QIZILQUM BAGʻRIDA YONGAN ZAKOVAT CHIROGʻI
2026-06-22 10:45:00 / Yangiliklar

Qizilqum bag‘ridagi Mingbuloq ovuli... Bu yerning odamlari sahro shamollariga chap berib, tabiatning har qanday sinovlarida toblangan, lafzi halol, mehnatkash insonlardir. Aynan mana shunday fayzli va bag‘rikeng go‘shada, 1975 yilda kelajakda el koriga yaraydigan, tumaning ijtimoiy va ma’naviy hayotida o‘ziga xos iz qoldiradigan inson — Muratov Nurladin Mustafayevich dunyoga keldi.
Nurladin Muratov yuksak madaniyatli va ziyoli bir oilada voyaga yetdi. Mustafa ota va Paliya aya Muratovlar xonadonida farzandlar tarbiyasiga, ularning yoshligidan mehnatsevar bo‘lib ulg‘ayishiga va bilim olishiga alohida e’tibor qaratilgan edi. Oilaning volidasi Paliya aya nafaqat mehnatkash, balki nihoyatda mehmondo‘st, ochiqko‘ngil ayol edi. Ushbu qutlug‘ xonadondan hech qachon dasturxon yig‘ilmagan, kun ora uylariga keladigan qadrdon mehmonlarning barchasi Paliya ayaning milliy taomlari va xushta’m beshbarmog‘idan bahramand bo‘lishgan.
Onaxon ayni paytda qo‘li gul chevar, hunarli ayol bo‘lib, milliy an’analarni yuksak qadrlardi. Xonadondagi fayzli qozoq o‘tovini o‘z qo‘llari bilan tikkan, uni o‘zi to‘qigan milliy anjomlar, bezakli “bau”lar bilan bezatgan edi. U kishi to‘qigan naqshinkor kigiz va gilamlar o‘tovga o‘zgacha ko‘rk bag‘ishlar, bu qutlug‘ dargohga kirgan har bir kishi mohir onaxonning yuksak mehnati va chevarlik mahoratiga tahsinlar aytardi.
Ota-onaning bergan mana shunday go‘zal tarbiyasi, halol mehnati va ilmga bo‘lgan rag‘bati tufayli oiladagi aka-uka, opa-singillarning barchasi oliy ma’lumotli, o‘z sohasining yetuk mutaxassislari bo‘lib yetishdilar va bugungi kunda elu yurt oldida yuksak hurmat-e’tiborga sazovor insonlardir.
Ayniqsa, oila boshlig‘i Mustafa ota uzoq yillar ovul fuqarolar yig‘ini raisi, tuman Kengashi deputati sifatida voha ravnaqi yo‘lida fidokorona xizmat qildi. Otaxonning ko‘p yillik samarali mehnatlari davlatimiz tomonidan munosib taqdirlanib, «Shuhrat» medali, «El-yurt hurmati» ordeni va O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 10,15,20,25,30 – yilligi ko‘krak nishonlari bilan mukofotlangan edi.
Mana shunday el ardog‘idagi insonlarning o‘gitlarini olib, halollik va vatanparvarlik muhitida ulg‘ayish Nurladin Muratovning kelajakdagi hayot yo‘lini mayoqdek yoritib turdi.
Bolalik yillari Mingbuloqning keng bag‘rida o‘tgan Nurladin yoshligidanoq ilmga, ayniqsa, aniq fanlarga alohida mehr qo‘ydi. Raqamlar olamidagi sehr va mantiq uni Navoiy zaminining bosh ilm maskanlaridan biri tomon yetakladi. U 1997 yilda Navoiy davlat pedagogika institutini matematika va informatika mutaxassisligi bo‘yicha muvaffaqiyatli tamomladi. Oliy ma’lumotli mutaxassis bo‘lgan yosh kadrning qalbida birgina maqsad bor edi: o‘zi ulg‘aygan ovul bolalariga ilm berish, sahro bag‘rida yangi zakovat chiroqlarini yoqish...
Mehnat faoliyatini o‘zi tug‘ilib o‘sgan jonajon ovulidagi 11-sonli umumta’lim maktabida oddiy o‘qituvchilikdan boshlagan Nurladin Mustafayevich uchun bu yuksak burch edi. Tez orada tashkilotchilik qobiliyati va pedagogik mahorati tufayli maktabning o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari lavozimi unga ishonib topshirildi. Mazkur vazifada 2002–2007 yillarda samarali faoliyat yuritdi. 2007-2010 yilda ushbu ta’lim dargohiga rahbarlik qildi.
