HAM MALAKA, HAM MAOSH: KASBIY TA’LIMDA ISLOHOTLARNING YANGI BOSQICHI
2026-07-13 14:15:00 / Yangiliklar

Uchquduq tumanining “Aytim” mahallasida ismtiqomat qiladigan Nargiza Ro‘ziyeva yoshligidan konchilik yo‘nalishiga qiziqar, tezroq bu yo‘nalishda foydali mehnat bilan shug‘ullanib, o‘zining shaxsiy daromadiga ega bo‘lishni niyat qilardi. Umumiy o‘rta ta’lim maktabini tamomlagach, Nargiza tumandagi 2-son texnikumida o‘qishni davom ettirishga qaror qildi va bu ta’lim muassasasi unga ko‘plab imkoniyat eshiklarini ochdi.
Darvoqe, mamlakatimizda kasbiy ta’limda kadrlar tayyorlash sifatini oshirish, moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, ish beruvchilar bilan hamkorlikni kengaytirish hamda jamiyatda kasbiy ta’limning nufuzini oshirish dolzarb masala hisoblanadi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 23-oktyabrda qabul qilingan “Kasbiy ta’lim tizimida islohotlarni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ham ayni shu maqsadga qaratilgan. Ushbu hujjatda 9-sinf bitiruvchilarining kasbiy ta’lim qamrovini kengaytirish, tizimda dual ta’lim ulushini oshirish belgilangan.
Nargiza Ro‘ziyeva o‘qiydigan Uchquduq tuman 2-son texnikumi 630 o‘rinli quvvatga ega bo‘lib, hozirgi kunda jami 623 nafar o‘quvchi tahsil oladi. Faoliyat yuritayotgan 90 nafar xodimning 28 nafari pedagog va 14 nafari ishlab chiqarish ta’limi ustalari hisoblanadi. Pedagoglar xalqaro va milliy sertifikatlar olishda ham muhim natijalarga erishgan. Bu esa ta’lim sifatini oshirish va o‘quvchilarga zamonaviy bilim berish imkoniyatlarini yanada kengaytiradi.
- Texnikumda dual ta’lim tizimi keng joriy etilgan, - deydi muassasa direktori Sherzod Nazarov. - Ishlab chiqarish korxonalari bilan hamkorlikda 5 ta dual ta’lim guruhi tashkil qilinib, o‘quvchilarning nazariy bilimlarini amaliyot bilan uzviy bog‘lashning samarali mexanizmi yaratildi. Kunduzgi, kechki va dual ta’lim shakllarida 2025-2026-o‘quv yilida avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish va ta’mirlash, metallarga ishlov berish, foydali qazilmalarni boyitish kabi 12 ta yo‘nalishda, 2026-2027-o‘quv yilida 13 ta yo‘nalishda kasb va mutaxassisliklar bo‘yicha qabul jarayonlari tashkil etildi. Joriy yilda 104 nafar o‘quvchi o‘qishni tamomlab, hozirgi kunda 58 nafarining bandligi ta’minlandi. Texnikum hamda “NKMK” AJ SHKB tarkibidagi korxona va tashkilotlar hamda “Navoiyuran” davlat korxonasi o‘rtasida tuzilgan hamkorlik shartnomasi asosida o‘quvchi-yoshlarning bandligini ta’minlashni samarali tashkil etish, dual ta’lim elementlarini joriy qilish va malakali kadrlar tayyorlash bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Direktorning ma’lum qilishicha, hamkorlik asosida o‘quvchilar amaliyoti to‘liq ishlab chiqarish muhitida tashkil etiladi. Bu esa yoshlarning nazariy bilimlarini amaliyot bilan uyg‘unlashtirish, kelgusida bandlik imkoniyatlarini kengaytirish hamda korxonalar uchun malakali mutaxassislar zaxirasini shakllantirishga xizmat qiladi. Ahamiyatlisi, amaliyotga jalb qilingan o‘quvchilarning barchasi mehnati uchun oylik ish haqi bilan ta’minlanadi. Bu kasbiy ta’lim tizimida yoshlarning mehnatga bo‘lgan qiziqishini oshirish, ularni iqtisodiy rag‘batlantirish va ish joyiga moslashtirish bo‘yicha respublikadagi ilg‘or tajribalardan biridir.
Bugungi kunda texnikum bitiruvchilarining 90 foizdan ortig‘i mutaxassisligi bo‘yicha ish bilan ta’minlanib, ularning aksariyati viloyatning strategik ahamiyatga ega konchilik, metallurgiya va sanoat korxonalarida mehnat faoliyatini boshlamoqda. Jarayon texnikumning hudud iqtisodiyoti uchun yuqori malakali va raqobatbardosh kadrlar tayyorlashdagi muhim o‘rnini yaqqol namoyon etadi.
– Men texnikumning foydali qazilmalarni boyitish yo‘nalishining birinchi bosqichini tamomladim, - deydi Nargiza Ro‘ziyeva. – Hozirda “Navoiyuran” DK “Uchquduq” ICHM Culfat kislota ishlab chiqarish syexi laboratoriyasida amaliyot o‘tayapman. Jarayonlar juda qiziq va mas’uliyatli. Amaliyot davomida sohaga oid ko‘p ma’lumotlarga ega bo‘lib, nazariy bilimlarimni amaliyot bilan mustahkamlayapman. Maoshim 4 millionga yaqin. Bundan tashqari, bizga maxsus kiyim-bosh, issiq ovqat beriladi. Amaliyotga borib kelishimiz uchun korxona tomonidan transport vositalari ajratilgan. Kelajakda konchilik yo‘nalishida faoliyatimni davom ettirmoqchiman.
Bugungi kunda ishlab chiqarish amaliyoti belgilangan reja asosida davom etmoqda. Umuman olganda, o‘quvchilarning bilim va kasbiy ko‘nikmalarini oshirish, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishga bo‘lgan alohida e’tibor Nargiza Ro‘ziyeva singari yoshlar ta’limi va ish faoliyatida o‘z samarasini berayapti.
Ma’lumot o‘rnida aytish kerak, ko‘p yillar davomida mazkur ta’lim muassasasini tamomlagan minglab bitiruvchilar konchilik va uran sanoati korxonalarida turli rahbarlik hamda mutaxassislik lavozimlarida samarali mehnat qilib, mamlakat iqtisodiyoti taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shib kelmoqda.
Zebo QUTLIYEVA.
