SHIJOATLI VA IQTIDORLI YOSHLAR E’TIROFI!
2026-06-25 16:10:00 / Yangiliklar

Uchquduq tumanida 30 iyun — “Yoshlar kuni” munosabati bilan tashkil etilgan gala konsert tadbiri uzoq vaqt yodda qoladigan bo‘ldi. Shodiyonalar doirasida “Lochin” o‘yingohida o‘tkazilgan “Yangi O‘zbekistonni yoshlar quradi” shiori ostidagi gala-konsert dasturi barchaga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.
Bayram avvalida markaziy ko‘chalar bo‘ylab o‘ziga xos mashinalar karvoni yurib o‘tdi. Barcha uchquduqliklarni qutlab, yoshlarga tuman aholisiga haqiqiy bayram shukuhini taqdim etdi. So‘ng asosiy tadbirlar “Lochin” o‘yingohiga ko‘chdi. Minglab tumandoshlarimiz ayniqsa, navqiron avlod vakillari qalbida intilish va shijoat bilan stadionni to‘ldirdilar.
Tadbirda Uchquduq tumani hokimi Uchqun Yelmuratov ishtirok etib, yig‘ilganlarni bayram bilan muborakbod etdi. Tuman rahbari o‘z nutqida bugungi kunda yurtimizda yoshlarga oid davlat siyosati darajasida ko‘rsatilayotgan e’tibor, ularning bilim olishi va o‘z iqtidorini namoyish etishi uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlarni alohida ta’kidlab o‘tdi.
Aytish joiz bo‘lsa, hudud yoshlari bugun nafaqat cho‘l bag‘ridagi moʻjizaviy Uchquduqning balki butun Yangi O‘zbekistonning shijoatli va maqsad sari dadil odimlayotgan iqtidorli yoshlariga aylanishmoqda.
Tuman yoshlari 2025-2026-o‘quv yilini katta muvaffaqiyatlar bilan yakunladilar. 447 nafar bitiruvchining 5 nafari oltin, 2 nafari kumush medal bilan maktabni tamomladi. 29 nafari milliy va xalqaro sertifikatlarni qo‘lga kiritib, eng yuqori - 189 ball to‘plagan holda muddatidan avval talaba bo‘ldilar.
Bayramning eng hayajonli va intizorlik bilan kutilgan qismi taqdirlash marosimi ko‘tarinki kayfiyatda bo‘lib o‘tdi. Unda oltin va kumush medal sohiblari va ularning ota-onalari tuman hokimining tashakkurnomasi va esdalik sovg‘alari bilan mukofotlandi.
“Yoshlar oyligi” doirasida o‘tkazilgan sport musobaqalari va bellashuvlar g‘oliblari ham munosib taqdirlandi. Xususan, mahalla yoshlari o‘rtasida futbol va mini-futbol bo‘yicha qizg‘in kechgan Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) kubogi musobaqalarida faxrli 1-, 2- va 3-o‘rinlarni qo‘lga kiritgan jamoalar hamda sportchilar sahnaga taklif etildi. Katta futbol va mini-futbol musobaqalarida mahorat ko‘rsatib, g‘olib va sovrindorlar safidan joy olgan faol o‘g‘il-qizlar ham munosib rag‘batlantirildi.
Keng jamoatchilik va yoshlar jam bo‘lgan ushbu tantana doirasida yirik intellektual loyihalar g‘oliblarini sharaflash marosimi ham o‘tkazildi.
Xususan, yoshlarning bilim va salohiyatini oshirishga qaratilgan “Zakovat” ligasi hamda kitobxonlikni targ‘ib etuvchi “Bir haftada bir kitob” loyihasi doirasidagi tanlovlar yakunlari e’lon qilindi. Tanlovlarda yuqori natija ko‘rsatib, faxrli 1, 2 va 3-o‘rinlarni qo‘lga kiritgan bilimdon yoshlar tuman hokimining tashakkurnomasi va esdalik sovg‘alari bilan munosib taqdirlandi.
Shuningdek, tadbirda xalqaro maydonlarda yurtimiz bayrog‘ini baland ko‘tarayotgan sportchilarimiz alohida e’tirof etildi. Qozog‘iston Respublikasining Almati shahrida dzyudo sportidan o‘tkazilgan xalqaro musobaqada muvaffaqiyatli ishtirok etib, faxrli 3-o‘rinni qo‘lga kiritgan uchquduqlik sportchilar — Ziyoda Shomurodova va Nozima Normurodova munosib taqdirlandilar. Navqiron polvonlarimizning xalqaro maydondagi yutuqlari e’tirof etilib, ularga esdalik sovg‘alari va tashakkurnomalar topshirildi.
Bundan tashqari, yil davomida turli sohalarda faol ishtirok etib, tengdoshlariga o‘rnak bo‘layotgan tashabbuskor va intiluvchan yoshlar ham munosib rag‘batlantirildi.
Yoshlar uchun tashkil etilgan bayramona dastur konsert chiqishlari va ko‘ngilochar tadbirlar bilan davom etdi. Ayniqsa, tadbir mehmoni Ulug‘bek Yo‘lchiyevning jozibali kuy-qo‘shiqlarini yig‘ilganlar katta qiziqish va olqishlar bilan kutib oldilar.
“Yoshlar kuni”ga bag‘ishlangan ushbu ulug‘vor bayram tadbiri tun bag‘rini yoritgan ajoyib va tantanali mushakbozlik bilan yakunlandi. Uchquduq yoshlarining birdamligi va shijoatini ko‘rsatgan ushbu kecha tuman tarixiga yorqin sahifa bo‘lib muhrlandi.
UCHQUDUQ TUMAN HOKIMLIGI AXBOROT XIZMATI.
