Shukronalik dillarda aks etganda
2026-06-25 16:15:00 / Yangiliklar

«Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!» bosh g‘oya va shiori ostida yurtimiz bo‘ylab keng quloch yoygan «Mustaqillik to‘yi» festivali tumanimizda ham bo‘lib o‘tdi.
Qizilqum gavhari hisoblanmish Uchquduqning ko‘p millatli bahamjihat aholisiga, sanoat korxonalari ishchi-xodimlariga, Vatan qalqonlariga hamda tabarruk nuroniylarimizga haqiqiy bayram quvonchini ulashdi.
Festival doirasidagi tadbirlarning ilk manzili muhtasham “Uchquduq” madaniyat saroyi bo‘ldi. Bayramona bezatilgan zalga 350 nafardan ziyod uchquduqliklar — mehnat faxriylari, faol xotin-qizlar, ziyolilar va umidli yoshlar jam bo‘lishdi. Bu yerda tashkil etilgan «Kinokarvon» loyihasi tadbir ishtirokchilariga unutilmas lahzalarni taqdim etdi.
El sevgan san’atkorlar, taniqli kinoijodkorlar va mahoratli aktyorlar bilan tashkil etilgan jonli muloqot samimiy ruhda o‘tdi. Tadbir davomida namoyish etilgan, inson qalbida jasorat va milliy g‘urur tuyg‘ularini yuksaltirishga xizmat qiladigan maxsus videorolik tomoshabinlar tomonidan katta qiziqish bilan kutib olindi.
Bayram tadbirlarining keyingi sermazmun manzillaridan biri Shimoliy kon boshqarmasiga qarashli 3-gidrometallurgiya zavodi bo‘ldi. Korxonada ishchi-xodimlar bilan yuqori kayfiyatda “Shukronalik uchrashuvlari” o‘tkazildi.
Zavod direktori Bekzod Xusanov mehmonlarni korxona foyesida kutib oldi. Oltin korxonaning boy tarixi va ishlab chiqarish salohiyati aks etgan maxsus ko‘rgazma bilan yaqindan tanishtirdi. Tadbir davomida konchilik sanoati rivoji yo‘lidagi bunyodkorlik ishlari alohida e’tirof etilib, san’atkorlarning jonli ijrodagi kuy-qo‘shiqlari ishchi-xodimlarga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.
Festivalning tantanali qismlaridan biri Uchquduq tumanida joylashgan harbiy qismda davom etdi. Bu yerda harbiy xizmatchilar va ofiserlar ishtirokida "Shukronalik va hamjihatlik" uchrashuvlari yuqori ruhda tashkil etildi. Tinchligimiz posbonlari bilan kechgan davra suhbatlarida xalq va armiya birdamligi mavzulariga alohida urg‘u berilib, vatanparvarlik mavzusidagi kuy-qo‘shiqlar askarlarning jangovar shashtini yanada oshirdi.
Kattalarni e’zozlash, ularga hurmat va e’tibor ko‘rsatish — milliy qadriyatlarimizning eng go‘zal namunasidir. «Yaxshilik karvoni» loyihasi doirasida “Yo‘lchilar”, “Shalxar” OFY hamda «Do‘stlik» MFYda istiqomat qiluvchi, hayotiy tajribasi bilan barchaga o‘rnak bo‘layotgan tabarruk nuroniylarimiz va faxriylarimiz holidan xabar olindi.
Nuroniylar hamisha e’zoz va e’tiborda ekanligini ko‘rsatuvchi ushbu loyiha doirasida otaxon va onaxonlar bilan dildan suhbat qurildi. Ularga kundalik zarur oziq-ovqat mahsulotlari va esdalik sovg‘alari topshirildi.
O‘z navbatida, xonadon sohiblari ko‘rsatilgan g‘amxo‘rlikdan boshlari ko‘kka yetib, yurtimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi va ertangi kunimiz obodligini tilab, duolar qilishdi.
«Mustaqillik to‘yi» festivali doirasidagi bayram tadbirlari va ma’rifiy uchrashuvlar nafaqat uchquduqliklarning mazmunli hordiq chiqarishiga xizmat qilmoqda, balki san’at, mehnat va xayriya uyg‘unligi orqali qalblarda ertangi kunga bo‘lgan ishonchni yanada mustahkamlamoqda.
Janagul BULEKBAYEVA,
Uchquduq tuman ma’naviyat va ma’rifat bo‘linmasi rahbari.
