo‘lib qadam qo‘ydi.
Gulistan ovuldagi 12-umumiy o‘rta ta’lim maktabida qozoq tili va adabiyoti fanidan dars bera boshladi. Adabiyot shunday qudratli kuchki, u sahroning quruq shamollarini ham mayin shabbodaga, shiddatli tuproqni esa mehr vohasiga aylantira oladi.
Ustoz ta’lim dargohida 26 yil mobaynida mehnat qildi. Bu shunchaki vaqt o‘lchovi emas, bu minglab hayajonli dars soatlari, tunlari daftar tekshirib o‘tkazilgan bedorlik va yuzlab pok qalblarni hayotning ravon yo‘llariga boshlab bergan nurli mayoqdir.
O‘qituvchisini go‘zal xulqi, dars o‘tish mahorati va kasbiga bo‘lgan sadoqatiga havas qilgan o‘nlab ovul yoshlari aynan o‘qituvchilik degan sharafli qismatni tanladilar. Bugun ular yurtimizning turli go‘shalarida ziyo tarqatib, Gulistan muallima “maktabi”ning munosib davomchilari sifatida mehnat qilmoqdalar.
U 2001 yilda yurtimiz mustaqilligining 10 yilligi munosabati bilan ta’sis etilgan esdalik nishoni bilan taqdirlangan.
Gulistan aya xonadonning fayzi, suyukli farzandlari, nabira va evaralarining ardoqli davrasida pir-u badavlatlik gashtini surmoqda. Nafaqada bo‘lishiga qaramay, u hali ham ovul va tuman hayotida, ijtimoiy tadbirlarda hamda yosh kelin-qizlar tarbiyasida o‘zining qimmatli maslahatlari bilan ishtirok etmoqda.
Gulistan Turg‘anbayevaning umr yo‘li sahro bag‘rida o‘z mehnati va zakovati bilan chiroyli bog‘ yaratgan, yuzlab nihollarni baquvvat daraxtga aylantirgan jonkuyar ziyokorning go‘zal dostonidir.
Rayhon Qodirova
