Mehr va e’tibor manzili Ijtimoiy himoyada «Inson» omili
2026-07-30 15:15:00 / Yangiliklar

Davlatning qudrati va jamiyatning rivojlanganlik darajasi uning ijtimoiy himoyaga muhtoj, ko‘makka intizor fuqarolariga bo‘lgan e’tibori bilan belgilanadi. Bugun ijtimoiy ta’minot tushunchasi shunchaki moddiy yordam berish chegarasidan chiqib, insonni og‘ir ahvoldan qutqarish va uni jamiyatning faol a’zosiga aylantirish tizimiga aylandi.
Ijtimoiy himoya milliy agentligining joylarda faoliyat olib borayotgan “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari aholining ehtiyojmand qatlamiga manzilli, shaffof va sifatli ko‘mak berishda muhim o‘rin tutadi.
Bu yo‘nalishda Uchquduq tumanida ham tizimli ishlar amalga oshirilayotir. O‘zgalar parvarishi-ga muhtoj, yakka - yolg‘iz va nogironligi bo‘lgan 54 nafar kishi ro‘yxatga olingan bo‘lib, har birining yashash sharoiti va muammolari o‘rganildi. Tibbiy ko‘rik natijalariga ko‘ra 10 nafari stasionar 12 nafari esa ambulator sharoitda davolandi.
Mahallalardagi ijtimoiy xodimlar tomonidan mazkur toifaga kiruvchi yana 27 nafar yolg‘iz keksa aniqlandi va «Yolg‘iz keksa» reyestriga kiritildi. Ular bilan olib borilgan kompleks chora-tadbirlar natijasida 18 nafari mazkur reyestrdan chiqarildi.
Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish va reabilitasion ko‘mak berish markaz faoliyatining muhim tarkibiy qismi hisoblanadi. Xususan, 2024–2026 yillar davomida «Birlamchi ko‘mak» xonalariga 36 nafar tazyiq va zo‘ravonlikka uchragan ayollar joylashtirildi.
Raqamlar tahliliga ko‘ra, ushbu ko‘rsatkich 2024 yilda 14 nafarni, 2025 yilda 20 nafarni, 2026 yilning 1 iyulda 12 nafarni tashkil etdi. Zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan 36 nafar ayol va ularning voyaga yetmagan 47 nafar farzandlarining ruhiy holati chuqur o‘rganildi. Qiziqishlariga mos motivasion tavsiyalar berildi.
Bolalarni ijtimoiy himoya qilish, ularning oila muhitida sog‘lom ulg‘ayishini ta’minlash borasida ham tumanda sezilarli natijalarga erishildi. Xalqimizga xos bag‘rikenglik tamoyillari asosida, 2024–2026 yillar davomida 27 nafar bolaga nisbatan tayinlangan vasiylik va homiylik belgilangan tartibda tugatildi. Bolalar o‘z oilalari va ota-onalari bag‘riga qaytarildi.
Voyaga yetmagan bolalarni farzandlikka olish istagini bildirgan 20 nafar fuqaroning murojaati asosida yashash sharoitlari, ijtimoiy-iqtisodiy ahvoli atroflicha o‘rganilib, tegishli xulosalar tayyorlandi.
7 nafar yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarga turar joy xarid qilinib, nomlariga rasmiylashtirib berildi. Endilikda ular o‘z uylariga ega bo‘ldi.
Hududda istiqomat qilayotgan 955 nafar nogironligi bo‘lgan shaxslarning 157 nafarini bolalar tashkil etadi. 2024–2026 yillar davomida 341 nafari reabilitatsiya qilishning texnik vositalari va protez-ortopediya moslamalari bilan ta’minlandi.
Jumladan, 45 ta nogironlik aravachasi, 18 ta eshitish moslamasi, 31 ta qo‘ltiq tayoq, 90 ta hassa tayoq, 7 ta yurish moslamasi, 10 ta ko‘zi ojizlar hassasi, 25 ta maxsus tibbiy-yordamchi uskunalar hamda 115 nafariga protez-ortopediya moslamalari berildi. Salomatlikni tiklash yo‘nalishida 76 nafariga sanatoriyalarga bepul yo‘llanmalar, 87 nafariga esa reabilitatsiya markazlarida davolanish uchun yo‘llanmalar rasmiylashtirildi.
24 nafar bolalar «Inklyuziv ta’lim» ga, 11 nafari esa «Kunduzgi parvarishlash» xizmatiga jalb etildi.
Aytish joizki, yangi tizim jamiyatning eng zaif qatlamlari — ehtiyojmand insonlar, xotin-qizlar va bolalarni tizimli qo‘llab-quvvatlashda muhim ahamiyatga ega. Ushbu yo‘nalishda olib borilayotgan ishlar ijtimoiy davlat tamoyillari amalda nechog‘lik sobit ekanini ko‘rsatadi.
Umar Xudoyqulov,
“Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi Uchquduq tuman bo‘limi boshlig‘i.
