Yoshlar kuni bayram tabrigi
2026-06-19 19:05:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari
Assalomu alaykum aziz yoshlar!
Hurmatli tadbir ishtirokchilari!
Sizlarni va sizlarning timsolingizda barcha uchquduqlik yigit-qizlarni 30 iyun – Yoshlar kuni bayrami bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman!
Uchquduq tumanining g‘ayrati baland, intiluvchan va mard o‘g‘il-qizlari ishtirokida “Yangi O‘zbekistonni yoshlar quradi!” shiori ostida o‘tkazilayotgan har bir loyiha, madaniy-ma’rifiy va sport tadbirlari sizlar uchun yetuklik hamda haqiqiy vatanparvarlik ko‘rigi bo‘lmoqda, desak to‘g‘ri bo‘ladi.
Darhaqiqat, yoshlar – har bir yurt va millatning boyligi, buyuk salohiyati hamda kuch-qudrati manbaidir. Yurtimiz aholisining 60 foizdan ko‘proq qismini 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar tashkil qiladi.
Shu bois muhtaram Prezidentimiz rahbarligida amalga oshirilayotgan yoshlarga oid davlat siyosati zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega, mamlakatning munosib kelajagi uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga ola biladigan barkamol, maqsadga intiluvchan va serg‘ayrat yoshlarni tarbiyalashga yo‘naltirilgani bilan ahamiyatlidir.
Siz yoshlar — bugunning qahramonlari, ertaning yo‘lboshchilarisiz!
Bugun barchamiz katta tarixiy yutuqlar og‘ushidaturibmiz. Birgina misol — xalqimizning azaliy orzusiushaldi va O‘zbekiston xalqi uchun tarixiy kun bo‘ldi!
O‘zbekiston milliy terma jamoasi Jahonchempionatiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi! Bu zafar— yurtimiz yoshlarining qat’iyati, mehnatkashligi vaVatanga bo‘lgan cheksiz muhabbatining yorqinko‘rinishidir.
Zero, davlatimiz rahbarining: “Yangi O‘zbekiston bunyodkori bo‘laman!”, “Uchinchi Renessans poydevorini yaratishga munosib hissa qo‘shaman!”, degan yuksak maqsadlar farzandlarimiz qalbidan chuqur joy olib, ularning hayoti va faoliyati mazmuniga aylanib borayotgani bilan har qancha faxrlansak, arziydi”, degan so‘zlari Siz yoshlarga bo‘lgan katta ishonch va umid namunasidir!.
Qadrli tumandoshlar!
Hudud yoshlari bugun nafaqat cho‘l bag‘ridagi moʻjizaviy Uchquduqning balki butun Yangi O‘zbekistonning shijoatli va maqsad sari dadil odimlayotgan iqtidorli yoshlariga aylanishmoqda.
2025-2026-o‘quv yilini katta muvaffaqiyatlar bilan yakunlamoqdalar. Umumta’lim maktablarini 447 nafar bitiruvchi tugatmoqda. Ularning 5 nafari oltin, 2nafari kumush medal bilan maktabni tamomladi.
29 nafari milliy va xalqaro sertifikatlarni qo‘lga kiritib, eng yuqori - 189 ball to‘plagan holda muddatidan avval talaba bo‘ldilar.
Aytish joizki, sport shunchaki mashg‘ulot emas, balki har bir yigit-qizning kundalik hayot tarziga aylanib ulgurdi. “Lochin” sport majmuasi, “KELAJAK” yoshlar markazi, o‘quv muassasalarida faoliyat yuritayotgan yuzlab sport seksiyalari, yashil stadionlar va mahallalarda qad rostlagan “vorkaut”maydonchalari bugun yoshlar bilan gavjum.
Bugun uchquduqlik yoshlarning sport maydonlaridagi har bir harakati, har bir shiddati zafarnomaning yangi sahifalarini ochmoqda. Sport maktabining 16 nafar iqtidorli tarbiyalanuvchisi yuqori darajadagi sport ta’limi muassasalariga qabul qilindi.
70 nafari esa O‘zbekiston milliy terma jamoalari tarkibidan joy oldi. Ularning 39 nafari asosiy, 31 nafari esa zaxira tarkibga kiritildi. 103 nafar yosh sportchimiz viloyat terma jamoasi a’zosiga aylandi.
5 nafari «Sport ustasi», 64 nafari «Sport ustaligiga nomzod» darajasini qo‘lga kiritdilar.
