FARZANDLARIMIZ TAQDIRIGA BEFARQ BO‘LMAYLIK!
2026-06-22 15:20:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari
Uchquduq tumani IIB boshlig‘i Anvar Radjapov tuman ahliga murojaat yo‘lladi
Aziz uchquduqliklar, hurmatli ota-onalar va qadrli yoshlar!
Bugungi kunda giyohvandlik va unga qaramlik butun dunyoda bo‘lgani kabi, bizning jamiyatimiz oldida turgan eng jiddiy va dahshatli tahdidlardan biri bo‘lib qolmoqda. Bu illat shunchaki zararli odat emas, balki insonning nafaqat salomatligini, balki uning orzu-intilishlari, oilaviy baxti, jamiyatdagi o‘rni va porloq kelajagini barbod qiluvchi zahri qotildir.
Bir dona zahar — bir umrlik qaramlik!
Ayniqsa, navqiron yoshlarimiz o‘rtasida giyohvand va psixotrop moddalar tarqalishining oldini olish, ularni bu yo‘ldan asrash barchamizning eng ustuvor va kechiktirib bo‘lmas vazifamizdir. Afsuski, aksariyat hollarda oddiy qiziqish, bekorchilik yoki «do‘stlar»ning salbiy ta’siri ostida qabul qilingan bir dona zararli modda ham insonni bir umrlik og‘ir qaramlik girdobiga tortib ketmoqda.
Ayanchli oqibatlari haqida gaplashamiz:
Tafakkurning susayishi: Inson irodasi va aqliy salohiyati butunlay sinadi.
Sog‘liqdan mahrum bo‘lish: Jismoniy sog‘liqqa qayta tiklab bo‘lmaydigan darajada putur yetadi.
Ijtimoiy inqiroz: Yoshlar ta’limdan, mehnatdan va hayot go‘zalligini his qilishdan mahrum bo‘ladi.
Jinoyat ko‘chasi: Nafs va qaramlik quliga aylangan shaxslar og‘ir jinoyatlar, o‘g‘rilik va qonunbuzarliklar sodir etishga majbur bo‘ladi.
Hurmatli tumandoshlar!
Uchquduq tumani ichki ishlar bo‘limi xodimlari tomonidan bu illatga qarshi keskin va murosasiz kurash olib borilmoqda. Ammo bu kurashda faqat huquq-tartibot organlarining kuchi yetarli emas. Bizga sizning, keng jamoatchilikning ko‘magi suv va havodek zarur.
Ota-onalarga murojaat: Farzandlaringizning xulq-atvoriga, ularning kimlar bilan do‘stlashayotganiga, bo‘sh vaqtini qanday o‘tkazayotganiga va ijtimoiy tarmoqlarda nimalar bilan bandligiga aslo befarq bo‘lmang!
Mahalla faollari va ta’lim fidoyilari: Har bir yoshning taqdiri uchun mas’uliyatni his qilaylik. Atrofimizda shubhali harakatlar yoki giyohvandlik tuzog‘iga tushib qolayotgan kimsalarni sezsak, o‘z vaqtida ogohlantiraylik.
Aziz yoshlar: Siz yurtimizning, Uchqudug‘imizning ertangi kunisiz! Bir lahzalik soxta zavq uchun shirin hayotingizni, ota-onangiz ishonchini va kelajagingizni qurbon qilmang. Shunga o‘xshash takliflarga qat’iy ravishda «YO‘Q» deyishni o‘rganing!
Keling, barchamiz birlashib, jonajon tumanimizni, xonadonlarimizni va farzandlarimizni bu asr vabosidan asrab qolaylik! Har bir yoshning sog‘lom va baxtli yashashiga sharoit yaratish o‘z qo‘limizda.
Anvar Radjapov,
Uchquduq tumani IIB boshlig‘i.
