OTA O‘GITI – UMR MAYOGʻI!
2026-06-22 10:30:00 / Yangiliklar

Inson o‘z taqdirini yerga, el xizmatiga baxshida etar ekan, u bosib o‘tgan hayot yo‘li halollik va fidoiylikdan bitilgan go‘zal bir dostonga aylanadi. Shunday insonlardan biri, bugungi kunda Uchquduq tumani qishloq va suv xo‘jaligi sohasini yuksaltirish yo‘lida tinimsiz izlanayotgan rahbar — Astanov Do‘stmurod O‘ralboyevichdir.
Do‘stmurod Astanov 1986 yilda qadimiy va fayzli suratlarga boy Nurota tumanida dunyoga keldi. U qut-barakali va intizomli bir oilada voyaga yetdi. 6 nafar o‘g‘il-qizni oq yuvib, oq tarab voyaga yetkazgan O‘ralboy ota va Norxol aya Astanovlar xonadonida bolalar yoshligidanoq mehnatga muhabbat, halollik va o‘zaro hurmat ruhida tarbiyalandilar.
Bu xonadonda dala yumushlaridan tashqari, uy-ro‘zg‘or ishlarida, xonadon tomorqasida oilaning har bir a’zosining o‘z mas’uliyati va aniq vazifasi bor edi. Ota-onaga qanot bo‘lish, ularga ko‘mak berish oiladagi farzandlar uchun birinchi galdagi vazifa edi.
Mana shunday sog‘lom muhit, tomorqa va dala mehnati Do‘stmurod Astanovning qalbida yerga, dehqonchilikka va ona tuproqqa bo‘lgan mehrni juda erta uyg‘otdi.
Nurotaning tog‘ havosi va halol mehnat muhitida chiniqqan Do‘stmurod maktab davridan boshlab fan sirlarini qunt bilan o‘rgandi va ta’lim maskanini a’lo baholarga tamomladi. Bilimga va agrar sohaga bo‘lgan kuchli ishtiyoq uni yurtimizning eng nufuzli oliygohlaridan biri — Toshkent davlat agrar universiteti sari yetakladi. Poytaxtda qishloq xo‘jaligining zamonaviy ilm-fanini puxta egallagan Do‘stmurod O‘ralboyevich 2009 yilda oliygohni muvaffaqiyatli tamomladi.
Oliy ma’lumotli yosh mutaxassis o‘z bilimlarini amaliyotda sinash, Vatan ravnaqiga hissa qo‘shish maqsadida Uchquduq tumaniga qadam qo‘ydi va mehnat faoliyatini tuman hokimligi iqtisodiyot bo‘limi yetakchi mutaxassisi vazifasidan boshladi. Do‘stmurod Astanov qayerda va qaysi vazifada ishlamasin, o‘z ishini hamisha sidqidildan, yuksak mas’uliyat bilan bajaradi. Ichki madaniyati yuqori bo‘lgan bu rahbar jamoada «kattaga hurmat, kichikka izzat» tamoyili asosida munosabat o‘rnatgan bo‘lib, hamkasblaridan o‘z yordami va maslahatini ayamaydigan oliyjanob insondir. U o‘zining bor bilim va salohiyatini, kuch-g‘ayratini jonajon tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga safarbar etib kelmoqda.
Aynan mana shunday fazilatlari va topshirilgan vazifalarni vijdonan bajarishi tufayli u tez orada rahbariyatning e’tiboriga tushdi. 2014–2021 yillar davomida tuman hokimi yordamchisi lavozimida samarali faoliyat yuritdi. Bu davr u uchun katta boshqaruv maktabi va hayotiy chiniqish davri bo‘ldi. Hokim yordamchisi sifatida tumandagi aholining muammolarini tinglash va ularga tezkor yechim topish borasida ulkan tajriba orttirdi.
Yerga mehr bergan, agrar sohaning bilimdoni bo‘lgan rahbarning tajribasi va tashkilotchilik salohiyati e’tiborga olinib, u yangi va o‘ta mas’uliyatli pog‘onaga safarbar etildi. Do‘stmurod Astanov 2021 yildan to hozirgi qadar Uchquduq tumani hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari — tuman qishloq xo‘jaligi bo‘limi boshlig‘i lavozimida ishlab kelmoqda.
Cho‘l iqlimi sharoitida dehqonchilik va chorvachilikni rivojlantirish, suv resurslaridan oqilona foydalanish oson ish emas. Biroq oilada olingan mehnat tarbiyasi va oliygohdagi bilimlar bugun o‘z samarasini bermoqda. Do‘stmurod Astanov bugun Uchquduqning har bir qarich yerini obod qilish, suvsiz sahro bag‘rida yashillik dunyosini kengaytirish va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishni ko‘paytirish yo‘lida kechayu kunduz fidokorlik ko‘rsatmoqda.
Inson uchun mas’uliyatli davlat xizmatidan tashqari, baxtli oila sohibi bo‘lish ham go‘zal bir ne’matdir. Do‘stmurod Astanovning hayot yo‘llarida unga kamarbasta bo‘lib kelayotgan turmush o‘rtog‘i Lobar Turdiqulovani kasbi o‘qituvchi bo‘lib, yosh avlodga bilim berishdek xayrli ishga umrini baxshida etgan. Bu namunali xonadonda birin-ketin dunyoga kelgan Sevinch, Sabina va Kumush ismli qizaloqlar hamda oilaning kenjatoyi, erkatoyi bo‘lmish Alinur qalblarning quvonchi va umididir.
Hozirgi kunda maktab va bog‘chada ta’lim-tarbiya olayotgan bu farzandlarning xuddi ota-onasidek el-yurt ravnaqiga munosib hissa qo‘shadigan, ma’rifatli, yetuk va barkamol avlod bo‘lib ulg‘ayishlari uchun oilada go‘zal tarbiya berilmoqda.
Afsuski, bu foniy dunyoning o‘z hukmlari bor. Yaqindagina qishloqdoshlarining yuksak hurmat-e’tiborida bo‘lgan, el ardoqlagan nuroniy O‘ralboy ota bu yorug‘ olamni tark etdi. Bu og‘ir judolik nafaqat oila a’zolari, balki butun qishloq ahli uchun katta yo‘qotish bo‘ldi.
Biroq, otaxon ortda qolgan farzandlari, nevaralari va yaqinlari qalbida o‘zining odamiylik ilmi, halollik darslari va ibratli xotirasini ulashib ketdi.
Xulosa o‘rnida aytganda, Do‘stmurod Astanovning shaxsiy va rahbarlik qiyofasida mehnatsevarlik va yuksak insoniylik fazilatlari uyg‘unlashib ketgan. U el dardi bilan yashashni, odamlar og‘irini yengil qilishni ota o‘gitidan o‘rgangan.
O‘ralboy otaning pok nomiga munosib farzand bo‘lish, zaminga chin mehr berib, uni gul-bog‘ga aylantirish yo‘lidagi bunday izchil harakatlar — Do‘stmurod Astanovning hayot va kasb yo‘lidagi eng go‘zal insoniy chizgilaridir.
UCHQUDUQ TUMAN HOKIMLIGI AXBOROT XIZMATI.