Iqtidorli o‘g‘il-qizlarimiz dunyo maydonlarida yurtimiz bayrog‘ini baland ko‘tarib, 11 nafari Osiyo chempionatlarida, 6 nafari Jahon kubogi musobaqalarida, 10 nafari nufuzli Xalqaro turnirlarda yuqori o‘rinlarni egalladilar.
Qizilqum sahrosining issiq-sovug‘ida toblangan bu yoshlarning nigohida faqat zafarlarga bo‘lgan chanqoqlikni ko‘rish mumkin.
Dzyudo bo‘yicha O‘zbekiston chempioni, 20-maktab o‘quvchisi Ziyoda Shomurodova Bahrayn davlatida o‘tgan musobaqada 3-o‘rinni egallagan bo‘lsa, Olmaota shahrida bo‘lib o‘tgan nufuzli «Osiyo kubogi» bahslarida 10-maktab o‘quvchisi Nozima Normurodova faxrli 3-o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Aziz yoshlar!
Bugungi kunda tumanimiz yigit-qizlarining siyosiy, ijtimoiy va madaniy jarayonlardagi faolligini oshirishda, shubhasiz, «Besh tashabbus olimpiadasi»beqiyos platforma vazifasini o‘tamoqda.
Mazkur olimpiada doirasida tashkil etilgan «Yoshlar ovozi» tanlovining viloyat bosqichida an’anaviy ijrochilik yo‘nalishida o‘z iqtidorini namoyish etgan Sevinch Eshmamatova faxrli 1-o‘ringa sazovor bo‘ldi. Ryespublika bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.
Opera yo‘nalishida viloyatda tengsiz ekanligini isbotlagan Artur Toirboyev mamlakat bosqichida faol ishtirok etdi.
«Shijoat va g‘ayrat» harbiy-sport musobaqasiningviloyat bosqichida «Navoiy» mahallasi yoshlari chinakam matonat va shijoat bilan harakat qilib, faxrli 1-o‘rinni qo‘lga kiritdilar. Viloyatimiz sharafini himoya qilish huquqiga ega bo‘ldilar.
Hurmatli tadbir ishtirokchilari!
Bugun Uchquduq yoshlari nafaqat sport maydonlari va san’at sahnalarida zafar quchmoqdalar, balki tadbirkorlik sohasiga ham dadil kirib kelmoqdalar.
Vazirlar Mahkamasining 426-sonli qarori asosida hayotga tadbiq etilayotgan «Ko‘mak» loyihasi olis va chekka hududlarda zamonaviy chet tillarini o‘qitishga ixtisoslashtirilgan o‘quv markazlarini tashkil etishda turtki bo‘lmoqda.
«Abay» mahallasining 3 nafar tashabbuskor yoshlari tomonidan 3 ta zamonaviy o‘quv markazitashkil etildi. Ularning har biriga 130 mln. so‘mdan jami 390 mln. so‘m miqdorida ssuda mablag‘lariajratilib berildi.
Hozirda mazkur o‘quv markazlarida yuzlab uchquduqlik yigit-qizlar chet tillarini puxta o‘zlashtirmoqdalar.
Aziz yoshlar!
Yurtboshimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev ta’kidlagan-laridek: “Sizlar tom ma’noda yurtimiz istiqboli, yorug‘ kelajagimiz bunyodkorisiz! Mashhur shoirimiz Erkin Vohidov aytanidek, yoshlikdagi kuch-g‘ayratni el-yurtiga baxsh etgan yigit-qizdan Vatan ham, xalq ham, yoshlikning o‘zi ham rozi bo‘ladi”!.
Barchangizga ana shunday ulkan baxt va sharaf nasib etsin! Ishonamanki, Sizday shijoatli, g‘ayratli, vatanparvar yoshlarimiz bor ekan, yukimiz hech qachon yerda qolmaydi.
Ko‘zlagan yuksak marralarimizni dadillik bilan zabt etaveramiz!
Sizlarni yana bir bor bugungi bayram - yoshlik, shijoat, kuch-qudrat va matonat ayyomi bilan chin qalbimdan muborakbod etaman!
O‘qish va ishlaringizda, oilaviy hayotingizda ulkan muvaffaqiyatlar tilayman!
Parvozingiz, intilishlaringiz bundan-da, sarbaland bo‘lsin!
Yurtimiz tinch, mustaqilligimiz abadiy, ezgu niyatlarimiz ijobat bo‘lsin.
E’tiboringiz uchun raxmat!
