GULSEZIM VA UNING OILASIGA UMID BAXSH ETGAN AMALIYOT
2026-06-26 18:40:00 / Yangiliklar

Tibbiyot sohasidagi islohotlar, ayniqsa, chekka hududlarda aholiga yuqori texnologik tibbiy yordam ko‘rsatish tizimi bugun o‘z mevasini bermoqda. Muqaddam bunday murakkab amaliyotlar uchun poytaxtga yoki xorijga borishga to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, endilikda tajribali shifokorlarning joylarga chiqib mahorat darslari va operatsiyalar o‘tkazishi an’anaga aylandi. Buning navbatdagi isboti Uchquduq tumani tibbiyot birlashmasida kuzatildi.
Respublika bolalar milliy tibbiyot markazining bir guruh yuqori malakali mutaxassislari Uchquduq tumani tibbiyot birlashmasi jarrohlik bo‘limida o‘ta murakkab va mas’uliyatli jarrohlik amaliyotini muvaffaqiyatli amalga oshirdilar.
Operatsiya stolida bor-yo‘g‘i 8 yoshli qizaloq — Gulsezim Berdaliyeva edi. U tug‘ma yurak porogi kasalligi bilan dunyoga kelgan bo‘lib, yillar davomida bu xastalik uning erkin nafas olishi, tengdoshlaridek sho‘x-shodon o‘sib-ulg‘ayishiga to‘sqinlik qilib kelayotgan edi. Bunday nozik yoshdagi bolada yurak sohasida jarrohlik amaliyotini o‘tkazish nafaqat yuksak mahorat, balki juda katta mas’uliyat va aniqlikni talab etardi.
Poytaxtlik shifokorlarning mahorati va tezkor sa’y-harakatlari natijasida mazkur murakkab operatsiya muvaffaqiyatli yakunlandi. Jarrohlik amaliyotini professional darajada o‘tkazgan shifokorlar jamoasi Ixtiyor Husenov, Tursunxo‘ja O‘rinxojayev, Eldor Kuralov, Xurshida Sultonova, Fayzullo Akramov, Marg‘uba Niyozova va Shoxida Islambekovadan iborat bo‘ldi.
Mazkur voqea shunchaki bitta operatsiya emas, balki yurtimizda tibbiyotning eng chekka hududlargacha kirib borayotganining va yuqori texnologik operatsiyalarni o‘tkazish uchun tibbiy baza hamda sharoitlar mavjudligini isbotlaydi.
Eng muhimi, uchquduqlik mahalliy shifokorlar poytaxtlik hamkasblaridan bevosita mahorat sirlarini o‘rganish imkoniga ham ega bo‘lishdi.
Poytaxtlik shifokorlarning mahorati va tezkor sa’y-harakatlari natijasida mazkur murakkab operatsiya muvaffaqiyatli tugagandan so‘ng, Uchquduq tuman hokimi Uchqun Yelmuratov shifokorlar bilan uchrashib, o‘z minnatdorchiligini bildirdi. Milliy an’analarimizga muvofiq, ularning har biriga ehtirom ramzi sifatida to‘n kiydirildi.
-Qizim tug‘ilganidan buyon yurak xastaligi bilan og‘rirdi. Uning qiynalishini ko‘rib, ona sifatida ich-etimni yerdim. Murakkab operatsiya kerakligini eshitganimizda, poytaxtga borish, u yerdagi xarajatlar bizni ancha o‘ylantirib qo‘ygandi. Mana, shifokorlarning o‘zlari olis tumanimizga kelib, Gulsezimni operatsiya qilishdi. Bizga shunday imkoniyatlarni yaratib bergan davlatimizdan, qizimning hayotini saqlab qolgan Ixtiyor Husenov va uning jamoasidagi barcha shifokorlardan umrbod minnatdormiz. Qizim endi tengdoshlari qatori sog‘lom voyaga yetadi, - deydi quvonch ko‘z yoshlarini yashira olmagan Aytgul Koshekbayeva.
UCHQUDUQ TUMAN HOKIMLIGI AXBOROT XIZMATI.