Nurladin Muratov qayerda ishlamasin, o‘ziga berilgan vazifani sidqidildan bajaradigan, talabchan, qat’iy tartib va intizomni qadrlaydigan rahbar sifatida tanildi. Aynan mana shunday yuksak insoniy va kasbiy fazilatlari tufayli u doimo hamkasblari va jamoadoshlarining cheksiz hurmat-e’tiboriga sazovor bo‘lib kelmoqda.
E’tiborli jihati shundaki, u mehnat faoliyati davomida qaysi lavozimda ishlamasin, faqat rahbariyatning taklifi va ishonchi bilan lavozimdan lavozimga o‘tgan. Qaysi bir soha ishonib topshirilmasin, faqat vijdonan va halol munosabatda bo‘lishni hayotiy shioriga aylantirgan.
Tajribali va izlanuvchan kadrning mana shunday salohiyati inobatga olinib, Uchquduq tuman hokimligiga ishga taklif qilindi. Shunga ko‘ra, 2010–2012 yillarda tuman hokimligi tashkiliy-nazorat guruhi rahbari kabi mas’uliyatli lavozim unga ishonib topshirildi. Keyinchalik tumandagi 9-sonli umumta’lim maktabi direktori hamda tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri vazifalarida ishlab, ta’lim tizimiga munosib hissa qo‘shdi. 2018-2020 yillarda tuman xalq ta’limi bo‘limini boshqardi.
Boy boshqaruv tajribasiga ega qahramonimiz 2020 yildan to bugungi qadar Uchquduq tumani hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida sidqidildan ishlab kelmoqda.
Inson uchun mas’uliyatli rahbarlik lavozimidan tashqari, baxtli oila boshlig‘i bo‘lish ham ulkan sharafdir. Nurladin Muratov hayot yo‘llarida o‘ziga sadoqatli hamroh bo‘lgan turmush o‘rtog‘i Tolqin Muratova bilan birgalikda 2 o‘g‘il va 1 qizni tarbiyalab, voyaga yetkazdilar. Bugungi kunda o‘g‘illari Baqkeldi va Qidirkeldi oliy ma’lumotli mutaxassislar bo‘lib yetishib, Shimoliy kon boshqarmasida el manfaati yo‘lida mehnat qilib kelishmoqda. Qizi Nazerke esa uy bekasi bo‘lib, oila ro‘zg‘orining fayzidir. Oilaga alohida quvonch bag‘ishlab turgan 2 nafar shiringina nabiralar esa bu ziyoli xonadonning bugungi davomchilaridir.
Muratovlar xonadonda ovul hayotiga xos bo‘lgan boy chorvachilik ko‘nikmalari va an’analari hanuzgacha ardoqlanadi. Ovul tuprog‘ida voyaga yetgan bu oila a’zolari hozir ham o‘z xonadonlarida mayda shoxli mollar va “Sahro kemasi” deb nom qozongan tuyalar parvarishiga alohida e’tibor qaratishadi. Ro‘zg‘or uchun doimo zarur bo‘lgan go‘sht va sut mahsulotlari ularning o‘z halol mehnatlari evaziga yetishtiriladi.
Har kuni erta tongda, hali ish soatlari boshlanmasdan turib, butun oila a’zolari bir tanu bir jon bo‘lib, chorva mollariga yem-suv va o‘t berib, ularni to‘yg‘azish bilan mashg‘ul bo‘lishadi. Oila bekasi Tolqin opa esa ona tuyani sog‘ib, xonadon a’zolari va mehmonlar uchun ming bir dardga davo bo‘lmish shifobaxsh “shubat” tayyorlaydi. Ushbu kundalik ro‘zg‘or tashvishlarida tuman hokimi o‘rinbosari Nurladin Muratov lavozimidan qat’iy nazar, oddiy oila boshlig‘i sifatida turmush o‘rtog‘i va farzandlariga doimo kamarbasta, katta ko‘makchi va suyanchdir.
Ovulning fayzli xonadonida kamol topgan, Mustafa otaning halol mehnat maktabi va Paliya ayaning mehr-hunar maktabini ko‘rgan hamda bugun o‘z oilasini ham mana shunday chiroyli qadriyatlar ustiga qurgan Nurladin Muratovning bosib o‘tgan hayot yo‘li — bugungi Uchquduq yoshlari uchun mehnat, vatanparvarlik va fidoiylikning go‘zal va ibratli namunasidir.
UCHQUDUQ TUMAN HOKIMLIGI AXBOROT XIZMATI
